Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik, shuningdek, erkin blogger va jurnalistlarning eʼtiborini Viktor Mirzayevning “Fritreyderlar” “proteksionistlarga” qarshi” maqolasi tortdi. Taʼkidlash joiz, mazkur maqola muhokamalar markaziga aylanib ulgurdi. Ushbu sohadagi mutaxassislar hamda OAV vakillari oʻrtasida qizgʻin fikrlar bildirmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur maqola fikrlar jangini yuzaga keltirdi. Ushbu materialga mustaqil ekspert Yuliy Yusupov ham oʻz munosabatini bildirib oʻtgan.
Mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishida “erkin bozor” tamoyili muhimmi yoki “proteksionizm” siyosati?
Maqolani toʻliqligicha eʼtiboringizga havola etamiz.
Hozirda ushbu masala Oʻzbekiston mediamakonida eng qizgʻin va qaynoq mavzuga aylanib qoldi. Agarda baʼzilar “fritreyd” iborasidan ozmi-koʻpmi xabardor boʻlsa, “proteksionizm” tushunchasi esa hali koʻplar uchun notanish. Proteksionizm oʻzi nima va bugungi Oʻzbekiston uchun uning dolzarbligi nimadan iborat? Keling, bu masalani batafsilroq koʻrib chiqamiz.
Tarixdan saboqlar
Tarixga nazar solsak, bemalol anglashimiz mumkinki, proteksionizm (fransuzcha “protectionnisme”, lotincha protection — himoya, homiylik) insoniyat rivojlanish tarixida hamisha uchrab turadi. Oʻz ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish siyosati oʻz zamonida bir qator davlatlarga jahonda yirik iqtisodiy pozitsiyani egallashga va keyinchalik buyuk davlatga aylanishga yordam berdi. Masalan, Buyuk Britaniyaning 19-asrda butunjahon hukmronligi proteksionistik siyosati bilan birga uning iqtisodiy tarraqiyotiga olib keldi. Oʻsha davrda “umumjahon ustaxonasi” nomi bilan mashhur boʻlgan mazkur davlatning ulushi dunyodagi umumiy ishlab chiqarish hajmida yarmidan koʻpini tashkil etgan edi. AQShda esa proteksionistik siyosat 19-asrning oʻrtalaridan boshlab to 20-asrning oʻrtalarigacha davom etdi.
Oʻsha davr ichida AQSh oʻz ishlab chiqarish quvvatlarini bora-bora oʻstirib, keyinchalik ishlab chiqarish hajmi boʻyicha dunyodagi mamlakatlar orasida birinchi oʻrinni egalladi. 19-asrda AQSh umumjahonga teng 17 foiz ishlab chiqarish ulushi bilan Buyuk Britaniyadan keyin ikkinchi oʻrinni egallab turgan boʻlsa-da, asrning oxirigacha ushbu koʻrsatkich 30 foizga koʻtarildi. Bunga oʻxshash koʻrinishni Rossiya imperiyasida 19-asrning oxirlari 20-asrning boshlarida kuzatish ham mumkin. Aynan oʻsha davrda Rossiya eng yuqori iqtisodiy oʻsishni koʻrsatgan edi. 1887 - 1913-yillarda ishlab chiqarish hajmi 4,6 barobarga oʻsdi va mazkur davlat jahondagi 5-6-oʻringa chiqdi.
Yaqin oʻtmishdagi misollarni ham keltirishimiz mumkin. Proteksionistik siyosat koʻplab kichikroq davlatlarga ham jahon bozorida oʻz oʻrnini topishga yordam berdi. Eng yorqin misol — Koreya Respublikasi, qachondir dunyodagi eng kambagʻal davlatlar qatoriga kirgan, hozirda esa ilgʻor texnologik mamlakatga aylandi va Yaponiya, Germaniya bilan bemalol bahslasha oladigan boʻldi. Yetarli xomashyo manbasi mavjud emasligi sababli, Janubiy Koreya korxonalari asosiy eʼtiborini ishlab chiqarishda ilgʻor texnologiyalarni joriy qilishga qaratgan edi. Aynan davlat koʻmagi asosida oʻz paytida kichkina boʻlgan korxonalar keyinchalik mashhur “cheboli” — yirik xalqaro biznes-konglomeratlarga va oʻz sohasida yetakchi korxonalarga aylangan. Ularning qatorida jahonga mashhur brendlar ham kiradi: Samsung, LG, Hyundai, Daewoo va boshqalar.
Turkiya misolini ham keltirishimiz mumkin. Mazkur davlat tekstil sohasida dunyoda peshqadamlik qilayotganlardan biri: yuqori sifati va qulay narx-navosi bilan mashhur boʻlgan turk mahsulotlari jahon bozorida munosib oʻrinni egalladi. Eksportning umumiy hajmida tayyor mahsulotning ulushi juda katta, ayniqsa paxta ipidan qilingan buyumlarning ulushi 80 foizgacha yetadi. Asosan yengil sanoat Turkiyaga iqtisodiy jihatdan yetakchilik qilishga yordam berdi. Oʻz faoliyatini toʻqimachilik sohasida boshlangan turk korxonalari hozirgi kunda yirik biznes-korxonalarga aylangan. Ular qatorida “Chalik xolding” (Çalık Holding), “Sabanchi xolding” (Sabanci Holding), “Chak grupp” (Çak Group) va boshqalarni keltirish mumkin.
MDH davlatlari orasida Belarus muvaffaqiyatli ravishda proteksionistik siyosatini olib bormoqda. Mazkur davlat nafaqat anʼanaviy sanoat yoʻnalishlarni saqlab qoldi, balki yangi sohalarga ham egalik qildi. Bugungi kunda dunyodagi mashhur belarus traktorlari bilan bir qatorda ushbu Sharqiy Yevropa mamlakati IT-ishlanmalarni — oʻzining Yuqori texnologiyalar parki rezidentlarining mahsulotlarini ham eksport qiladi.
Proteksionizm oʻzi nima?
Jamiyatda proteksionizm masalasi koʻtarilganda, doimo uning salbiy tomonlari koʻrsatilishi va muhokama qilinishi koʻzga tashlanadi. Bunday stereotipga xos, bir yoqlama koʻrinishi bizning yaqin oʻtmishimizdan kelib chiqadi: XX asrning 60-yillarigacha Sobiq Ittifoq yaxshi iqtisodiy koʻrsatkichlarni namoyon etgan, ammo oʻz vaqtida iqtisodiyotni bir holatdan boshqa holatga — “hajmidan sifatga” aylantira ololmagan. Sobiq Ittifoq tomonidan oʻtkazilayotgan izolyatsion, avtarkiya siyosati ham jahon yirik davlatlarining iqtisodiy daʼvolariga qarshi majburiy meʼyor boʻlgan edi.
Bizga esa “erkin bozor” oʻzi nima berishi mumkin? Fritreyd tarafdorlarining (inglizcha “free trade” — “erkin bozor”) fikricha, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy kompaniyalar orasida halol raqobat boʻlishiga poydevor yaratadi. Ularning aytishlaricha, aynan bozor sharoitida har bitta ishtirokchining haqiqiy iqtisodiy kuch-quvvati va mahsulotining afzalligi aniqlanadi. Ammo bunday yondashuv juda ham sodda desak boʻladi. Hammaga maʼlumki, sof bozorga teng iqtisodiy munosabatlar va hamma ishtirokchilar uchun teng sharoitlar mutlaqo mavjud boʻlmaydi. Bu faqatgina afsona, amalga oshmaydigan hayoliy orzu xolos. Bunday harakatlar iqtisodiy jihatdan eng salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Koʻpgina mahalliy ishlab chiqaruvchilar hali narx-navo va sifat jihatidan horijiy kompaniyalarga teng kelolmaydi. Natijada esa chet ellik biznesmenlar Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarini bosib, surib chiqaradi va oʻz mahsuloti bilan bozorda ustunlik qiladi. Va bunday holatda isteʼmolchilar adolatli teng huquqlarga ham ega boʻlmaydi. Sifatli tovar doimo qimmat turadi va koʻp fuqarolar uchun uni sotib olishga imkoniyat boʻlmaydi. Asosan bozorni Xitoyda va boshqa qoʻshni davlatlarda ishlab chiqarilgan arzon va sifati past tovarlar egallaydi.
MDHga aʼzolik qilayotgan bir qator davlatlarda bunday salbiy holat yuzaga keldi. Ular uchun “erkin bozor” iqtisodiy moʻjizaga emas, inqirozga olib keldi. Masalan, Rossiyada Ye.Gaydar boshchiligida olib borilgan va yirik biznes vakillari tomonidan lobbi qilingan “iqtisodchi-islohotchilar” siyosati transmilliy kompaniyalar tomonidan keng ekspansiyaga yoʻl ochib berdi. Rossiyalik ishlab chiqaruvchilar chetda qolib, ularning oʻrnini xorijiy kompaniyalar egallab oldi. Natijasi hammaga maʼlum: xalqaro maydonda siyosiy munosabatlari bir qator davlatlar bilan yomonlashgani sababli Rossiyaga turli iqtisodiy va savdo sanksiyalari orqali tazyiq oʻtkazilishi boshlandi. Rossiya jahondagi tabiiy resurslari eng katta boyliklariga va ulkan ishlab chiqarish kuch-kuvvatiga egalik qilishidan qatʼiy nazar, sanksiyalarning salbiy oqibatlari haligacha kuchli taʼsir koʻrsatmoqda.
Bunga oʻxshash muammolar bilan ham MDHning boshqa davlatlar ham toʻqnashdi. Masalan, Jahon savdo tashkilotiga va Bojxona Ittifoqiga aʼzolik qilayotgan Qirgʻiziston xorijiy biznesga nisbatan mutlaqo ojiz va himoyasiz boʻlib qoldi. Bugun Qirgʻiziston bozorini batamom chet ellik, asosan qoʻshni Xitoydan tovarlar bosib, egallab qoʻydi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar “Osmon osti mamlakati” biznesmenlariga qarshi raqobat koʻrsata ololmayapti va oʻz korxonlarini yopishga majbur boʻlyapti. Gruziya esa “oʻz eshiklarini dunyoga ochganidan keyin” koʻpgina ishlab chiqarish maydonlarini ham yoʻqotib qoʻydi. Oʻz imidjini turizm bilan bogʻlab, natijada Gruziya iqtisodiy oʻsishda yaxshi koʻrsatkichlarni koʻrsatdi. Ammo Rossiya bilan kundan-kunga yomonlashib ketayotgan siyosiy munosabatlari ushbu mamlakatga sayyohlar oqimi keskin pasayishiga olib keldi va Gruziyaning butun turistik infratuzilmasi inqirozga uchradi.
Ikkinchi “erkin bozor” tarafdorlari tomonidan tayanch qilinadigan dalil esa populizmga juda yaqin: bizning fuqarolarimizga sifatli mahsulotlarni xarid qilishga, xorijiy kompaniyalar uchun mahalliy bozorga kirishga imkon yaratib bering. Qanchalik koʻp tovar boʻlsa, narxi shunchalik pasayadi. Unda chet eldagi tovar defitsitga aylanmaydi va katta hajmi hisobidan ularning hammabopligi oshadi. Ammo bu tezis ham oʻzini oqlamaydi. Har bilarmon iqtisodchi eʼtiroz qilib boʻlmaydigan va oʻz davrida eng mashhur nazariyachi — zamonaviy iqtisod fanining asoschisi Adam Smit tomonidan eʼlon qilingan iqtisodiy shubhani keltirishi mumkin: har bir davlatning haqiqiy, real boyligi savdo-sotiq sohasida emas, ishlab chiqarish sohasida yaratiladi. Boshqacha qilib aytganda, siz qaysi mablagʻga tovar xarid qilasiz, agar ularning asosiy manbai boʻlmasa, yaʼni tadbirkorlar tomonidan davlat gʻaznasiga tushumlar kelmasa?
Bundan kelib chiqib, “iqtisodiy teng huquqlik” va “iqtisodiy serobgarchilik” uchun biz nafaqat strategik sanoatni, yetarli darajada himoyalanmagan kichik va oʻrta biznesni — asosan xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqaradigan va halqni ish bilan taʼminlab beradigan tadbirkorlar sinfini ham yoʻqotishimiz mumkin. Natijada biz noxush vaziyatga kelishimiz mumkin: oddiy banan respublikaga, yirik transmilliy ishtirokchilarni homashyo bilan taʼminlaydigan davlatga aylanib qolamiz.
Vahimaning koʻzi katta
Proteksionizm siyosati har doim zarar keltirmaydi, baʼzi holatlarda esa xorijiy iqtisodiy agentlarga qarshi tanlangan eng toʻgʻri yoʻl. Oʻrinli va mulohazali proteksionistik siyosati nimaga olib keladi?
Birinchidan, bunday siyosat mahalliy sanoat sohasiga koʻmak beradi. Ularning qatoriga strategik sohalar, jumladan, neft va gaz qazib olish va ishlab chiqarish, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari ham kiradi. Yuqori texnologik sohalar, jumladan, axborot texnologiyalari, injeneriya, avtomobilsozlik, tibbiyot sohalari hamda milliy anʼanaviy kasb va hunarmandchiliklari ham kuchli davlat koʻmagiga muhtoj. Mahalliy ishlab chiqarishning yaratilishi, oʻz navbatida, yordamchi, qoʻshimcha sanoatlarni paydo boʻlishiga olib keladi. Masalan, UzDaewoo zavodi ochilishi Oʻzbekistonda qismlar va aksessuarlarni ishlab chiqarishni rivojlanishiga turtki berdi va hozirgi kunda bir qator mahalliy kompaniyalar oʻz qismlari bilan rossiyalik AvtoVAZ zavodini — bizning asosiy raqobatchimizni ham taʼminlab beradi.
Importni bosuvchi tovarlarning ishlab chiqarilishi, oʻz navbatida, ularni aholi uchun hammabopligini oshiradi va mahalliy biznesning raqobatbardoshligini oshiradi. Bundan tashqari, bizda ularni ishlab chiqarish uchun yetarli sharoit bor. Masalan, biz uzoq vaqt ichida xorijdan kelgan sharbat, kompot va murabbolarni xarid qilardik. Hozirda biz oʻzimiz ushbu mahsulotni yetishtiramiz, ishlab chiqaramiz va chet elga sotamiz. Xorijiy mahsulot sifatiga teng bo‘lgan va arzonroq narxda sotilayotgan mahalliy sut va qandolatchilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj aholi oʻrtasida ham juda yuqori. Yana bir yorqin misol — maishiy kimiyo vositalari. Bugungi kunda doʻkonlarda xorijiy tovarlar bilan bir qatorda keng assortimentdagi mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqaradigan sovun, tozalash va yuvish vositalarni ham koʻrishingiz mumkin. “Made in Uzbekistan” brend nomi ostida ishlab chiqaradigan mahsulot nafaqat mahalliy, xorijiy bozorda ham munosib oʻrnini egalladi va oʻz xaridorini topdi.
Ikkinchidan, sanoatning oʻsishi aholini ish bilan taʼminlash masalasini samaraliroq hal qilishga yordam beradi. Modomiki ushbu soha uchun savdo sohasiga nisbatan anchagina koʻproq odam resurslar talab qilinadi. Ishlab chiqarish tarmogʻi yangilash va innovatsiyasiz boʻlmaydi, shuning uchun jismoniy mehnat ishchilar bilan bir qatorda intellektual mehnat qilayotgan ishchilar — injener, loyihachi, texnolog va boshqa xizmatchilar soni ham koʻpayib boraveradi.
Oʻzbekiston uchun bu oʻta jiddiy masaladir. Demografik koʻrsatkichlarga koʻra, bizning mamlakatimiz 33 million aholisi bilan MDHda uchinchi oʻrinni egallaydi va mehnatga loyiq aholining soni 50-60 foizga yetadi. BMT bashoratiga koʻra, 2050-yilda Oʻzbekiston aholisi 41 millionni tashkil etadi, poytaxtning aholisi esa 2030-yilga yaqin 12 milliongacha oʻsadi. Shuning uchun aholini mehnat va ijtimoiy jihatdan taʼminlash yaqin oradagi eng muhim va dolzarb masaladir. Va bu yerda mehnat resurslarning nafaqat koʻpayishiga, sifatli oʻsishiga ham alohida urgʻu berish kerak.
Uchinchidan, ishlab chiqarish sohasi asosiy soliq toʻlovchi boʻlgani sababli davlat byudjeti uchun mazkur soha asosiy daromad manbaidir. Shunday qilib, mablagʻ ham davlat ichida aylanadi va xorijga chiqib ketmaydi. Bundan tashqari, tovarlar eksporti nafaqat davlat gʻaznasini toʻldiradi, davlatning tashqi toʻlov balansi hisobotini ham yaxshilaydi.
Xulosa oʻrnida
Bugun jamiyatda kuchli stereotip saqlanib kelyapti: fritreyd yaxshillika, proteksionizm esa yomonlikka olib keladi. Ammo real, haqiqiy hayot shundan iboratki, hamisha “erkin bozor” iqtisodiy erkinligini va halol raqobatni taʼminlab bermaydi, proteksionizm esa faqatgina mahsulotlarning past sifatiga va assortiment ozligiga olib kelmaydi. Har bir mamlakat ayrim ishtirokchilar barqarorligi uchun emas, milliy ustuvorlik va manfaatlarga tayanch qilib oʻz iqtisodiy siyosatini amalga oshiradi. Va birinchi navbatdagi eng muhim vazifa — real boyliklarni yaratadigan va mamlakatning iqtisodiy rivojiga muhim hissa qoʻshayotgan mahalliy tadbirkorlarni himoya qilish. Shu maʼnoda proteksionizm siyosati toʻgʻri va mulohazali yoʻl desak ham boʻladi. Oʻz vaqtida buyuk olimshunos va ensiklopedist hamda iqtisodiyotga moyillik sezgan Dmitriy Ivanovich Mendeleyev oʻrinli aytgan edi: “Fritreyd sanoatning yoshligi boʻlsada, proteksionizm uning yetuk andishasidir”.
Viktor Mirzayev
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!