26 mln. soʻmga teng boʻlgan qalbaki kupyurani muomalaga kiritmoqchi boʻlgan guruh ushlandi. Bu haqda Toshkent IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 21-sentyabr kuni Yangiyoʻl shahar ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, koʻp miqdordagi qalbaki kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi boʻlgan bir guruh shaxs daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, bundan bir necha kun oldin Chirchiq shahrida yashovchi 31 yoshli fuqaro (A.U) 37 yoshli ayoli (K.K) bilan birga uch nafar tanishlari (bir nafar ayol va ikki erkak)ni jalb qilgan holda bir guruh boʻlib, Boʻstonliq tumanida joylashgan dala hovlilarning birini ijaraga olgan va u yerda 100 va 200 ming soʻmlik Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasini qalbaki usulda tayyorlagan.
Oradan biroz vaqt oʻtib, ushbu kupyuralarni muomalaga kiritish maqsadida Yangiyoʻl shahar markaziy bozoriga kelgan ushbu shaxslar (tadbirkorlar xabari asosida) ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan gumonlanuvchi tariqasida qoʻlga olingan. Holat yuzasidan xolislar ishtirokida oʻtkazilgan tintuv jarayonida ulardan jami qiymati 26 mln 200 ming soʻmga teng boʻlgan 100 va 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralar va rangli printer daliliy ashyo sifatida olingan (qalbaki pullarga nisbatan ekspertiza tayinlangan).
Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!