Mutolaa nafaqat soʻz boyligi va dunyoqarashni kengaytiradi, balki tasavvurni rivojlantirishga ham yordam beradi. Xilma-xil kitoblar oʻqib, yangi atama va nutqning oʻziga xosliklarini eslab qolasiz. Kitob mutolaa qilayotganimizda biz yangi dunyoga shoʻngʻib ketamiz. Agar siz intellektingizni oshirmoqchi boʻlsangiz, “yengil” adabiyotlar bilan bir qatorda murakkab asarlarni ham mutolaa qilishingiz lozim. Bu miya faoliyatini yaxshilashning eng samarali usullaridan biridir. Mutolaa jarayonida miyangizda empatiya, his-tuygʻu, qaror qabul qilish va avtobiografik xotira uchun masʼul boʻlgan toʻqimalarni ragʻbatlantirasiz. Xoʻsh, aqliy rivojlanish uchun kitoblarni qanday tanlash va oʻqish lozim? Ushbu maqola orqali bir qancha maslahatlarga ega boʻlasiz.
Siz endi “maktab bolasi” emassiz
Maktab davrini eslaylik. Maktabda koʻpchilik oʻqituvchining savollariga javob berish, nazorat sinovlaridan yaxshi oʻtib olish uchungina oʻqiydi. Esingizda boʻlsin, siz hozir oʻqituvchi uchun emas, balki oʻzingiz uchun bilim olasiz.
Aytaylik, siz Peloponnes urushi haqida mutolaa qilyapsiz. Unda asosiy eʼtiborni raqamlar yoki joy nomlariga emas, koʻproq qarama-qarshi tomonlarning strategiyalariga qarating. Kim nima sababdan gʻalaba qozondi? Tomonlarning yutuq va kamchiliklari nimada edi?
Mulohazalar bilan tanishib chiqing
Asarning xotimasi va muallifning asosiy mulohazalarini oldindan bilish asar mavzusi haqida tasavvurga ega boʻlishga yordam beradi. Shuningdek, odatda birinchi 50 sahifadayoq biz muallif nima demoqchi ekanligini tushunamiz. Shunda siz “Bu kitobni oʻqish men uchun nega kerak?” va “Uning asosiy gʻoyasi qanday?” degan savollarga javob izlaysiz. Bundan tashqari, boshqa kitobxonlarning ushbu kitob haqidagi fikr-mulohazalari bilan ham tanishib chiqish zarar qilmaydi. Mulohazalardan uning intellektual qiymatini aniqlash yanada oson boʻladi.
Tushunmaganlaringizga beeʼtibor boʻlmang
Siz hamma narsani ham birdan tushunmasligingiz mumkin. Asosiysi, beeʼtibor boʻlmasdan ular haqida boshqa manbalardan ham maʼlumot qidiring. Misol uchun, tarixiy urushlar haqida oʻqiyotganingizda, jang maydonini tasavvur qilish muhim. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun hududning xaritalarini oʻrganib chiqishingiz maqsadga muvofiq.
Muhim joylarni belgilab qoʻying
Sizni qiziqtirgan va oʻylantirgan barcha joylarni xatchoʻp yoki markerda belgilang. Shaxsiy fikrlaringiz boʻlsa, albatta kitobning hoshiyasiga qalam bilan yozib qoʻying. Kitobni buzishdan aslo qoʻrqmang. Nima uchun oʻqiyotganingizni unutmang. Asosiy maqsad – kitobdan axloqiy va intellektual saboqlarni oʻrganish. Bunday eslatmalar bilan esa u sizga koʻproq foyda keltiradi.
Kitobga qayta murojat qiling
Mutolaa qilish intellektual salohiyatingizni oshiradi. Eʼtiborlisi, aqliy rivojlanish kitobni tugatganingizdan keyin ham davom etadi. Funksional magnit-rezonans tomografiya yordamida Emori universitetida oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, mutolaadan soʻng ham bizning miyamiz kamida besh kun davomida faollikni saqlab turishga qodir. Yanada bilimga ega boʻlish uchun bir yoki ikki hafta oʻtgach, kitobni qayta varaqlang. Oʻzingiz uchun muhim deb bilgan maʼlumotlarni kerakli joyga qayta qayd qilish ham zarar qilmaydi. Bu orqali siz bilimingizni mustahkamlaysiz. Balki ulardan keyinchalik qayerdadir foydalanishingiz ham mumkin.
Oʻqiganlaringizni amalda qoʻllang
Siz bejizga muhim maʼlumotlarni belgilab olmagansiz. Ulardan ishda va kundalik hayotda foydalanib turing. Olingan bilimlarni qoʻllashdan qanchalik mamnun boʻlsangiz, shunchalik koʻp rivojlanishni xohlaysiz.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!