O‘zbekistonda ilk bor 2027-yil 4–5-fevral kunlari “Tashkent Content Market” (TCM) xalqaro kontent bozori o‘tkaziladi. Tadbirning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy maqsadi milliy filmlar, seriallar, animatsiya va raqamli mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish hamda xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishdan iborat.
Taqdimotda 20 dan ortiq teleradiokanal, 15 dan ziyod OTT/VOD va onlayn platforma, 7 ta davlat tashkiloti va sohaviy muassasa, shuningdek, qariyb 40 ta kinostudiya, media kompaniya, ijodiy jamoa va kinoteatr vakillari hamda mustaqil ijodkorlar ishtirok etdi. Ularga tadbir dasturi, ishtirok etish shartlari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida ma’lumot berildi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, TCM doirasida xalqaro ko‘rgazma, forum va muhokamalar, biznes uchrashuvlari (B2B), loyihalar namoyishi hamda mahorat darslari tashkil etiladi. Tadbirda 50 dan ortiq davlatdan 3 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Xalqaro kontent bozorining tashkilotchisi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi. Tadbirda ishtirok etish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha batafsil ma’lumotni www.tcm.uz saytidan olish mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!