Bugun, 21-iyun kuni AOKA majlislar zalida "O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berish tartibini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Xabardor.uz muxbiri IIV mutasaddilaridan Toshkent shahar IIBB tizimidagi ayrim “pasport stol”larida xorijga chiqish pasporti va ID-kartalarni sug‘urta polisisiz (“Gross Insurance” sug‘urta kompaniyasi xizmati) rasmiylashtirilmayotgani haqidagi xabarlarga oydinlik kiritishlarini so‘radi.
– Nega aynan bitta sug‘urta kompaniyasi? Chunki bu ko‘pchilikda "o‘zaro qandaydir yozilmagan kelishuvlar bor" degan shubhani uyg‘otyapti.
Joylardagi xodimning eshikdan kirib kelgan oddiy aholiga sug‘urta qildirishi kerakligi haqidagi “tavsiya”si qanchalik qonuniy? – deb so‘ragan muxbir.
IIV Migrasiya va FRBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Xodjayevga ko‘ra, mazkur sug‘urta kompaniyasi va vazirlik tizimidagi markaz o‘rtasida o‘zaro shartnoma mavjud bo‘lib, muxbir nazarda tutayotgan holat aynan shu shartnoma asosida tartibga solingan.
– Haqiqatan oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasporti va ID-kartalarni sug‘urta qilish yuzasidan ayrim xabarlar va ma’lumotlar kelib tushmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 389-sonli qaroriga asosan IIV huzurida “Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish” DUK tashkil etilgan. Ushbu unitar korxona va “Gross Insurance” MChJ sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida 2020-yil 2-noyabr kuni shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi xodimlari “Gross Insurance” MChJ sug‘urta kompaniyasini sug‘urta agentlari, deb belgilangan. Sug‘urta agentlari xorijga chiqish biometrik pasportlari va ID-kartalarni yo‘qotish, yaroqsiz holatga keltirish xavfidan sug‘urtalash uchun mijozlarni qidirish va ular bilan ixtiyoriy ravishda sug‘urta shartnomasini tuzish uchun kerakli bo‘lgan hujjatlarni tayyorlab rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadilar, – deydi Shuhrat Xodjayev.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!