1788-yilning 26-yanvar kuni Avstraliyaning Sidney shahriga asos solingan. Tarixshunoslar ayni vaqtda Sidney joylashgan hududda bundan 30000 yil avval ham odamlar hayot kechirganini aytishadi.
– Sidney – Avstraliya shaharlari orasidagi eng kattasi hisoblanadi. Uning nomi shaharga asos solingan vaqtdan beri bir necha bor oʻzgargan. Shaharga Sidney nomi oʻsha vaqtlarda hududda faoliyat yuritgan Buyuk Britaniya ministri sharafiga berilgan.
– Sidneyda hayot kechiruvchi aholining 30 foizi – Avstraliyaga boshqa mamlakatlardan koʻchib kelgan muhojirlardir.
– Sidney – dunyodagi eng koʻp millatli shaharlar oʻntaligiga kiradi.
– Sidney shahri uzoq yillar davomida Avstraliya poytaxti nomi uchun daʼvogarlik qilgan. Uning bu boradagi asosiy raqibi – Melburn shahri edi. Natijada ushbu shaharlarning ikkisi ham poytaxt nomini ololmagan, ushbu bahsga barham berish uchun butunlay yangi – Kanberra shahri qurilgan.
– Sidney shahri har yili dunyodagi eng qimmat shaharlar oʻntaligidan joy olib keladi.
– 2000-yili Olimpiya oʻyinlari Sidney shahrida oʻtkazilgan.
– Sidney shahriga har yili 10 million nafar sayyoh tashrif buyuradi.
Diqqatga sazovor maskanlar
Sidney opera teatri
Kema yelkanlarini yodga soluvchi Sidney opera teatri Jekson porti yonida barpo qilingan. Teatr binosi mehmonlar uchun yil boʻyi ochiq turadi. Bino ichida biri sahna asarlari, yana biri simfonik musiqa uchun moʻljallangan ikkita zal, shuningdek restoranlar, kafe va doʻkonlar joylashgan.
Xarbor Brij koʻprigi
Bu dunyodagi eng katta arkali koʻpriklardan biri hisoblanadi. Uning asl goʻzalligidan bahramand boʻlish uchun sayyohlar koʻprikni uning ostidan suzib oʻtayotgan layner palubasidan turib tomosha qilishadi. Shu oʻrinda koʻprikning shahardagi transport infratuzilmasida ham muhim strategik ahamiyat kasb etishini unutmaslik kerak. Koʻprik ustidan har kuni 200 mingta avtomobil yurib oʻtadi. Koʻprik ustida temiryoʻl, piyodalar va velosipedchilar uchun moʻljallangan maxsus yoʻlaklar ham bor.
Sidney akvariumi
Sidneyning sharqiy qismida ulkan akvarium kompleksi joylashgan. Bu yerga har yili milliondan ortiq odam tashrif buyuradi. Akvarium bundan 30 yil avval, Sidney shahriga asos solinganining 200 yilligiga sovgʻa sifatida ochilgan.
Darling Xarbor tumani
Darling Xarbor tumani Sidneyning markaziy qismida joylashgan boʻlib, u sayyohlar orasidagi eng mashhur joylardan biriga aylangan. Mazkur tumanda restoranlar, Sidneyning eng yaxshi mehmonxonalari joylashgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!