“Nike” transmilliy kompaniyasi o‘z brendi ostidagi sport poyabzallarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga 2019-yilda rasman ruxsat bergan edi. Amerika brendini O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan alohida strategiya asosida dunyoga mashhur “Nike” brendi oilasining ishlab chiqaruvchilari qatoridan O‘zbekiston nomi ham joy oldi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, xitoylik investorlar tomonidan 3 mln. dollar evaziga Andijon viloyatida ish boshlagan “Sino International” xorijiy kompaniyasi o‘tgan 5 yil mobaynida “Nike” kompaniyasi tomonidan belgilab berilgan xalqaro standartlar xususan, ishlab chiqarish liniyalarini barpo etish, ishchi-mehnatchilarga muqobil sharoitlarni yaratish, brend tomonidan yo‘lga qo‘yilgan sifat nazoratlarini to‘liq bajarishi natijasida brend krossovkalarining dastlabki partiyasi ishlab chiqarilishi boshlangan.
“Bugungi kunda “Sino International” xorijiy kompaniyasida 50 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Sport poyabzallarining tag qismlarini quyish va ustki qismlarini tayyorlash linyalari o‘z faoliyatini boshlagan. O‘zbekistonlik mutaxassislarning malaka va ko‘nikmalari esa “Nike” kompaniyasining Xitoydagi fililalidan kelgan texnologlar, dizayner va bichuvchilar tomonidan oshirilmoqda. Korxonada kuniga 6000 juft krossovka ishlab chiqarish imkoniyati bor. Yil oxiriga kelib bu quvvat 2 xissa ortishi rejalashtirilgan”,– deyiladi uyushma xabarida.
“Sino International” xorijiy kompaniyasining mahsulotlari allaqachon O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston bozoridan joy egalladi. Kelgusi yildan mahsulotlar Pokistonga ham yuboriladi.
“Sino International” xorijiy kompaniyasi bu bilan to‘xtab qolmasdan “Adidas” tomonidan qabul qilingan standartlarni yakuniga yetkazib, “Adidas” brendi ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!