8-dekabr O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanishi barchamizga ma’lum. 1992-yilda qabul qilingan mazkur hujjat huquq va majburiyatlarimizni belgilab beruvchi qonuniy asosdir. Ushbu kun davlat bayrami sifatida nishonlanadi va dam olish kuni hisoblanadi.
Boshqa mamlakatlarda 8-dekabr qanday kun sifatida nishonlanadi?
8-dekabr Ruminiyada ham Konstitutsiya kuni hisoblanadi. Ruminiyada Konstitutsiya kuni davlat bayrami emas, ammo muhim sanalardan biridir. Ruminiya Konstitutsiyasi 1991-yil 21-noyabrda qabul qilingan va 1991 yil 8-dekabrda referendum bilan tasdiqlangan. U rasman respublika boshqaruv shaklini va davlat hokimiyatini uch tarmoqqa – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sudga bo‘linishini tasdiqladi. Aynan Konstutsiya kuchga kirgan kun Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi.
Bolgariyada talabalar o‘z bayramini – talabalar kunini – 8-dekabrda nishonlaydilar. 1903-yilda Sofiya universiteti (SU) Bolgariyadagi yagona oliy o‘quv yurti edi, SU qoshidagi Ilmiy Kengash 8-dekabrni universitet kuni deb e’lon qilishga qaror qildi. Bu kun talabalar kuni sifatida ham nishonlanadigan bo‘ldi. Shu kuni Bolgariyadagi barcha oliy o‘quv yurtlari yopiladi va talabalar shovqinli-suronli davralarda o‘z bayramini nishonlaydilar.
Dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida Ukrainada xayriya kuni (“qutlovlar kuni”) nishonlanadi. Xayriya faoliyati bilan shug‘ullanadigan barcha odamlarga bag‘ishlangan ushbu milliy bayram Ukraina Prezidenti V.Yushchenkoning 2007-yil 13-dekabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan va shundan beri har yili nishonlanadi.
Ukraina prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, xayriya kuni insonparvarlik va rahm-shafqat tamoyillarini tasdiqlash, xayriya faoliyatini rivojlantirish va jamoat tashkilotlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
8-dekabr – Xalqaro rassomlar kuni bo‘lib, 2007-yilda “Jahon xalqlari san’ati” xalqaro uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.
Ba’zi ijodiy uyushmalar 25-oktabr Pablo Pikassoning tug‘ilgan kunini ham rassomlar kuni sifatida nishonlashni taklif qilishadi. Chunki uni rassomlar va mutaxassislar XX asrning eng buyuk rassomi deb bilishadi.
Rassomlar kuni nafaqat professionallar, balki san’at ixlosmandlari uchun ham bayramdir. Ijod insonda dunyodan zavqlanish va uni sevish imkoniyatini saqlab qoladi. Shuning uchun bugungi bayram barcha go‘zallik ixlosmandlari uchundir.
Tasviriy san’at bilan tanishish nafaqat bilim va dunyoqarashingizni kengaytirish, balki bu ajoyib dunyoga murojaat qilish imkoniyatini beradi. Chunki hammamiz bolaligimizda “rassom” bo‘lganmiz...
Bugun ushbu bayram sharafiga madaniy muassasalarda, muzeylarda, galereyalarda turli xil tadbirlar (plenerlar, master-klasslar, installyatsiyalar va performanslar) va mavzuli ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!