39 yoshli Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyati davomida uni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Futbolchi bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan xayrlashuv maktubida ma’lum qildi.
7-oktyabr kuni Argentina o‘rtoqlik uchrashuvida Beninni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur bahs Messi uchun milliy terma jamoadagi so‘nggi o‘yin bo‘ldi. Uchrashuvda hujumchi bitta gol urib, ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
“Kecha mening so‘nggi o‘yinim bo‘ldi va men allaqachon shu rangdagi libosni kiyishni sog‘inib ulgurdim. Men to‘g‘ri qaror qabul qilayotganimni bilaman. Bu quvonch va qayg‘ularga boy ajoyib sayohat bo‘ldi. Har bir qadam bunga arzirli bo‘lganini angladim. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarim hali juda ko‘p. His qilayotgan barcha tuyg‘ularimni bir necha so‘z yoki bitta xabar bilan ifodalay olmayman”, deb yozdi Messi.
Futbolchi ushbu faoliyatida oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari va murabbiylarining hissasi katta bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, u Argentina futboli afsonasi Diyego Maradona xotirasini ham yodga oldi.
Messi 2023 yildan buyon MLS vakili “Inter Mayami” safida to‘p tepmoqda. U Argentina terma jamoasi bilan 2022 yilgi Jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika Kubogi hamda 2008 yilgi Olimpiadada g‘olib chiqqan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Messi Argentina terma jamoasi safida 208 ta uchrashuvda maydonga tushib, 126 ta gol urgan. U milliy jamoa tarixida o‘tkazilgan o‘yinlar va urilgan gollar bo‘yicha rekordchi hisoblanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!