Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro M.S. ismli ayol o‘zining vaqtinchalik vasiyligida bo‘lgan 2017 va 2019-yillarda tug‘ilgan qizlarga nisbatan ularning xorijda bo‘lgan onasidan pul undirish maqsadida bosim o‘tkazgan. U bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilgani hamda bu holatlarni videoga olgani aniqlangan.
Bolalar ombudsmanining hududiy vakili voqea joyiga chiqib, bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan. Hozirda holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Shuningdek, vasiylik organi tomonidan fuqaro M.S. vasiylik huquqidan chetlatilgan. Bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Qizlarning ruhiy holatini tiklash maqsadida psixolog jalb etilgan. Hozirda ular oilaviy bolalar uyiga joylashtirilib, yaqin hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilgan.
Mutasaddilar bolalarning xorijdagi onasining ota-onalik majburiyatlarini bajarish darajasini ham o‘rganmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!