$
11778.45 UZS
5.5
₽
138.35 UZS
-2.79
€
13198.93 UZS
-25.62
31° Kechasi 18°

Qadimiy mahallalar, “tomoshagoh” hovlilar...

14:39 / 23.12.2021

O‘zbekistonda shaharsozlik sohasida o‘ziga xos jarayon boshlangandek – mahallalar ichida “dom”lar qad ko‘tarayapti. Uy-joylar ko‘paygani-ku, yaxshi. Lekin aynan mahallalar ichidagi “dom”lar shaharsozlik talablariga qanchalik muvofiq keladi? Qadriyatlarimizga-chi?

“Yuqoridan suratga yoki videoga olmasin-da…”

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bir guruh olimlarining fikricha, shahardagi meʼmoriy yodgorliklar tarixiy muhiti hisoblangan uy joylar, infrastruktura sifatidagi qurilishlar bir-ikki qavatdan oshmasligi va, shuningdek, shaklan tarixiylikka muvofiq bo‘lishi kerak. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchidan, mahallalarda allaqachon foydalanishga topshirilgan 3 qavatli bo‘lsin, 9 qavatli bo‘lsin “dom” lar (mehmonxona, restoran, savdo majmuasi va hokazolar ham) atrof hovlilarda yashovchi aholi hayotiga qanchalik taʼsir ko‘rsatayapti, degan savol ham paydo bo‘layapti. Zero, bu borada murojaatlar, eʼtirozlar kam emas.

O‘tgan yillarda Samarqandning tarixiy qismida noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar atrofida shov-shuv yetarlicha bo‘ldi. Ikki qavatli imorat loyihalashtirib, 7 qavatli qurilgan “dom”lardan biri odamlar ko‘chib kirmasdanoq tekislandi. Tadbirokr Umar Rajabovning o‘zi esa jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Eski gapni yangilamoqchi emasmiz. Lekin, aynan shu tadbirkorning ikkinchi “dom”lar majmuasi bugun ham yon atrofdagilar noqulaylik yaratayotgani  bor gap.

Bu yerda gap Shohi Zinda va Dahbed ko‘chalari kesishgan joydagi 12 qavatli ulkan majmua haqida ketmoqda. Bu yerda oltinchi, yettinchi qavatlargacha aholi ko‘chib kirishgan.

“Yoz kunlari derazalarini ochib qo‘yishadi, uy egasi sifatida haqlari bor, lekin yarim kechasi baland musiqasimi, oilaviy janjali ovozimi baralla bizgacha keladi. Deraza shuncha ko‘pki, aynan qaysi derazadan ovoz kelayapti, bilolmaysiz” deydi pastdagi hovlilardan birida yashaydigan ayol. Uning aytishicha, domdagi ayrim xonadonlarga talaba yigitlarni ijaraga qo‘yishgan.

“Ayrimlari kun bo‘yi deraza yonida o‘tirib olib kimlargadir hushtak chalishadi, hatto ko‘chadan o‘tayotganga bo‘lsa ham, biz ayollar, qizlarimiz ham o‘z hovlimizda bir ish qilolmaymiz. Chorpoyada oyog‘ingni uzatib ham o‘tirolmaysan, noqulay. Xo‘jayinim faqat “Birortasi suratga yoki videoga olsa qaydan bilasan?” deb vahima qilaveradilar” deydi ayol. Bunday “nomahram”likdan aziyat chekayotganlar murojaatning foydasi yo‘q deb hisoblashadi. “Ko‘rinib tursak ham metr jihatdan uzoq ekanmiz” yoki ”180 darajada emas, biz ko‘ndalang tomondan ko‘rinarkanmiz” deganlari bo‘ldi.

“Hokimni uyimda yashashga taklif qilaman!”

Samarqandda “dom”dan qaralganda pastdagi hovlilar ko‘rinadigan binolar shundan keyin ham qurildi, qurilmoqda. Faqat endi qavatda sal ehtiyotkorlik qilinayapti. (2018 yilda Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev noqonuniy qurilishlar haqida “Uch qavatdan baland binolarning yuqori qavati buziladi” deganini aksariyat 3 qavatli bino ko‘tarishga ruxsat deb tushunishgan).

Yuqorida tilga olingan 12 qavatli majmua joylashgan “Afrosiyob” mahallasidagi yana bir “dom” bilan yaqindan tanishdik. Bu “Shohi Zinda” ko‘chasi, 83-uy manzilidagi 3 yarim qavatli (3 qavat + yerto‘lasi yerdan 2 metr baland) bitayotgan bino. Bu uyning o‘rnida 2 qavatli chog‘roq kottej bo‘lgan. Yo‘l kengaytirilishi asnosida eski bino buzilib, egalari ko‘chirilgan. Ularning bu borada daʼvolari yo‘qdir, ehtimol. Lekin yon-atrofdagi qo‘shnilar, “Shohi Zinda” ko‘chasi 3-o‘tish yo‘li, 32-A, B, V uylarda yashovchilar hasratlari eʼtiborga loyiq. Ularning aytishicha, qurilishga bosh-qosh bo‘lganlar avvaliga derazalar hovlilarga qaratilmaydi, deb aytgan. Lekin bu vaʼda bajarilmagan. O‘rtadagi bolalar maydonchasi, unga qo‘shilgan hudud ham keyinchalik o‘zlashtirib olinishi maʼlum qilinmagan.

“Dom”ga eng yaqin joylashgan hovli sohibi Baxtiyor Jabborov bitayotgan bino va o‘z uyi orasidagi masofani qadamlaydi. “6 metr yo chiqadi, yo chiqmaydi” deydi u.

Baxtiyor hovlisi qarshidagi derazalardan “tomoshagoh” bo‘lib ko‘rishidan jig‘ibiyron bo‘ladi: “Ayolim bor. O‘g‘illarimga qo‘sh kelin tushirmoqchimiz. Uying bunday tomoshagoh bo‘lib turishi shariatga ham to‘g‘ri kelmaydi, qonunchilikka ham” deydi u.  Buning ustiga “dom” quyoshni ham to‘sarkan.

Baxtiyorning yon qo‘shnisi Anvar Donaboyev 1-guruh nogironi. Oilali, farzandlari bor. Ular mana shu kamtarona hovlida yashashadi. Anvar buzilgan televizor, tikuv mashinasi va turli texnika vositalarini tuzatishdan topgan daromadini bolalari o‘qishiga sarflaydi.

“Xo‘p, pullari bor ekan, sotib olishibdi, tarixiy hudud bo‘lsa ham balandlatib ko‘taribdilar. Lekin bu degani puldorning o‘z kunida yurgan oddiy odamlarni xo‘rlashi mumkin degani emas-ku” ehtirosga berilib gapiradi u.

Anvarga “Tez yordam” xizmati kerak bo‘lib turarkan. Uning aytishicha, so‘nggi marta “Tez yordam” chaqirilganda mashina ichkariga kirolmagan. Oraliqda qolayotgan xonadonlarga kirish yo‘lidan ham “tadbirkor” yangi qo‘shnilar o‘z hududlariga qo‘shib olishgan. Buning ustiga kirish yo‘li yana boshqa “tadbirkor” (85 uy-o‘rnida) kavlattirayotgan ulkan chuqurlik bir necha joyidan o‘pirilib tushganidan o‘tish joyi yana torayib qolgan.

Yerto‘la deb qazilayotgan ulkan handaqni ham ko‘rdik. Butun boshli hovli o‘rni qazib tashlangan.Uning chuqurligi 8 metrcha keladi. Ajablanarlisi, mahalla ichkarisi qo‘shnilari uyining shundoqqina orqasidan, ulardan ruxsat so‘ramay ana shunday chuqurlik qazilgan. Qo‘shnilar bu “katlavan” o‘rnida qanaqa “tadbirkor”lik qilinishi va binoning balandligi qanday bo‘lishini ham bilishmaydi. Tabiiyki, yon atrofdagilar imoratiga tirkalgan ishlab chiqarish sexi yoki boshqa bir “ishbilarmonlik” qo‘shnilar tinchgina hayotiga taʼsir qilmasligiga kim kafolot beradi?

Anvar bilan yonma-yon yashaydigan Oloviddin Sanaqulov na bolalar maydonchasi, na bir o‘rindiq qo‘yiladigan joyi, na bir bog‘ rayhon ekiladigan parcha yeri va na mashina “parkovka”si bo‘lmagan bu dom bilan qo‘shnichilikni tasavvur qilolmaydi.

“Darvozamiz oldigacha mashinalarini qo‘yishadimi? Yomg‘ir suvlarini olib chiqaradigan ariqni ham yopib tashlashdi. Qorli-yomg‘irli kunlarda botqoqda qolayapmiz”, deydi u.

“Dom” ning haqiqiy egasini esa ko‘rish, suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

Anvar esa alamzada gapiradi: “Prezident portaliga yozdik. Agar portaldan hal qilisholmasa, aholi joylashib olgach, bo‘shatib beraman, hokim uch kungina xotin, bola-chaqasi bilan mening uyimda yashab ko‘rsin...”

Rasmiylar nima deydi?..

Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ozodjon Rahmatov “Shaharsozlik norma va qoidalari” (SHNK)da aynan bu vaziyat ko‘zda tutilmaganini aytadi.

“Meʼyorda, masalan,3 qavatli va 3 qavatli yoki 3 qavatli va 5 qavatli (va hokazo 5x5, 7x3, 7x5 ...) uylar orasidagi masofa ko‘rsatilgan, biroq 3 qavatli yoki 5 qavatli uyning 1 qavatli uyga nisbatan masofasi meʼyori haqida hech narsa yo‘q” dedi u.

Yuqoridagi holatning SHNKda nazarda tutilmagani bu normaning noqislimi? Aslida  mahalla ichida “dom” qurishning o‘zi noqislik, meʼyorning o‘ziga sig‘maydigan holat emasmi? Samarqand shahri kengaytirilayapti: yangi qismlarda nega shu “dom”larni qatorlashtirib qurib tashlashmaydi?

Ozodjon Rahmatov hovlida yashovchilar sudga murojaat qilganda, masalani sud hal qilinishini aytdi.

Yuqorida tilga olgan hujjatda 2 va 3 qavatli uylar oralig‘idagi masofa kamida 15 metr bo‘lishi kerakligi uqtirilgan. SHNKda, shuningdek, yaqqol ko‘rinmaslik va yong‘inga qarshi ehtiyot choralari talablari ham bor. Jumladan, tomorqa uchastkalari bo‘lgan qo‘shnichilikda mana shunday talablar qo‘yilganki, bular o‘rganayotganimiz “dom”  va hovlilar nisbatiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadordir.

Har qanday bino qurilishi qo‘shni uchastka egalari bilan kelishilishi, turar joy uyi va xo‘jalik binolarining qo‘shni uchastkalardan ko‘rinish panaligini hamda qo‘shnining turar joy uyiga quyosh tushishi normalarini taʼminlashi lozim.

Bu yerda turar joy uyiga quyosh tushishi normalari deganda, istiqomat binolariga 22-martdan 22-sentyabrgacha bo‘lgan davrda kuniga 2,5 soat davomida, yotoqxona, o‘yin va bolalar maktabgacha tarbiya muassasalarida 3 soat davomida uzluksiz quyosh tushib turishini taʼminlanishi ko‘zda tutilgan.

O‘zlarini jabrdiyda hisoblayotgan qo‘shnilar suddan ko‘ra Prezident portaliga murojaat qilishni afzal bilishgan.

Aftidan, hatto sudga murojaat qilinganda ham tadbirkor muammoning yechimi sifatida mana shu qo‘shnilar hovlilarini sotib olishni taklif qilishi ehtimoli katta. Shunda loyihaga kiritmagan “parkovka”, bolalar maydonchasi, ko‘kalamzor, o‘rindiqlar uchun ham joy paydo bo‘ladi. Aksar hollarda bu kabi ssenariylar oldindan rejalashtirilishi aytiladi. Maqsadga erishilganda, yaʼni yaqin qo‘shnilar ko‘chirilganda ham “tomoshagoh”lar ortidagi o‘nlab boshqa hovlilar panaligi taʼminlanmay qolaveradi.

Hovlidagilarning aytishicha, qurilish va obodonlashtirish ishlaridan xabar olgani kelgan shahar hokimi va qator mutasaddilarga ular murojaat qilishgan, mulozimlar tinglashgan. Lekin muammo muammoligicha qolmoqda.

Samarqandning boshqa mahallalarida ham hovlilar panaligi ta’minlanmagan binolar ko‘paymoqda. Ayni kunlarda Samarqandning Gʻiyosiddin Jamshed mahallasida 5 va 6 qavatli binolar ko‘tarilayapti. Viloyat hokimining so‘nggi qabulida “Kavarzor” mahallasida 5 qavatli “dom” qurish taklifi ma’qullandi.

Mustahkam Tangriyorova

P/S: Maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham mahallalar ichida “dom”lar qurilmoqda ekan. Shunday “dom”lar manzili, suratlari, qulayligi yoki noqulayligi haqida fikringizni yozib tahririyatga jo‘nating. Albatta, manzil va shaxsingizni tanishtiring (shaxsingiz sir saqalandi, -tahr.)!

Mavzu atrofidagi tahlilga o‘z hissasini qo‘shayotganlarga oldindan minnatdorchilik bildiramiz.


Bu ham qiziq

Sirojiddin Adilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Sirojiddin Adilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 2026-yil 5-oktabrdagi hukmiga ko‘ra, “Sirojiddin media” MChJ rahbari Adil…
16:24 / 05.10.2026
O‘lat xavfi fonida Tramp Rossiyaga yordam taklif qildi

O‘lat xavfi fonida Tramp Rossiyaga yordam taklif qildi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat kasalligi tarqalishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosa…
15:24 / 06.10.2026
Erling Xoland soch turmagi tasviridan foydalanilgani uchun aviakompaniyani sudga berdi

Erling Xoland soch turmagi tasviridan foydalanilgani uchun aviakompaniyani sudga berdi

“Manchester Siti” va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Xoland Norwegian Air Shuttle aviakompaniyasini sudga berdi. D…
12:02 / 05.10.2026
Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tavallud kuni bilan tabrikladi

5-oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot q…
12:17 / 05.10.2026
Dollarning rasmiy kursi yana ko‘tarildi

Dollarning rasmiy kursi yana ko‘tarildi

Markaziy bank 7-oktyabrdan boshlab xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.
17:48 / 06.10.2026
Vilnyusda chiqindi inqirozi: favqulodda holat e’lon qilinishi mumkin

Vilnyusda chiqindi inqirozi: favqulodda holat e’lon qilinishi mumkin

Litva poytaxti Vilnyusda chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda. Shaharda to‘planib qolgan chiqin…
12:19 / 04.10.2026
O‘zbekistonda bugun yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutiladi

O‘zbekistonda bugun yog‘ingarchiliksiz ob-havo kutiladi

6-oktabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Respublika hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz…
17:35 / 05.10.2026
Flydubai kapitaniga hujum qilgan ikkinchi uchuvchi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

Flydubai kapitaniga hujum qilgan ikkinchi uchuvchi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

30-sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai samolyotida kapitaniga hujum qilib, boshqaruvni egallashga uringan …
12:30 / 04.10.2026
Google Gemini’ning ayrim modellariga bepul kirishni cheklaydi

Google Gemini’ning ayrim modellariga bepul kirishni cheklaydi

Google shaxsiy akkaunt foydalanuvchilari uchun Gemini modellaridan foydalanish shartlarini o‘zgartirmoqda. 9-oktyabrdan bosh…
12:07 / 05.10.2026
NKMK olti oyda 2,38 mlrd dollar sof foyda oldi

NKMK olti oyda 2,38 mlrd dollar sof foyda oldi

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 2026-yilning birinchi yarim yilligi uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘r…
13:46 / 05.10.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!