1941–1945-yillarda bashariyat boshiga misliz kulfatlar yog‘dirgan Ikkinchi jahon urushi frontlarida O‘zbekistonlik jangchilar o‘zlarining botir, mard, qo‘rqmas, jasurlik xislatlarini namoyon qilib qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar.
O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 mln. so‘m naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. so‘m zayom puli, 52,9 kg. oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 ta gimnastyorka, 2 636 700 ta paxtalik, 2 221 200 ta etik va qo‘njli botinka yuborildi. Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so‘mlik mahsulot jo‘natilgan.
Qiyinchilik va xomashyo yetishmasligiga qaramasdan, Toshkent to‘qimachilik kombinati front uchun 410 mln. metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, ko‘p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. Chunonchi, 1 282 000 tonna g‘alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho‘l mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941-yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi.
Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Masalan, 1942-yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo‘lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po‘stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi.
1943-yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug‘doy, 5496 kilo yorma bug‘doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo‘y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog‘istondan 224916 so‘m naqd pul, 21614 kilo bug‘doy, 5819 kilo go‘sht, 3700 kilo guruch jo‘natildi.
Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq baliq kombinatidan 20 mln. banka go‘sht va baliq konservasi olingan edi.
Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942-yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog‘, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943-yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 mln. so‘m naqd pul, 330 tonna go‘sht va yog‘, 530 tonna bug‘doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.
Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga jo‘natib turganlar. Shuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovg‘alar olib ketilganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Masalan, 1942-yili bir guruh vakillar Leningradga 600 vagon un va go‘sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.
Ikkinchi Jahon urushining to‘rt yili davomida O‘zbekiston davlatga 4 806 000 tonna paxta, 54067 tonna pilla, 1 066 000 tonna g‘alla, 195 000 tonna sholi, 108 000 tonna kartoshka, 374 000 tonna sabzavot va ho‘l meva, 35289 tonna quruq meva, 57444 tonna uzum, 1 593 000 tonna go‘sht, 5 286 000 dona teri topshirgani ma’lum. Ular ham mudofaa ehtiyojlariga sarflangan, albatta. Bundan tashqari, urush yillarida O‘zbekiston aholisi mudofaa jamg‘armasiga jami 649 900 000 so‘m naqd pul o‘tkazib bergan.
Xalqimiz harbiy xizmatchilarning oilalariga ham katta yordam bergan. Chunonchi, 1943-yili ularga 13 858 500 so‘m pul, 1 308 400 kilo oziq-ovqat, 20 750 kiyim-bosh, 40 000 kubometr yoqilg‘i, 73 500 pud g‘alla, 10 000 bosh qo‘y, 2000 bosh qoramol topshirilgan.
Shuningdek, o‘zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldaviya va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g‘amxo‘rlik namunalarini ko‘rsatdi. Jang bo‘layotgan hududlardan ko‘chirilgan bir million shaxs boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. Minglab yetim bolalarni o‘zbek oilalari o‘z qaramog‘lariga oldilar, farzandlaridan kam ko‘rmay tarbiyaladilar. O‘zbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Davlatimiz 113 ta harbiy kasalxona – gospitalni ham otaliqqa oldi.
Fashistlarning tor-mor qilinishida O‘zbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol-aslahalar katta ahamiyat kasb etdi. Sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2100 samolyot, 17 342 samolyot motori, 17 100 minomyot, 27 000 tankka qarshi otadigan zambarak qismlari, 60 000 harbiy kimyoviy anjom, 22 million mina, 560 000 snaryad, 2 million 318 ming aviatsiya bombasi, 1 million dona granata, 100 chaqirimdan ziyod sim, dala radiostansiyalari, tank va samolyotlar uchun 3 milliondan ortiq radiolampa, 5 bronepoezd, 18 harbiy-sanitar va hammom o‘rnida foydalaniladigan hamda kir yuviladigan poezd, 2200 ko‘chma oshxona olib ketildi.
Shuningdek, yurtdoshlarimizning shaxsiy pullari hisobidan tayyorlanib, jang maydoniga yuborilgan qurol-aslahalar ham kam bo‘lmagan. Masalan, tank koloniyasi va aviaeskadiriliya qurish uchun aholidan 320 000 000 so‘m to‘plangan.
O‘zbekiston 1943-yili nemis-fashistlaridan ozod qilingan hududlarga yordam berishni boshlab yubordi. Masalan, mazkur yilning oktyabrida O‘zbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan yerlariga 800 nafar vrach safarbar qilindi. 1944-yilning birinchi yarmida esa Ukrainaga 300 tonna g‘alla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qo‘y jo‘natildi. 1943–44-yillarda ozod etilgan shaharu-qishloqlarga Qoraqalpog‘istondan 45 800 000 bosh qoramol va qo‘y yuborildi.
Toshkent temiryo‘lchilari vagonlarda turli xil jihozlarni yubordilar. Sobiq Stalingradni tiklash uchun 350 nafar quruvchi bordi. Xorazmliklar Xarkovga har xil qishloq xo‘jalik texnikasini jo‘natdilar. 1943-yil avgust oyida respublikadan ozod qilingan joylarga 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 omoch, 38 seyalka olib ketildi. Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar to‘ldirilgan 374 vagon jo‘natildi. 12-oktabrda Ukrainaga 450 vagonda sovg‘alar bilan birga 300 tonna g‘alla, 8300 bosh qoramol, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming gazlama mollari, kasalxona, maktab va radiouzellar uchun jihozlar yuborildi.
Voronejь va Kursk shaharlariga 275 bosh qoramol, 72 tonna g‘alla, 24 tonna quruq meva olib ketildi. Bulardan tashqari, respublika bo‘yicha 300 tonna g‘alla, 180 tonna quruq meva, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming metr gazlama, 2600 ming so‘m naqd pul, yuk mashinasi, telefon stansiyasi jo‘natildi. Ukraina uchun 350 traktor, 200 avtomashina, 50 kombayn, 1500 omoch berildi. Stavropol o‘lkasiga 1142 traktor, 400 seyalka 1142 nafar agronom va haydovchisi bilan jo‘natildi. Ozod qilingan joylarga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari 50 ming bosh qo‘y va 190 ming bosh qoramol yuborgan. Shuningdek, nemis-fashistlaridan tozalangan respublika va viloyatlarga 1944-yili 100 000 kitob sovg‘a qilingan edi.
1943–44-yillarda ozod qilingan yerlarga O‘zbekistondan 13 000 dan ortiq temiryo‘l mutaxassisi, hunar bilim yurtlaridan 15 000 yosh yigit sobiq Leningrad, Kiyev va Dunayga yo‘l oldi. O‘zbek xalqining ozod qilingan joylarga ko‘rsatgan yordami aslida serob. Ammo umumiy tushuncha uchun keltirib o‘tilganlari yetarli, deb o‘ylayman. O‘zbekiston sanoat sohasida ham katta ishlarni amalga oshirib, Rossiya, Ukraina va boshqa joylardan ko‘chirib keltirilgan o‘nlab korxonalarni joylashtirib, ularning ishchi-xizmatchilarini boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minladi.
O‘zbekistonda harbiy sohada ham beqiyos ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublikada 15 diviziya va brigada tuzilib, ularda o‘zbeklar salmoqli o‘rinni egalladilar. O‘sha harbiy qismlardan tashqari o‘n minglab navqiron yigit harakatdagi armiya saflariga yuborildi. Toshkentdagi harbiy bilim yurtlari front uchun bir necha ming komandir va siyosiy xodimlarni tayyorladi.
Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining o‘zidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilindi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan bir million kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz. Chunki Germaniyada tuzilgan “Turkiston legioni” 1 mln. 800 ming kishini o‘z ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining so‘zicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirg‘izlardan tashqari o‘zbeklar ham bo‘lgan. Ma’lumki, jang maydonlarida yarim millionga yaqin o‘zbek halok bo‘lib, qolgan yarim millioni Vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qo‘shilsa, bir million bo‘ladi. Endi “Turkiston legioni”dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan o‘zbeklarning soni ancha oshib ketadi.
O‘zbeklar Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi janglarda qatnashib, Berlingacha bordilar. Shuningdek, Yaponiya bilan urushda ishtirok qildilar, partizan urushlarida mardonavor kurashdilar.
Shu tariqa xalqimiz Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishga molini ham, jonini ham tikdi. Bamisoli topgan bitta nonini to‘rtga bo‘lib, bittasini o‘ziga, qolganini bevosita frontga, so‘ng respublikaga ko‘chirib keltirilganlarga, jangga ketganlarning oilalariga, harbiy gospitallarga, fashistlardan ozod qilingan hududlarning och-nochor aholisiga berdi. Ayni paytda bir milliondan oshiq farzandlari fashistlarga qarshi janglarda mardonavor kurashdi. Ulardan bir necha yuz ming kishi halok bo‘ldi va jarohatlandi. Ayni paytda o‘zbeklardan tuzilgan “Ishchi batalon”lar front uchun fidokorona mehnat qildilar.
Bevosita janglarda 27 mln. kishining yostig‘i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo‘shganda 30 mln. kishi nobud bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi o‘zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar yetim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi.
Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Bevosita janglarda 27 mln. kishining yostig‘i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo‘shganda 30 mln. kishi nobud bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi o‘zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar yetim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi.
Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Xulosa qilib aytganda, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan odamlarning ko‘pchiligi qayg‘u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o‘xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug‘ kunlarni ko‘rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo‘shib, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirishdi.
Bu ma’lumotlar botir jangchilarimiz, sabrli xalqimiz Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat ko‘rsatganligidan dalolat beradi.
Biz jasorat hamda matonat namunalarini ko‘rsatgan, Vatan himoyasida fidoyilik ko‘rsatgan ota-bobolarimiz qahramonliklarini hech qachon unutmaymiz. Ular bilan umrbod faxrlanamiz. Ajdodlar oldidagi farzandlik burchimiz – xalqimiz jasoratini unutmaslik, xotirasini abadiy yodda saqlash, tarixdan kerakli xulosalar chiqarish, yoshlarimizni shunday zaminda yashashdan faxr-iftixor tuyish ruhida tarbiyalashdir.
Baxodir Ulugʻbekov,
IIV Malaka oshirish instituti
kafedra boshlig‘i, polkovnik
Ulug‘bek Tuymaboyev,
IIV Malaka oshirish instituti
katta o‘qituvchisi, podpolkovnik
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!