Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy banki boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgandi.
Mazkur hujjat loyihasi bo‘yicha Savdo-sanoat palatasi tomonidan jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan. Ekspertiza o‘tkazish jarayoniga 2018-yil 9-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi 483-sonli qonunining (yangi tahriri) 22-moddasi asos qilib olingan.
Ekspertiza davomida loyihaning tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jihatlari aniqlangan va quyidagicha tavsiyalar berilgan.
1. Loyihada Soliq kodeksining 134-moddasida ko‘ra, banklar tomonidan soliq organlariga bank mijozlariga oid ma’lumotlar, shu jumladan, ularning hisobvaraqlari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi axborotlarni taqdim etish tartibi belgilangan. Lekin taklif etilayotgan tartib “Bank siri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuni talablari va Soliq kodeksining 134-moddasi talablariga mos kelmaydi.
Masalan, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasiga ko‘ra, “Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi”, deb belgilangan. Demak, qonunda bank siriga oid ma’lumotlarni taqdim etishning aniq maqsadi belgilangan. Shu bois, nizomda mazkur talabga qat’iyan rioya etgan holda, faqatgina soliq solish masalalariga taalluqli hollarda ma’lumotlarni so‘rab olish mumkin.
Shu bilan birga, Soliq kodeksining 134-moddasi 3-qismida bank mijoziga nisbatan axborot faqat yozma so‘rovnoma asosida taqdim etishi belgilangan.
Loyihada esa mazkur talab e’tiborga olinmagan, chunki tadbirkorlik subyektlariga oid tegishli ma’lumotlarni doimiy ravishda va so‘rovnomasiz berib borilishi nazarda tutilmoqda. So‘rovnoma asosida ma’lumotlarni olish, birinchi navbatda, zaruriyat mavjudligini nazarda tutadi, ikkinchidan, banklar tomonidan biror-bir so‘rovnomasiz, ya’ni zaruriyatsiz, barcha ma’lumotlarni taqdim etishga oid noqonuniy qoidani inkor etadi.
Shuningdek, mazkur nizom loyihasini ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy davlatlar iqtisodiyoti rivojlangan Yevropa davlatlari, shuningdek, Janubiy Korea, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganilmagan, Palata tomonidan takror-takror so‘ralgandan so‘ng, ayrim davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston va Belarus) tajribasi taqdim etilgan.
Mazkur davlatlar tajribasida ham (Qozog‘iston) bank siri hisoblanadigan tadbirkorlik subyektlari haqidagi tegishli ma’lumotlarni doimiy ravishda berib borilishi nazarda tutilmagan bo‘lib, faqatgina soliq organlaring so‘roviga asosan ma’lum bir ma’lumotni taqdim etilishi belgilangan.
Bayon etilganlarni e’tiborga olib, nizom loyihasini Soliq kodeksining 134-moddasiga va “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun talablariga hamda iqtisodiyoti rivojlangan ilg‘or davlatlarning tajribasini chuqur o‘rgangan holda qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi. Mazkur talablarga qat’iyan rioya etilishi chet el investorlarning va mahalliy tadbirkorlarning O‘zbekiston banklariga ishonchini mustahkamlash va nufuzini oshirishga xizmat qilishini e’tiborga olish zarur.
2. Loyiha 1-ilovasining 3-bandi 4-xatboshisida: “Bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgun pul mablag‘lari aylanmasi 30 million so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10 tadan oshgan R2R operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning uchinchi ish kunidan kechiktirmagan holda milliy va chet el valyutasida 6 va 6a-ilovalarga muvofiq”, deb ko‘rsatilgan. Biroq mazkur talab Soliq kodeksida ko‘rsatilmagan, ya’ni bu qoida huquqiy asosga ega emas. Shu bois, 1-ilovaning 3-bandi 4-xatboshisini loyihadan chiqarib tashlash lozim.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!