Rossiyaning Ufa shahrida 12 ta avtomobil ishtirokidagi yirik YTHga sabab bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi og‘ir jarohat olgan. Bu haqda “Kommersant” sud qaroriga tayanib xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda Shacman rusumli yuk samosvalini boshqargan. U ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasini sodir etishda aybdor deb topilgan.
Voqea 2025-yil oktyabr oyida yuz bergan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yuk mashinasining tormoz tizimi nosoz bo‘lgan. Haydovchi esa transport vositasining texnik holatini tekshirmagan.
Shuningdek, u yuk og‘irligini belgilangan me’yordan oshirgan, yo‘l sharoiti va avtomobilning holatini hisobga olmagan hamda tezlikni oshirib harakatlangan.
Natijada yuk mashinasi boshqaruvdan chiqib ketib, Ufa shossesi va Chudskaya ko‘chalari kesishmasiga yaqin hududda 12 ta avtomobil bilan to‘qnashgan.
Yirik avariya oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olgan.
Sud o‘zbekistonlik haydovchini 9 yilga koloniyaga yuborish bilan birga, jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin uch yil davomida avtomobil boshqarishini taqiqladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!