Karantinda o‘tirib, uydagi gullaringizga ko‘proq e’tibor beryapsizmi? Kundalik ishlar bilan bo‘lib ayrim ayollarga gullar parvarishi uchun hatto vaqt ham yetmay qoladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim xona gullari uyingizni bezabgina qolmay, inson organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Atmosferani yaxshilab, o‘z sohibasiga ko‘rk va tarovat bag‘ishlash xususiyatiga ega. Bekorga ayollarga nisbatan guldek ochilib yuring, deyishmaydi-da! Mana shunday xususiyatga ega gullar haqida quyida tanishtiramiz...

Anturium
Bu o‘simlikning yana “erkak baxti”, degan ikkinchi nomi ham bor. Ushbu gulning yaproqlari uzun-uzun, to‘q-yashil rangda. O‘simlik oltinrang, qizil yoki sabzirang chiroyli gullar ochadi va uzoq vaqt gullab turadi. Aytishlaricha, anturium insonning ko‘nglini tinchlantirish xususiyatiga ega ekan. Uni parvarishlay turib salbiy o‘y-xayollardan qisqa muddatga bo‘lsa ham uzoqlashasiz va o‘zingizni xotirjam his etasiz.

Spatifillum
Uning to‘q yashil rangdagi katta barglari insonni rom etib qo‘yadi. Poyasining uzunligi 25 sm.ni tashkil qiladi va to‘g‘ri parvarishlansa gullab ko‘zingizni bir yil davomida quvontirib turadi.
Ayolga ushbu o‘simlikni tortiq qilish unga baxt tilash bilan barobar. To‘g‘ri parvarishlangan spatifillum o‘z sohibasiga quvonch keltirib, oilaviy munosabatlarni yana-da mustahkamlashga yordam beradi.

Mirt
Mirt juda tez o‘sib ketuvchi o‘simlik turi hisoblanadi (ba’zida uning bo‘yi 2-3 metrdan ortib ketishi ham mumkin). O‘simlik yozning o‘rtalarida gullaydi. Gullari o‘ziga xos yoqimli tarovatga ega oqqish rangda bo‘lib, qishda qo‘ng‘ir tusli mevalar beradi. Qadimda mirt muhabbat ramzi, oilaviy munosabatlarning himoyachisi sifatida qadrlangan. O‘simlikning nozik shoxchalari kelinchak guldastasiga qo‘shilgan. Bu ayolga muhabbat va sadoqat tilash ramzi sifatida talqin qilingan.

Aixrizon
Aixrizon doim yam-yashil bo‘lib turuvchi o‘simlikdir. To‘g‘ri yerga qo‘yilgan va to‘g‘ri parvarishlangan o‘simlik yurak shakliga o‘xshash barglar chiqarish xususiyatiga ega. Aixrizonning guldor poyasi 10-20 sm.gacha o‘sadi. Gullash vaqtida qizg‘ish yoki qaymoqrang gullar chiqaradi.
Aixrizonni sevgi ramzi sifatida yosh kelin-kuyovlarga hadya qilish mumkin.

Gibiskus yoki xitoy atirguli
Ushbu o‘simlikning bir nechta turlari mavjud. O‘simlik barglari yashil tusda bo‘lib, poyasi 3-5 metrgacha o‘sib ketadi. Gullash vaqtida poya kulrang, oqqish tusli nozik gullar bilan qoplanadi.
To‘g‘ri parvarishlangan gibiskus o‘z sohibasini kech kuzgacha gullab quvontirishi mumkin. Hindistonda ushbu o‘simlikni kelinning sepiga bog‘lab qo‘yish an’anasi bor.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!