Aksariyat insonlar meva-sabzavotlar muzlatilsa, tarkibi buziladi, foydaliligi yo‘qoladi, deb o‘ylaydi. Bu yanglish fikr, albatta. To‘g‘ri, yangi uzilgan meva-sabzavotlarni yeyishga hech narsa yetmaydi. Ammo qishda buning imkoni yo‘q-da! Muzlatish – mahsulotni uzoq vaqt saqlash imkonini beruvchi usul. Birinchidan, ularni muzlagancha saqlash oson, ikkinchidan, sovuq havo ta’sirida meva-sabzavotlar tarkibidagi foydali moddalar, vitaminlar to‘liq holda saqlanib qoladi.
Muzlatilganlari nimasi bilan foydali?
Meva-sabzavotlarni muzlatish yilning barcha mavsumlarida vitaminlarni iste’mol qilishni kafolatlaydi. Buyuk Britaniyaning Chester universiteti olimlarining ta’kidlashiga ko‘ra, tomorqadan uzilib bozor peshtaxtalarigacha, ana undan keyin bizning dasturxonimizgacha yetib kelgunga qadar meva-sabzavotlar tarkibidagi vitaminlar ularni muzlatgan holda keltirganga qaraganda kamayar ekan. Ularning fikricha, muzlatilgan meva-sabzavotlarda antioksidantlar juda yaxshi saqlanadi. Antioksidantlar organizmning yaxshi ishlashi uchun ta’sir ko‘rsatadi (ayniqsa, teri, ko‘z va miya faoliyati uchun foydali). Vitaminlar yo‘qolishiga keladigan bo‘lsak, bu hukm faqat C vitaminiga tegishlidir.
Muzlatilgan meva yoki sabzavotlarda ovqatdan zaharlanishni chaqiruvchi bakteriyalar nisbatan kam bo‘ladi. Negaki, sovuq ta’sirida ularning ko‘pchiligi nobud bo‘ladi, tirik qolganlari ham faol ko‘paya olmaydi. Sarxil meva-sabzavotlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, dasturxonimizga kelgunicha o‘z butunligini yo‘qotishi, unda yoriqlar, zahm tekkan yerlar paydo bo‘lishi mumkin. Aynan mana shu narsa ularda bakteriyalar to‘planishini quvvatlaydi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, hattoki qisqa muddatli muzlatish ham 24 soatga parazitlarni o‘ldirishi mumkin.
Zarari ham bor (mi?)
Muzlatilgan meva-sabzavotlar faqat bir holatda zararli bo‘lishi mumkin: ya’ni, muzlatkichdan olingan meva yoki sabzavot eritilib, yana qayta muzlatilgan bo‘lsa... Bu holatda ularni iste’mol qilish ovqatdan zaharlanishni chaqirishi mumkin. Qolaversa, muzlatilgan meva-sabzavotlarni imkoni boricha past haroratda saqlash talab etiladi. Agar siz shu ikki tavsiyaga amal qilsangiz, muzlatilgan meva-sabzavotlar sizga hech qanday zarar yetkazmaydi.
To‘g‘ri muzlatish tartibi bilan tanishing
Meva-sabzavotlar tarkibiga zarar yetkazmay muzlatish uchun ayrim ko‘rsatmalarga amal qilish tavsiya etiladi.
• Meva-sabzavotlar yangi, sarxil bo‘lishi kerak.
• Ular yaxshilab yuvilishi, obdon quritilishi va muzlatishdan oldin katta bo‘laklarga bo‘linishi lozim.
• Ularni muzlatishda germetik (zich) yopiluvchi paketlardan foydalangan ma’qul.
• Mahsulotni idishda muzlatmoqchi bo‘lsangiz, uni yuzasi chuqur bo‘lmagan idishga solish tavsiya etiladi. Shunday qilinsa, ular bir tekisda muzlaydi.
• Qizig‘i, meva-sabzavotlarni muzlatilgan holda 1 yilgacha saqlash mumkin ekan. Meva-sabzavotlarni – 18 daraja sovuqlikda saqlash lozim.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!