Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdel Rahmon al-Jalajelning ma’lum qilishicha, Haj vaqtida 1301 ziyoratchi halok bo‘lgan. Ularning 83 foizi tegishli vizaga ega emas edi. Shuning uchun ular uzoq masofalarni quyoshdan pana holda bosib o‘tishga majbur bo‘ldilar. Marhumlar Makkada dafn etiladi. Bu haqda vazir “Al-Ixbariya” davlat telekanalida ma’lumot berdi, deya xabar bermoqda “Kommersant”.
95 nafar ziyoratchi shifoxonalarda davolanmoqda, ularning bir qismi Ar-Riyodga olib ketilgan.
Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash jarayoni cho‘zilib ketgan, chunki ko‘pchiligining yonida hujjatlari bo‘lmagan.
Qurbonlarning 660 nafari misrliklar bo‘lib, ularning bor-yo‘g‘i 31 nafari mamlakatda bo‘lib turish huquqiga ega bo‘lgan. Misr ziyoratchilarga noqonuniy ravishda Saudiya Arabistoniga jo‘nashda yordam bergan 16 ta sayyohlik agentligini litsenziyadan mahrum qilgan.
Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida 165 nafar indoneziyalik, 98 nafar hindistonlik va o‘nlab Iordaniya, Tunis, Marokash, Jazoir va Malayziya fuqarolari bor. Bundan tashqari, yetti nafar rossiyalik va ikki amerikalik ham vafot etgan. Ko‘pchilik holatlarda o‘lim kuchli jazirama fonida jismoniy charchoq va suvsizlanish oqibatida yuz bergan.
“Bu yil haj 14-iyundan 19-iyungacha davom etdi. Unda 1,8 million kishi qatnashdi. Kunduzi havo harorati 46-49 daraja atrofida bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!