BAA IIV rahbari Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Birlashgan Arab Amirliklari bosh vazir o‘rinbosari, IIV rahbari Sayf bin Zaid 13 sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni Samarqand aeroportida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatov qarshi oldi. Bu yerda u O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
An-Nahayan dunyoning eng badavlat kishilari qatoriga kiradi, uning boyligi Forbes jurnali ma'lumotiga ko‘ra, 15 milliard dollarga baholangan.
Bundan tashqari An-Nahayan Abu Dhabi Investment Authority investitsiya fondini ham boshqaradi.
O‘zbekistonda yangi qonun kuchga kirdi
O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 14 sentabr kuni «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonunga imzo chekdi. Ushbu qonun loyihasi 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 24 avgust kuni Senat tomonidan ma'qullangan edi. Qonun haqidagi hujjat 15 sentabr kuni «Narodnoye slovo» va «Xalq so‘zi» gazetalarida chop etildi va shu kundan boshlab kuchga kirdi.
Bu Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasi prezidenti v.b. sifatida imzolagan birinchi qonun hujjati bo‘ldi.
Yoshlarga oid Davlat siyosati tushunchasi yoshlarni har tomonlama mukammal etib voyaga yetkazishda ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va qonuniy chora-tadbirlar tizimini nazarda tutadi.
Qonunda yosh fuqarolar tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, xususan, yosh oila, yosh mutaxassis va yosh tadbirkor aynan yoshlar qatoriga kirishi qayd etilgan.
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsipi ochiqlik va shaffoflik, yoshlarga oid davlat siyosatida yoshlar ishtirokini ta'minlash, yoshlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hisoblanadi.
Qonunda yoshlar ijtimoiy muhofazasi, ularning huquq va erkinliklari hamda iqtidorli va iste'dodli yoshlarni, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va muhofaza qilish masalalari belgilab qo‘yilgan.
Qonun 4ta bob, 33 moddadan iborat.
Qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash;
- Yoshlarning hayoti va salomatligini saqlash;
- Yoshlarning ma'naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy, jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
- Yoshlar uchun ochiq va sifatli ta'limni ta'minlash;
- Yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish ;
- Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta'sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat'iy ishonch va qarashlarga ega etib tarbiyalash;
- Yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
- Yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
- Iqtidorli va iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlashtirish;
- Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish;
- Yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- Yosh oilalarni ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
- Yoshlar huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Shuningdek, hujjatda yoshlarni va yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida yoshlar ijtimoiy xizmati tashkil etilishi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston bosh prokurorining yangi o‘rinbosari tayinlandi
O‘zbekiston Prezidenti majburiyatlarini bajarayotgan Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabrda O‘zbekiston bosh prokurorining yangi o‘rinbosarini tayinladi.
Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, bu lavozimga Murotjon Azimov tayinlandi.
Bungacha Azimov Buxoro viloyati prokuraturasini boshqarib kelgan.
Bundan oldinroq, O‘ktamjon Saidov besh yil muddatga Surxondaryo viloyati prokurori etib tayinlangani haqida xabar qilingandi. Surxondaryoning sobiq prokurori Botir Qudratxo‘jayev avgust oyida Toshkent shahri prokurori etib tayinlangan.
O‘zbekistonda 1 oktyabrdan elektr energiya narxi oshadi
Yoqilg‘i energiya boyliklarining tannarxi oshishi munosabati bilan «O‘zbekenergo» AJ 2016 yil 1 oktyabrdan boshlab elektr energiya narxlari oshishini ma'lum qiladi.
Quyida elektr energiya narxlari reyestri keltirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan 2016 yil 13 sentyabrdagi 19-03-22-06-O‘zR-55-2016 sonli reyestr
1. Ushbu tariflar QQS bilan o‘rnatilgan.
2. Ushbu reyestr kuchga kirishi bilan 2015 yil 16 martdan amal qilgan 19-03-22-06-O‘zR-6-2016 sonli reyestr o‘z kuchini yo‘qotadi.
1 oktyabrdan issiq va sovuq suv narxlari oshadi
1 oktyabrdan O‘zbekiston poytaxti aholisi va tashkilotlar uchun markaziy isitish hamda issiq suv ta'minoti tarifi oshadi. Bu haqda «Toshissiqquvvati» korxonasi ma'lumoti asosida «Toshkent oqshomi» va «Vecherniy Tashkent»gazetalarida e'lon qilingan .
Tariflar oshishi yoqilg‘i va materiallarning qimmatlashuvi bilan bog‘liq hisoblanadi.
Issiq suv va isitish tizimi
Issiq suv ta'minotining yangi tarifi aholi uchun hisob uskunasi bo‘lgan taqdirda kubometriga 3736,92 so‘mni (amaldagi tarif — 3459,9 so‘m, — 8%), hisoblagich o‘rnatilmagan taqdirda kishi boshiga oyiga 14593,56 so‘mni (amaldagi tarif — 13511,73 so‘m) tashkil qiladi. Umumiy dushxonaga ega yotoqxonalarda narx kishi boshiga 10856,2 so‘mga yetadi (amaldagi narx — 10051,42 so‘m). Markaziy isitish tizimi uchun to‘lov narxi kvadrat metrga 1169,7 so‘mdan 1263,35 so‘mga ko‘tariladi.
Sovuq suv
«Suvsoz» davlat unitar korxonasi xabar qilishicha, 1 oktyabrdan Toshkent aholisi uchun suv ta'minoti xizmati yangi tariflar bo‘yicha hisoblanadi.
Markazlashgan issiq suv ta'minoti tizimiga ega ko‘p qavatli xonadonlar uchun yangi tarif (issiq suv hisoblagichi mavjud bo‘lmagan holatlarda) 1 kubometr uchun 410 so‘m (hozir 390 so‘m), issiq suv ta'minoti markazlashmagan xonadonlar uchun 295 so‘m (hozir 280 so‘m) deb belgilandi.
Xususiy uylarda esa kanalizatsiya xizmatini qo‘shganda har bir kubometr uchun 295 so‘mni (hozir 280 so‘m), kanalizatsiyasiz 180 so‘mni (hozir 170 so‘m) tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, issiq va sovuq suv uchun to‘lov hisoblagichi bo‘lmagan aholiga issiq va sovuq suv ta'minoti uchun belgilangan tariflarga 1,5 koeffitsiyentini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
Bundan oldin oxirgi marta tariflar shu yilning 1 aprelida 9 foizga oshgandi.
O‘zbekistonda tabiiy gazga to‘lov narxi oshadi
«O‘ztransgaz» aksionerlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016 yil 13 sentyabrdagi №19-03-22-06-o‘zr-57-2016-sonli narxlarni ro‘yxatga olish reyestriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ulgurji iste'molchilariga (shu jumladan issiqlik ta'minoti korxonalariga) yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi 2016 yil 1 oktyabrdan QQS hisobga olingan holda 1000 kub metri uchun 246 100 so‘m qilib belgilandi.
Aholi uchun tabiiy gaz uchun yangi narxlar quyidagicha belgilandi:
1. Gaz hisoblagichlari bo‘lgan aholi uchun gaz narxi, – 1 m3 246,12 so‘m |
2. Gaz hisoblagichlari bo‘lmagan aholi uchun gaz narxi, |
3. Isitish uchun gaz narxi, 1 m3 – 197,37 so‘m |
XV yozgi Paralimpiya o‘yinlari. O‘zbekiston delegatsiyasi medallari soni 30taga yetdi
14 sentabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tayotgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining 7 kuni O‘zbekiston vakillari o‘zlarining 30chi medallarini qo‘lga kiritishdi.
Shu kuni musobaqalarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilardan Svechnikov Aleksandr yengil atletikaning nayza otish sport turida ishtirok etib, 65 metr 69 sm masofa natijasi bilan Paralimpiya o‘yinlarining oltin medalini oldi. U shu bilan birgalikda Paralimpiya rekordini yangiladi.
Yengil atletikaning ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish musobaqasida ishtirok etgan Sofiya Burxanova 15 m 5 sm masofani qayd etib, musobaqaning kumush medalini, 50 metrga erkin suzish bo‘yicha Odilova Muslima kumush, shu masofaga suzish bo‘yicha Toshpo‘latova Shohsanamxon bronza, erkaklar o‘rtasida 50 metrga erkin suzish bo‘ymcha Tursunxo‘jayev Muzaffar bronza, yengil atletikaning yadro uloqtirish musobaqasida Husniddin Norbekov bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Natijada, O‘zbekiston delegatsiyasi 7ta oltin, 5ta kumush va 17ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 12-o‘rinni egallab turibdi.
Medallar bo‘yicha jadvalni Xitoy boshqarmoqda — 75ta oltin, 58ta kumush va 39ta bronza. Jami — 172ta medal. Keyingi o‘rinlarni Buyuk Britaniya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari band etgan.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasi XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 5 sport turida 32 sportchi bilan ishtirok etmoqda.
XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida eng ko‘p sportchilar bilan ishtirok etayotgan davlatlar: Xitoy (17ta sport turi, 327 nafar sportchi), Braziliya (22ta sport turi, 310 nafar sportchi), AQSh (20ta sport turi, 288 nafar sportchi), Buyuk Britaniya (20ta sport turi, 260 nafar sportchi), Avstraliya (16ta sport turi, 175 nafar sportchi), Ukraina (15ta sport turi, 171 nafar sportchi), Argentina (15ta sport turi, 162 nafar sportchi), Kanada (19ta sport turi, 159 nafar sportchi), Germaniya (17 sport turi, 158 nafar sportchi), Yaponiya (17 sport 144 nafar sportchi), Eron (12 sport turi, 112 nafar sporchi), Italiya (14 sport turi, 103 sportchi).
«Afrosiyob» tezyurar poyezdi Toshkent-Buxoro yo‘nalishida doimiy qatnovni boshladi
«Afrosiyob» elektr poyezdi bugun, 15 sentabr kunidan Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida qatnovlarni amalga oshira boshladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AK axborot xizmati xabar berdi.
«Yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy «Afrosiyob» elektr poyezdi «yurtimiz aholisi va mehmonlarining temir yo‘llardan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, ularga safar davomida yuqori darajadagi zamonaviy sharoitlarni yaratish va sifatli servis xizmatlarini ko‘rsatish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida 2016 yilning 15 sentyabridan boshlab Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi №762/761-sonli Afrosiyob elektro poyezdi yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qiladi», deyilgan xabarda.
Poyezd Toshkentdan soat 08:00da yo‘lga chiqib, soat 11:47da Buxoroga yetib boradi. Buxorodan esa soat 15:21da jo‘nab, Toshkentga soat 19:10da keladi. Reyslar har kuni amalga oshiriladi.
Bu yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston prezidentining 2015 yil 26 martidagi qarori asosida amalga oshirildi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AK 16 oy davomida Samarqanddan Buxorogacha bo‘lgan 259 km masofadagi yo‘lni elektrlashtirdi. Bu loyihaga 400 mln dollar sarflandi. Loyiha doirasida 16,2 million kubmetr tuproq ishlari, shuningdek, 146 kilometrlik «Maroqand–Navoiy» uchastkasida yer ko‘tarma ishlari bajarilib, yangi temir yo‘l to‘liq yotqizildi.
Poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan 600 kilometrlik masofani ilgarigidek 7—8 soatda emas, 3 soatu 20 daqiqada bosib o‘tish imkoniyatiga ega.
Hududda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, mamlakatda bunday poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘llar uzunligi 700 kilometrdan ortdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!