OʻzXDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari, senator Maqsuda Vorisova yurtimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan “mardikor bozor” va mardikorlarning sharoitlarini izga solish, ularning turmushini yaxshilashga doir (taʼkid muallifniki. Tahr.) bir qator takliflarni bildirdi. Partiyaning rasmiy sayti eʼlon qilgan mazkur maqola quyida keltirilgan:
“Har bir inson dunyoga yashash va baxtli boʻlish uchun keladi. Lekin hayotda turli sabablar oqibatida baʼzi yurtdoshlarimiz taqdir zarbalariga duch keladilar.
Jamiyatimizdagi, iqtisodimizdagi oʻtkir evrilishlar sababli “mardikor bozor”, degan tushuncha katta-kichik shaharlarimiz, tuman markazlari uchun odatiy hol boʻlib qoldi. Ularning oʻz ichki tarkibi, tartibi, boshqaruvi shakllandi.
Bunday manzara koʻp yillardan buyon oʻzgarmay qolmoqda. Ayniqsa, bunaqa joylarda ayollarning ham guruh-guruh boʻlib turishi, albatta, insonni iztirobga soladi. Men oʻzim poytaxtimizdagi bir necha mardikor bozorlarda boʻldim, opa-singillarimiz bilan suhbatlashdim, xulosalar chiqardim.
Bu ayollar ogʻir sharoitlarda, hech qanday kafolatsiz jismoniy ishlar bilan shugʻullanishlariga nimalar sabab boʻlyapti? Faqat ishsizlikmi? Muammoni chuqurroq oʻrgansak, uning biz koʻrmagan jihatlari ochila boshladi.
Mardikor ayollar bozorida maktab yoshidagi qizlardan tortib, pensiya yoshidagi ayollargacha uchratish mumkin. Ayollar bilan suhbatlashib, ularning tarixlarini eshitish natijasida bu yerdagi ayollar turli toifaga boʻlinishiga guvoh boʻldik. Birinchi toifa chindan ham qiynalgan, har qanday ishdan bosh tortmay, halol mehnat qiladigan ayollar, ikkinchi toifa maʼlum maʼnoda dangasalik, boqimandalikka oʻrganib, mardikor bozoriga chiqishni oʻziga “kasb” qilib olganlar. Bu toifa vakillari ishsizlik va boshqa muammolarni roʻkach qilishadi. Ularga oʻzlari istiqomat qilayotgan hududdan ish topib berilsa ham oylik maosh ozligi bahonasida shaharda mardikorlik qilishni maʼqul koʻrishadi. Yana bir toifa ayollar borki, ularning mashgʻulotlari haqida gapirishga or qilasan.
Mardikor ayollarning turmush sharoitlari, turar joylari haqidagi savollarga ham turlicha javob oldim. Baʼzilar kimningdir bostirmasida, hech qanday sharoit yoʻq joyda yashashga majbur (ijara haqi – oyiga 150-200 ming soʻm). Baʼzilar birovning uyidan 1 xonani ijaraga olib, oyiga 300-400 ming soʻm ijara toʻlaydi. Bir qism ayollar butun oilasi bilan shu yerda yashashini aytishdi. Bir kelinchak 9 oylik bolasini onasiga qoldirib ishga chiqishga majburligidan nolidi. Har kuni shafqatsiz bozor qonuniyati bilan yashash ayollarga oʻz hukmini oʻtkazgan. Baʼzilarining yuzidan andisha, uyatchanlik qochgandek, baʼzilari doimiy ogʻir mehnatdan erta qarigandek koʻrinadi. Mardikorchilikka yangi chiqqanlar tortinib, qoʻrqib turishidan darrov koʻzga tashlanadi. Ayollarning bir kunlik daromadlari 70 ming soʻmdan 100 ming soʻmgacha ekan. Lekin bu pulning ustida biz bilmagan bir qancha chiqimlar ham bor.
Ular orasiga kirib koʻrsangiz, koʻplab muammolarning guvohiga aylanasiz. Yoki kimlarningdir xatosi tufayli uy-joysiz qolgan, baʼzida oila aʼzolari, baʼzida oʻzlarining eʼtiborsizligi sababli aniq kasb oʻrganmaganlar, turmush oʻrtoqlarining oila boshligʻi, degan masʼuliyatni bajarishni istamasligi sabab oʻzlari va bolalarini boqishga majburlar.
Mardikor ayollar bozoridan oʻtib borarkanman, ularning chehrasidan “Tezroq ish chiqsaydi, bugungi rizqimni topsaydim”, degan xavotirli nigohni ilgʻayman. Oʻttiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan bu mardikor ayollarning buguncha kuch-quvvatlari bor, sogʻliqlari ham hali pand berib ulgurmadi, lekin ertaga-chi?.. Keksayganda, yordamga muhtojga boʻlganida kim ularning joniga oro kiradi? Bir ayoldan yoshini soʻradim, 45 daman, dedi. 10 yildan keyin pensiyaga chiqishingiz kerak, biror joyda rasmiy ishlaganmisiz, degan savolim javobsiz qoldi.
Ayollarning turmush sharoitini yaxshilash, oilasini farovon qilish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish Prezidentimiz tomonidan ustuvor vazifa sifatida barcha davlat va jamoat tashkilotlaridan qatʼiy talab qilinmoqda. Lekin mamlakatimizning turli hududlarida norasmiy tarzda shakllangan mardikor bozorlari hamon ayollar bilan gavjum. U yerda mungʻayib, ish qidirib yurgan xotin-qizlarning soni esa kamayayotgani yoʻq...
Koʻpchilikka maʼlum Kelesdagi mardikor bozoridamiz. Soat kunduzgi 11 dan oshgan, ishsiz qolgan ayollar bilan anchadan beri oʻylab yurgan takliflarimni muhokama qildik.
Takliflar quyidagicha:
Barcha shaharlarda, tuman markazlarida, umuman imkon darajasida hozir norasmiy mardikor bozorlari tashkil boʻlgan hududlarda tadbirkorlar tomonidan ish bilan taʼminlash markazlari tashkil etilishi.
Markaz qoshida sanitar talablarga javob beradigan arzon yotoqxona oshxonasi bilan faoliyat yuritishi.
Markaz tomonidan ish izlovchilarning kasbi, imkoniyati aks ettirilgan elektron baza tashkil etilib, fuqarolar va tashkilotlardan tushgan takliflarga asosan ish kuchi bilan taʼminlash.
Yotoqxonada vaqtinchalik roʻyxatga turishni joriy etish.
Markaz vaqtinchalik ish bilan taʼminlayotgan fuqarolar pensiya jamgʻarmasiga mablagʻ oʻtkazishi hisobiga ularga mehnat daftarchasi yuritilishi va staj hisoblanishi.
Shahar va tumanlardagi qurilishlarga oddiy ishchilar shartnoma asosida ana shu markazlar orqali yollanishi.
Bola tarbiyasi bilan mashgʻul ayollar yoki ish qobiliyati saqlangan pensionerlarni ham qisqa muddatli ish bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish (qisqa muddat enagalik, oilaviy tadbirlar oʻtkazishda yordam, boshqa xoʻjalik ishlarida yordam va shunga oʻxshash).
Bu takliflarni ayollar juda katta qiziqish bilan eshitishdi, “Qachon markaz tashkil etasiz?”, degan savollar berishdi, agar aytsangiz, “kattakonlar”ning oldiga oʻzimiz iltimosga boramiz, deb yordam koʻrsatishga ham tayyor ekanini bildirishdi.
Norasmiy mardikor bozorlarimiz bugungi real hayotdagi fakt. Ularni bir necha marta taqiq va buyruqlar bilan tugatishga harakat qilindi, ammo natija boʻlmadi. Bandlikka koʻmaklashish markazlarining faoliyati ham bu muammoni yecha olmayapti. Demak, aholi talabiga mos keladigan, uning muammolarini hal qiladigan yechim topishimiz shart.
Mardikor bozordagi opa-singillarimiz bilan suhbatlasharkanman, yurtimizda keng nishonlanadigan xotin-qizlar bayrami tadbirlari va tantanali tomoshalarni televideniye orqali koʻrishayotganda bu ayollarning koʻnglidan nimalar oʻtarkan, degan savol takror-takror xayolimdan oʻtib turdi.”
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!