O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Islomobodda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan batafsil muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston – Pokiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.
Shuningdek, Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Asim Munir, Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi va Pokistonning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.
“Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Pokistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan birining faxriy doktori va professori unvonlari berildi.
Pokiston poytaxtidagi ko‘chalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan bog‘ga esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani tarixiy meros mushtarakligi, O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashganining ramzi bo‘ldi.
Davlat tashrifi yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi. “Nurxon” aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!