
“Irfon o‘zidan boy ijodiy meros qoldirib, bu dunyoni tark etdi. Biz duo qilib, uning ruhi orom olishini tilaymiz. Aktyor o‘zining turli xil rollari bilan qalblarda abadiy qoladi. Men qalban uning oilasi, muxlislari bilan doim birgaman!”. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mashhur hind aktyori Irfon Xon o‘limiga aynan shunday ta’ziya bildirdi. Sezganingizdek, bugun mazkur aktyor hayoti va ijodiga bir qur nazar tashlamoqchimiz. Bu bizning Irfon Xon ruhiga o‘ziga xos ehtiromimiz bo‘lsin.

Tadbirkor oilasida tug‘ilgan aktyor
Sohibzoda Irfon Ali Xon 1967-yil 7-yanvar kuni Hindistonning Jaypur shahrida, musulmonlar oilasida tug‘ilgan. Onasi Saida Begim Xon Jodxpur shahridan bo‘lib, Otasi Jagirdor Ali Xon esa shina oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan. Xon 1984-yilda Nyu-Dehli shahridagi Milliy Drama maktabiga o‘qishga kirishdan avval Jaypurda magistrlik darajasini oladi. O‘zining aktyorlik qobiliyati va yuqori ko‘rsatkichlari tufayli o‘qish vaqtida unga maxsus stipendiya tayinlangan. Irfon Milliy Drama maktabini tugatib, diplomni qo‘lga kiritishi bilanoq kinosinovlarga borishni boshladi. Mumbaydagi dastlabki yillarda u konditsioner ta’mirlash bilan shug‘ullangan. 1984-yilda u shu ishi bo‘yicha eng sevgan aktyori Rajesh Xannaning uyiga ham borgan.

Aktyorlik faoliyati
1987-yildan beri u seriallardagi epizodik rollarda o‘ynay boshladi. Irfon Xonni mashhur qilgan ilk film “Salom, Bombey (1998) bo‘ladi. Aynan shu muvaffaqiyatli debyuti Irfon Xon uchun tramplin bo‘lib xizmat qildi. Takliflar nafaqat nufuzli hind rejissyorlari, balki chet ellik prodyuserlar tomonidan ham tusha boshladi. Uni Hindiston va Amerika bilan hamkorlikda suratga olingan “Tezki” filmida rol o‘ynashga taklif qilishganida hammasi o‘zgardi. Uning yordamida Irfon xalqaro darajadagi yulduz maqomiga ega bo‘ldi. Eng yaxshi Gollivud yulduzlari bilan birga suratga tushish imkoni paydo bo‘ldi.

Mashhur yulduzlar bilan hamkorlik
Xususan, “Xarobadan chiqqan millioner”da Frida Pinto bilan ishlash u uchun omadli keldi. E. Brodi va O. Uilson bilan “Jargiling poyezdi” sarguzasht komediyasida hamkorlik qilgan. “Yangi o‘rgimchak odam”da esa u Emma Stoun va Endryu Garfild bilan rol o‘ynagan, “Uning yuragi” biografik dramasida u Anjelina Joli bilan bir syomka maydonchasida faoliyat yuritadi.
Xon Bollivudda juda ko‘p filmlarda rol ijro etgan, shuningdek, Gʻarb rejissyorlaridan tez-tez takliflar oladigan hind aktyorlaridan biri hisoblangan. Uning ishtirokidagi eng mashhur filmlar sirasiga yana “Jangchi” (2001), “Xarobadan chiqqan millioner”, “Nyu-York, seni yaxshi ko‘raman” (2008), “Pi hayoti” (2012), “Yangi o‘rgimchak odam” (2012), “Yura davri hayoti” (2015), “Inferno” (2016) va boshqalar kiradi.
Aktyorning nogahoniy o‘limi
Bollivudning ajoyib aktyori Irfon Xon chorshanba kuni ertalab Mumbayda 54 yoshida vafot etdi. Qayd etilishicha, bir necha yil avval unga neyroendokrin o‘simtasi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik tufayli aktyor filmlardagi suratga olish jarayonini bekor qilgan. Aktyorning o‘limiga to‘g‘ri ichak infeksiyasi sabab bo‘lgan. Uning o‘limi haqidagi xabar tarqalishi bilan Bollivud yulduzlari va taniqli aktyorlar ijtimoiy tarmoqlarda aktyorga hurmat bajo keltirishdi. Xususan, rassomning o‘limi haqida hind rejissyori Shavoit Sirkar o‘zining Twitter’dagi sahifasida shunday yozadi: “Mening qadrdon do‘stim Irfon. Sen kasallik bilan kurashishdan charchamading. Men sen bilan faxrlanaman... Biz hali uchrashamiz... Sutap va Bobilga hamdardlik bildiraman. U ham ko‘p kurashdi, bu jangda qo‘lidan kelganini qildi”.

So‘nggi ikki yilini Irfon neyroendokrin o‘simtaga qarshi kurashib o‘tkazdi. “Kutilmagan holatlar bizni o‘sishga majbur qiladi. Tashxisimni bilish men uchun og‘ir kechdi. Biroq mendagi kuch va muhabbat qo‘shimcha umid baxsh etdi. Kasalligim tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lyapman, endi men uni qanday yengayotganimni sizlar bilan bo‘lishaman. Mendan yangilik kutayotganlar uchun men, albatta, qaytib kelaman. Men hech qachon taslim bo‘lmayman”, – deb yozgan edi Xon o‘z Facebook sahifasida. Uning so‘nggi filmi – “Angrezi Medium”, mart oyida ekranlarga chiqdi. Ammo koronavirus tarqalishi tufayli u kino premyerasiga bora olmadi. Aktyorning so‘nggi filmi munosib kutib olinmagan bo‘lsa ham, uning filmografiyasida juda ko‘p kuchli filmlar mavjud. Bular hind va dunyo kinosining haqiqiy marvaridlaridir!
Shaxsiy hayoti
Irfon tahsil davridan beri ko‘ngil qo‘ygan Sutap Sikdarga uylangan. Er-xotinning Bobil va Ayan ismli ikki o‘g‘li bor.

Mukofoti
2011-yilda Irfon eng yuqori Padma Shri mukofotlaridan biriga sazovor bo‘ldi. Ha, u Xritik Roshan kabi xushbichim yoki Shohrux Xon kabi maftunkor va Salmon Xon singari mushakdor emas edi. U shunchaki daho edi. Hind kinosiga katta hissa qo‘shgan ajoyib iste’dodli aktyor.
Aktyor shaxsi haqida qiziqarli faktlar
• Irfon Xon umrining so‘nggi yillarida o‘z ismiga yana bitta R harfini qo‘shishlarini istagan. Irfon Xon emas, Irrfon Xon. Shu holda ismi jarangdor eshitilishiga ishonchi komil bo‘lgan.
• Bir paytlar Irfon Xon teleseriallarda suratga tushib yurganida aktyorlikdan voz kechmoqchi ham bo‘lgan. Biroq keyinchalik “Jangchi” (2001) filmida suratga tushgach, fikrini o‘zgartirgan.
• Irfon Xon rejissyor Kristofer Nolan taklifiga rad javobini berdi. U aktyorni “Interstellar” filmidagi yaxshi bir rolga taklif qiladi. Ammo Irfon ikkita hind filmida suratga tushayotgani uchun buni rad etdi.
• U onasiga doim bir sumka pul sovg‘a qilishni istagan.
• Irfondan uch kun oldin uning onasi Saida Begim Xon ham vafot etgan. Aktyor karantin tufayli onasining dafn marosimida qatnasha olmagan.
• Juliya Roberts uning “Xarobadan chiqqan millioner” filmidagi ijrosiga qoyil qolgan.

Irfon Xonning eng mashhur sitatalari
* “Men tijoriy filmlarga suratga tushishga tayyor emasman”.
* “Siz pulning kuchi bilan tarixni o‘zgartira olmaysiz. Bu sizga qimmatbaho aksiyalar bozori emas”.
* “Munosib jamiyatning eng asosiy belgisi – iste’dodlar ulug‘lanadi”.
* “Aktyor uchun filmga suratga tushib turib uning ichiga kirmaslikdan ortiq sharmandalik yo‘q. Xudoga iltijo qilib meni shunday holatga tushirmasligini so‘rayman”.
* “Men – meni yutib yuborgan va ustimdan hukmronlik qilgan ko‘plab qahramonlarni ijro etganman”.
Ozoda HALIMOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!