Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5623-son, 2019 yil 17 yanvardagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5635-son farmonlariga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
– yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini “YER IJARA” AAT yagona elektron maydonchasida elektron tanlov orqali amalga oshirilishi;
– yuridik va jismoniy shaxslarga maxsus geoportal orqali tanlovga qo‘yiladigan yer maydonlarini tanlash imkoniyatining yaratilganligi;
– yerdan maqsadli va oqilona foydalanib, mo‘l hosil olayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha yer ajratish tartibi;
– yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Belgilanishicha:
– qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun tarqatilmagan yer uchastkalarining ro‘yxati asosida keyinchalik mazkur yer uchastkalarini (loyihasi tuman hokimi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va fermer, dehqon va tomorqa yer egari kengashi bilan kelishgan holda) tanlovga qo‘yish yer tuzish organlari tomonidan tuziladi;
– yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi;
– “YERELEKTRON” AATni yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
– O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi “YERELEKTRON” AAT operatori hisoblanadi;
– “YER IJARA” yagona elektron maydonchasida o‘tkaziladigan elektron tanlovlarda yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-tanlovlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi;
– elektron tanlovga qo‘yiladigan qishloq xo‘jaligi maqsadlaridagi tarqatilmagan yer uchastkalari loyihalarining ro‘yxati tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi;
– yer uchastkalari loyihalarining ro‘yxatini o‘z vaqtida elektron tanlovga qo‘yishni muvofiqlashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ta'minlanadi;
– yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlarida yer uchastkasidan ijara huquqi bilan foydalanishga ajratish to‘g‘risida elektron tanlov natijalari asosida qabul qilingan qarorlarning bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, elektron tanlov g‘oliblari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etmaslik va yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qo‘yilishi bundan mustasno.
“YERELEKTRON” AATga ulanadigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qayd etilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda 2019 yil 30 iyungacha bo‘lgan muddatda internet tarmog‘iga ulanganlik hamda “YERELEKTRON” AATga ulanish imkonini beradigan kompyuter va boshqa texnologik uskunalar bilan jihozlanish holatini xatlovdan o‘tkazadi;
xatlov natijalari bo‘yicha tegishli kompyuter va boshqa texnologik uskunalarni sotib olish vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘linmalarini internet tarmog‘iga ulash sarf-xarajatlarini moliyalashtirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning budjetdan tashqari o‘z mablag‘lari hisobidan;
vazirliklar, idoralar va tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalari qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun tarqatilmagan yer uchastkalari ro‘yxatini kelishish hamda ular bo‘yicha xulosalar berishda ishtirok etadigan boshqa vazirlik hamda idoralarga eng yaxshi takliflarni tanlash asosida yetkazib beruvchilar yoki ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha tegishli kompyuter va boshqa texnologik uskunalarni xarid qilishga ruxsat etiladi.
Qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, investitsiya kiritadigan talabgorlarga, mablag‘lari bankdagi hisobvarag‘ida ko‘ringanidan so‘ng, joriy yilda maqsadli ishlatish sharti bilan hamda tuman sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratiladi. Bunda bir gektar yer maydoni uchun, paxta-g‘allachilik va chorvachilik loyihalariga 2 ming, sabzavot-g‘allachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida investitsiya kiritish belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni investitsion loyihaviy taklif hisobiga qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi uchun o‘zlashtirish sharti bilan Soliq kodeksida va boshqa huquqiy hujjatlarda ko‘zda tutilgan imtiyozlar evaziga tanlovsiz ijaraga beriladi.
Nizom talablari:
– Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 oktyabrdagi PQ-3356-sonli qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 16 yanvardagi 29-son qaroriga muvofiq erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga;
– davlat ulushi 100 foiz bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga;
– qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishni klaster usulida tashkil etishga;
– bog‘zorlar, tokzorlar hamda boshqa mevali va mevasiz daraxtzorlar va ko‘chatzorlar egallangan yer maydonlariga tatbiq etilmaydi.
Bog‘zorlar, tokzorlar hamda boshqa mevali va mevasiz daraxtzorlar hamda ko‘chatzorlar faqat mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanib kim oshdi savdolari (auksion) orqali sotiladi.
Yer uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga uzoq muddatli ijaraga, zaxiradagi tarqatilmagan yerlardan ijara maydonchasida o‘tkazilgan tanlov yakuniga ko‘ra tuman(shahar) hokimlarining qarorlariga asosan ajratiladi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalariga, oliy o‘quv yurtlariga, akademik litseylarga, kasb-hunar kollejlariga va umumta'lim maktablariga o‘quv, tajriba, nav sinash maqsadlari uchun berilgan yerlar hamda suv fondining sun'iy havzalari egallagan yerlar tanlovga qo‘yilmaydi.
Chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan yuridik va jismoniy shaxslarning biznes-rejasida nazarda tutilgan kamida 30 shartli bosh chorva mollarini boqish shartlari bilan tashkil etiladi. Bunda shartli ravishda har bir bosh mol hisobiga quyidagi koeffitsiyentlardan foydalaniladi: qoramollar (sigirlar, nasl olinadigan novvoslar, bo‘rdoqiga boqiladigan novvoslar) va otlar uchun – 1.0, yosh qoramollar uchun – 0.6, tuyaqushlar, qo‘y va echkilar uchun – 0.1 hamda parrandalar va quyonlar uchun – 0.025.
Chorvachilikka beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami har bir shartli bosh chorva moliga hisoblanganda:
Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda — 0,30 gektarni;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda — 0,45 gektarni;
sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda — 2 gektarni;
pichanzor va yaylov yerlarda — 3 gektarni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami:
paxtachilik va g‘allachilik uchun — 100 gektarni;
g‘alla-sabzavotchilik uchun — 20 gektarni;
bog‘dorchilik, uzumchilik uchun — 10 gektarni;
sabzavotchilik va boshqa ekinlar yetishtirish uchun — 5 gektarni tashkil qiladi.
Yer uchastkasi yuridik va jismoniy shaxslarga imkoni boricha yagona mavze bo‘yicha, konturlar yaxlitligi saqlab qolingan holda beriladi, yer uchastkasi chegaralari sug‘orish tarmoqlari, kollektorlar, yo‘llar va boshqa topografik elementlar bo‘yicha belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga berilayotgan yer uchastkasi boshqa yerdan foydalanuvchilarning yerlardan foydalanishi uchun noqulayliklar vujudga keltirmasligi kerak.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish uchun tanlov g‘olibini aniqlashda birinchi navbatda ustuvor huquqqa quyidagi yuridik va jismoniy shaxslar ega bo‘ladilar.
Jumladan:
– investitsion loyiha tashabbuskori tomonidan taqdim etilayotgan loyihaning samaradorligi;
– qo‘shimcha qiymatlar zanjiri bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablag‘lariga ega;
– logistika markazlari (meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi), shuningdek, ichki va tashki bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish tajribasiga ega;
– zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va intensiv bog‘lar yaratish va ulardan foydalanish tajribasiga ega;
–meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, jumladan eksport qilishni tashkil qilish, zamonaviy resurs va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish vazifalarini o‘z zimmasiga oladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari.
Ijaraga berilgan yer uchastkalaridan qat'iy maqsadga muvofiq holda foydalaniladi, ular xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obekti bo‘lishi, shuningdek, ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish shartnomasida nazarda tutilmagan maqsadlardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi amaldagi qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga muvofiq ijara shartnomasining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.
Yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yish va yer ijara shartnomasi shartlarini buzish oqibatlari yer ijara shartnomasini bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan yer uchastkasi yuridik va jismoniy shaxslar qayta tashkil etilganda bo‘linishi mumkin, agar uni bo‘lish vaqtida yangi tashkil etilgan korxona va tashkilotlarning yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida va Nizomda nazarda tutilgan eng kam o‘lchamlardan oz bo‘lmasa.
Yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallar loyihachi tomonidan tayyorlanadi.
Yer uchastkalari berish, qoidaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonasini tashkil etish va yer uchastkasini ijaraga olish to‘g‘risidagi barcha hujjatlar qishloq xo‘jaligi ekinlari yig‘ishtirib bo‘lingan muddatda, shuningdek boshqa muddatlarda ham amalga oshiriladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!