$
12825.01 UZS
12.71
128.62 UZS
0.25
13552.19 UZS
19.84
17° Kechasi

Xalqqa ko‘p ko‘rilgan Onix: uning narxiga qanday “inomarkalar” sotib olsa bo‘ladi?

17:24 / 11.05.2023

Sotuvga chiqqan kuniyoq 28 000 dan ortiq kishi aynan Chevrolet Onix uchun shartnoma imzolagan edi. UzAuto va General Motors uzoq muddatli istiqbolda ushbu avtomobilni ishlab chiqarish hajmini 1 millionga yetkazmoqchi ham bo‘lgandi. Bir necha kun avval uning uchun shartnoma berish to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi. Ayrimlar bu holatni tez orada avtomobilning narxi oshishiga ishora deya qabul qildi. Ushbu maqola orqali xalqqa ko‘p ko‘rilgan Onix’ning narxiga qanday uslubdagi xorijiy avtomobillarni xarid qilish mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.

Chevrolet kompaniyasi Onix markali avtomobilni 2012-yilda ishlab chiqarishni boshladi. O‘zbekiston bozorida esa ushbu model 2022-yilga kelibgina paydo bo‘ldi.

UzAuto Motors (GM Uzbekistan) 2022-yilda Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Gentra esa konveyerdan biroz kechroq – 2024-yilda “chiqib ketadi”. Avtomobil bozori aynan Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker bilan to‘lishi kutilgan edi.

Buni Chevrolet Onix sotuvining birinchi kuniyoq (02.11.2022) rekord darajada tuzilgan shartnomalar soni ham tasdiqlaydi. O‘shanda bir kun davomida 30 000 ga yaqin avtomobil uchun shartnoma tuzilgan, ularning 28 000 dan ortig‘i aynan yangi Chevrolet Onix uchun olingan.

Shuningdek, UzAuto va General Motors o‘rtasida 2023-yilga kelib ishlab chiqarish quvvatini 500 000 dona, uzoq muddatli istiqbolda esa 1 million dona avtomobilga oshirish masalalari ishlab chiqilgani ma’lum bo‘lgan.

Keling, ayni vaqtda shartnoma berish to‘xtatilgan Chevrolet Onix’ning ikkita eng qimmat modeli qulayliklarini ko‘rib chiqamiz:

Birinchisi, narxi 207 mln so‘m (taxminan 18,2 ming AQSh dollari) bo‘lgan Chevrolet Onix Premier 1.

Motor sig‘imi – 1,2 l. Turbo, 132 ot kuchi va avtomat uzatmalar qutisi;
kombinatsiyalangan qoplama. Oyna ostidagi xrom qoliplar;
old va orqa o‘rindiqlarini isitish (muqobil);
“Maxis 195/55R16” shinalari va 16 dyuymli diska;
ikki rangli bezak;
orqa ichki gumbazli yorug‘lik (Cobalt standartidagi kabi);
magistral yoritish funksiyasi.

Ikkinchisi, narxi 214,7 mln so‘m (taxminan 18,9 ming AQSh dollari) bo‘lgan Chevrolet Onix Premier 2.

Avvalgi modelga qo‘shimcha ravishda:
1,2 litrli 132 ot kuchiga ega turbo motor va avtomat uzatmalar qutisi;
old to‘xtash sensori;
liniyalar monitoringi;
yarim avtomatik to‘xtash funksiyasi;
sun’iy teridan iborat qoplama (vinil).

Ma’lumot uchun, Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker bitta platformada qurilgan – ikkala avtomobil ham shassi, uzatmalar qutisi va dvigatel dizaynida umumiy komponentlarga ega, Onix’ning ichki qismi esa Tracker bilan birlashtirilgan.

Chevrolet Onix 1,2 litrli turbinali uch silindrli dvigatel bilan jihozlangan. Qisqa qilib aytganda, Onix bir qarashda mos o‘lchamlarga ega ixcham segmentli sedan, ya’ni narxiga mos mashinadek ko‘rinadi:

Masalan, uning uzunligi – 4 474 mm, g‘ildirak bazasi – 2600 mm, kengligi – 1730 mm, balandligi – 1471 mm, og‘irligi – 1,197 kg.ni tashkil etadi.

Avtomobil korpusning old qismi dizayni zamonaviy qilib ishlangan. Uning 1,2 litr sig‘imli dvigateli 132 ot kuchiga ega. 9,1 sekundda 100 km/soat tezlikka erishadi. Uning eng zo‘r modellari O‘zbekiston bozorida 18-19 ming AQSh dollari atrofida sotiladi. Avtomobilning piar-kampaniyasi ham yuqori darajada olib borilgan edi. Balki shu sabab ham hali sotilmay turiboq, mamlakatdagi rekordchi avtoulovga aylangandir. Shartli “jahon bozorida” esa qiymati yanada arzonroq bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, ayni vaqtda shartnoma berish rasman to‘xtatilgan rekordchi – Onix’ning mahalliy bozordagi narxiga qanday uslubdagi “inomarka”larni xarid qilsa bo‘ladi?

Aslida 18-19 ming AQSh dollari jahon bozorida ham sifatli avtomobil tanlash uchun mos budjet hisoblanadi. Shuncha mablag‘ evaziga dunyo brendiga aylangan kompaniyalardan shahar sayohatlari uchun premium sedan va bahaybat krossoverlarni ham topish mumkin. Bundan tashqari, Germaniya, Yaponiya yoki Amerikada ishlab chiqariladigan sport avtomobillari auksionlarda ancha arzon narxda sotiladi. Qo‘shimchasiga, o‘zgacha ko‘rinishdagi elektromobillar ham u qadar qimmat turmaydi.

Toyota Camry (18 ming AQSh dollari)

Yaponiya avtomobil ishlab chiqaruvchilarining eng mashhur markalaridan biri. Yillar mobaynida modelning dizayni jiddiy o‘zgarishlarga duch kelgan bo‘lsa-da, brend o‘z tamoyillariga sodiq qoldi. Ushbu mashina kamdan-kam hollarda buziladi. Dvigatel hajmi 2,5 litrni, yoqilg‘i iste’moli esa 100 kilometr uchun 10-12 litrni tashkil etadi. Uning so‘nggi modellari 25-30 ming AQSh dollarigacha sotiladi.

Wolkswagen Passat B8 (18-19 ming AQSh dollari)

Yaxshi reyting va o‘z klassi uchun juda maqbul narxga ega. Haydovchilar kam yonilg‘i sarfi, shuningdek, mukammal dinamikani his qiladi. Mashina bosib o‘tilgan har yuz kilometr masofa uchun 7 litr yoqilg‘i sarflaydi. Keng interyer bu toifadagi avtomobillarga nisbatan afzalliklarga ega. Masalan, salon uchun maxsus yumshoq plastmassadan foydalaniladi, u bir necha yildan keyin ham ezilmaydi. Bundan tashqari, mashina avtomatlashtirilgan va tashqi shovqindan himoyalangan. Wolkswagen Passat B8’ning so‘nggi modellari narxi 35 ming AQSh dollarigacha yetadi.

Volkswagen Atlas (18-19 ming AQSh dollari)

2017-yilda avtomobil bozorida sotila boshlagan odatiy Amerika formatidagi o‘rta o‘lchamli krossover. Ushbu amerikancha ulovning uzunligi 5 metrdan oshadi. O‘rindiqlarning uchinchi qatori hatto kattalar uchun ham qulaylik yaratish uchun qilingan. Ushbu avtomobil uchun 2 turdagi dvigatellar taklif etiladi: 241 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbo to‘rtlik va 284 ot kuchiga ega aspirasiyalangan VR6 3,6 litr. Ikkala dvigatel ham sakkiz pog‘onali avtomat bilan jihozlangan. So‘nggi modellar narxi 30 ming “ko‘ki” atrofida.

Ford Fusion (18-19 ming AQSh dollari)

Mashhur Amerika sedanlarining ikkinchi avlodi. Bu avtoulov jozibali ko‘rinishi, korroziyaga chidamli korpusi va yuqori sifatli ichki bezaklari tufayli xaridorlar orasida ancha mashhur. Gibrid avtomobil doimiy sayohatlarda sezilarli darajada yoqilg‘ini tejash imkonini beradi, lekin yuqorida nomi keltirilgan boshqa mashinalarga qaraganda tezroq buziladi. Avtomat boshqaruvga ega sedanning so‘nggi modellari narxi 30-35 ming AQSh dollari atrofida.

Hyundai Sonata (18-19 ming AQSh dollari)

Jahon bozorida Janubiy Koreya avtomobillari yuqori talabga ega. Ularning aksariyati baxtsiz hodisalar natijasidagina sotiladi. Avtoulov uzoq safarlar uchun juda mos. Avtomagistrallarda dvigatelning yoqilg‘i iste’moli 7 litrdan oshmaydi. Sedan 2,4 litrli dvigatel va avtomatik boshqaruvga ega ekanini hisobga olsak, bu yaxshi natija hisoblanadi. Agar o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilsa, Hyundai Sonata bir necha yuz ming kilometr harakatlanganidan keyin ham muammosiz ishlaydi. Uning so‘nggi modellari narxi esa 25-30 ming AQSh dollari atrofida.

KIA Sorento (18-19 ming AQSh dollari)

Haydovchilarning qalbini zabt etgan koreys avtomobillaridan yana biri ikki xil variantda sotiladi: uch va besh eshikli versiyalarda. Ushbu avtomashina egalari uning boshqa avtoulovlar o‘ta olmaydigan og‘ir sharoitli yo‘llarda ham oson harakatlanish qobiliyatini, ayniqsa, qadrlashadi. Mashinaning rul g‘ildiragi eng mayda detallarigacha ishlab chiqilgan va boshqarish uchun juda qulay.

Ushbu avtomobil 2,4 litrli, to‘rt silindrli benzin dvigatel bilan jihozlangan va u 240 ot kuchiga ega. Avtomatik uzatish 8 bosqichdan iborat. Hatto, asosiy konfiguratsiyada ham orqa ko‘rinish kamerasi, turli xil qurilmalarni ulash uchun Bluetooth tizimi va ikkita haydash rejimi mavjud. KIA Sorento korpusi tajovuzkor va juda chiroyli ko‘rinishga ega. Ushbu modelning optikasiga kelsak, bular LED faralar bo‘lib, ular ushbu avtomobil korpusi bilan birgalikda chiroyli ko‘rinish ham hosil qiladi. Avtomobilning eng so‘nggi modellari esa 30-35 ming AQSh dollarini tashqil etadi.

Xullas, jahon brendlari mahsulotlarining ichki va tashqi bozordagi narxi deyarli bir xil. Sanab o‘tilganidek, 18-19 ming AQSh dollari evaziga u qadar ko‘p masofa bosib o‘tmagan, kam sarfli va eng muhimi jahon bozori talablariga javob bera oladigan avtomobil xarid qilish, O‘zbekistonda esa shuncha puli bor fuqaro navbati yillab kutiluvchi mashina sotib olishi mumkin. Kim biladi, ehtiyot qismlari yetishmovchiligi sabab komplektatsiyani ishlab chiqarish ma’lum muddatga to‘xtagandan keyin, narxlar yanada ko‘tarilar? Shunday ekan, Onix uchun yig‘gan mablag‘ingizga mana shu “inomarka”lardan birini xarid qilish haqida o‘ylab ko‘rishni hozirdanoq boshlashingiz mumkin.

 

Humoyun Oripov tayyorladi


Bu ham qiziq

Shayxontohurda ikki avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Shayxontohurda ikki avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
16:21 / 18.11.2024
“Islomiy jihod” harakatining ikki yetakchisi o‘ldirildi

“Islomiy jihod” harakatining ikki yetakchisi o‘ldirildi

16-noyabr kuni Falastin “Islomiy Jihod” harakati Isroilning Suriya poytaxti Damashqqa uyushtirgan havo hujumlari natijasida …
11:54 / 17.11.2024
“Toshkent — Buxoro — Toshkent” yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

“Toshkent — Buxoro — Toshkent” yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan yangi poy…
08:53 / 18.11.2024
“Yoshlar daftari”ga kimlar kiritilishini bilasizmi?

“Yoshlar daftari”ga kimlar kiritilishini bilasizmi?

"Yoshlar daftari"ga doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha 14-30 yoshgacha bo‘lgan quyidagi toifadagi yoshlar kiritilad…
08:24 / 17.11.2024
18-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

18-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

Harorat kechasi 4-6, kunduzi 16-18 daraja iliq bo‘ladi.
03:00 / 18.11.2024
19-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

19-noyabr kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

Harorat kechasi 6-8, kunduzi 16-18 daraja iliq bo‘ladi.
03:05 / 19.11.2024
Andijondagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Andijondagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorl…
21:04 / 18.11.2024
Endi uyda tirik pilla yetishtirganlar daromad solig‘i to‘lamaydi

Endi uyda tirik pilla yetishtirganlar daromad solig‘i to‘lamaydi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritildi.
18:16 / 17.11.2024
“Titanik”dagi kapitanning soati auksionda sotildi

“Titanik”dagi kapitanning soati auksionda sotildi

Henry Aldridge and Son auksion uyining xabar berishicha, “Titanik”ning 700 dan ortiq yo‘lovchisini qutqargan “Karpatiya” kem…
10:22 / 18.11.2024
Tanzaniyada 4 qavatli bino qulab tushdi

Tanzaniyada 4 qavatli bino qulab tushdi

Tanzaniya poytaxti markazidagi binoning qulashi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi.
20:19 / 17.11.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!