Olimlar umurtqali jonzotlar tarixida eng katta va eng kuchli baliqlarning o‘limi sabablarini o‘rganishdi. Megalodon Yer yuzida qachonlardir yashagan akulalardan eng kattasidir. Olimlarning uning toshga aylanib qolgan suyak qoldiqlarini o‘rganishlari natijasida bu nahangning uzunligi 18 m, og‘irligi 65 t bo‘lganligi va kitsimonlar bilan oziqlanganligi ma'lum bo‘ldi. Bu superyirtqichning bizning kunlargacha yetib kelgan qoldiqlari ko‘p topilganiga qaramasdan, uning nima sababdan yo‘q bo‘lib ketganligi haqida ma'lumotlar juda oz. “PLOS One” jurnalida chop etilgan bu yangi tadqiqot mobaynida Shveytsariya va AQSh olimlari barcha topilgan qoldiqlarni tahlil qilib, bu yirtqichning qirilib ketishining aniq davrini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar: bu hodisa 2,6 mln yil avval sodir bo‘lgan ekan.
Oziqlanish zanjirining eng yuqorisida turgan bu superyirtqichning qirilib ketishi, sayyoraning boshqa jonzotlari va umuman, butun ekotizimga o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmagan. Buning eng sezilarli oqibatlaridan biri kitlarning kattalashishi bo‘ldi: dunyo okeanining hamma joyida yashagan bu qo‘rqinchli akulalar qirilib ketgandan keyin mo‘ylovli kitlar hozirgi kundagi 33 m gacha kattalikdagi o‘lchamlarga ega bo‘lishdi. Olimlarning fikricha, aynan kitlar bu megaakulalarning asosiy oziqa manbai bo‘lgan. Kitlarning qoldiqlarida megalodonning 17 sm gacha bo‘lgan gigant tishlari qoldiqlari topilishi buning isbotidir. Olimlar yer yuzidagi eng katta yirtqichlar qirilib ketishining o‘rnatilgan sanasi bo‘yicha qanday global oqibatlar boshqa organizmlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lganini aniqlashga umid bildirishmoqda.
“Megalodon” yunonchadan “katta tish”, deb tarjima qilinadi. Har bir bunday akula 5 qator bo‘lib joylashgan 276 tishga ega bo‘lgan. Bu superyirtqichning aynan tishlari uning eng ko‘p topiladigan qoldiqlari hisoblanadi. Akulaning skeleti, umurtqa suyaklari kabi boshqa qoldiqlari kamdan-kam uchraydi. Megalodon qoldiqlari Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika, Avstraliya, Puerto-Riko, Kuba, Yamayka, Hindiston, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Mariana botig‘i kabi Yer sharining deyarli barcha joylaridan topilgan. Akula tishlash kuchi 182 000 nyutongacha yetgan – bu oq akula tishlash kuchidan deyarli 10 barobar kattadir.
P.S. Kusto hayratda….
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!