Uyqusiz o‘tgan tundan so‘ng, erta bilan ishga borish, har qanday kishini tinkasini quritadi. Kun yarmiga kelib esa u yon atrofidan sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni anglolmaydigan darajada karaxt bo‘lib qoladi. Ko‘zlar buyumlarni farqlay olmaydi, miya bu stressdan chiqib ketish yo‘lini qidira boshlaydi yoki umuman ishlashdan to‘xtaydi, tana esa faqat bir narsani — uzala tushib yotishni istaydi. Ofislarda ishlaydigan xodimlarni bu holatda ko‘rish kulgili, albatta, ammo gap mas'uliyatli vazifada ishlaydigan xodimlar haqida ketsa, hech qanday hazil ko‘ngilga sig‘maydi. Bunday odamlarni uyqusiz holda ish joylariga kelishi katta falokatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bugun biz ana shunday holatlarda insoniyat boshiga tushgan daxshatli musibatlar haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Ekson Valdez kemasining halokati
1989 yilda Ekson Valdez tankerining Alyaska qirg‘oqlarida botib qolishi natijasida undagi neft okean suviga oqib ketdi. Natijada tarixda ikkinchi marta ana shunday halokat keng ko‘lamda sodir bo‘ldi. Gap shundaki, yuk tashish kompaniyasi rahbariyati ushbu tankerdan bir muncha vaqt muqaddam, kompaniyadagi xodimlar sonini keskin qisqartirgan edi. Qolgan xodimlar esa bir smenada 14 soatlab ishlashga majbur bo‘lishgandi.
O‘sha kuni kapitan yordamchilaridan biri ish vaqtida uxlab qoladi va bu haqida o‘z vaqtida markazga xabar bermaydi. Natijada 11000000 gallon neft ochiq okeanga oqib ketadi.
Chernobyl
Chernobyl voqeasi insoniyat tarixidagi eng daxshatli yadro halokat hisoblanadi. Elektrostansiyadagi reaktorlarning portlashi texnik nosozlik natijasida kelib chiqqan. Ammo halokatni o‘rgangan mutaxassislarning fikricha, agar tegishli mutaxassislar o‘z vaqtida chora ko‘rishganida uning oldini olish mumkin ekan. Aynan halokat sodir bo‘lgan kun muhandislar 13 soatlab ishlashgan va charchaganlaridan reaktorlardagi haroratning oshib ketganiga ahamiyat qaratishmagan.
Tri-Mayl-Aylend
Tri-Mayl-Aylendda sodir bo‘lgan yadro halokati Shimoliy Amerikadagi eng talofatli fojia hisoblanadi. 1979 yilning 28 mart kuni soat tonggi to‘rtlar atrofida portlashlar sodir bo‘la boshlagan. Olib borilgan tekshiruv ishlari natijasi shuni ko‘rsatdiki, avariya sodir bo‘lgan paytda butun bir navbatchi qism uxlab qolgan va tegishli xavfsizlik choralarini ko‘rmagan.
Challenger ofati
1986 yil yanvar oyida samoga parvoz qilgan Challenger shattlining butun yer ahli kuzatib turdi. Lekin bir necha soniyadan so‘ng barcha quvonchlar daxshatga aylandi. Shattl Yer atmosferasini tark etmasidanoq xavoning o‘zida portlab ketdi. Mutaxassislarning aytishi bo‘yicha, halokat texnik nosozliklar tufayli yuzaga kelgan, biroq menejyerlar ham, startda turgan texnik xodimlar ham o‘sha kuni keragidan ortiq ishlashgan. Kim biladi, balki ular uyquga to‘ygan va diqqatliroq bo‘lishganida, halokatning oldini olish mumkin bo‘larmidi?
American Airlines 1420 reysi
1999 yilning 1 iyunida “American Airlines” komaniyasining 1420 reysi Litl-Rok shaharchasida halokatli qo‘ndi. Natijada 11 kishi halok bo‘ldi, 105 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohati olishdi. Aviahalokatlar halokatini tekshiruvchi maxsus qo‘mitaning aniqlashicha, bunga eng asosiy sabab uchuvchining qo‘nish paytida uxlab qolgani bo‘lgan.
Kanada milliy temir yo‘lidagi halokat
2001 yilning 15 noyabrida Kanadaning ikkita yuk tashuvchi poyezdining bir-biriga urilib ketishi natijasida 3000 litr dizel yoqilg‘isi oqib ketgan. Yuk poyezdlardan birining ikki xodimi uyqusizlikdan qiynalishgan va falokatdan bir necha daqiqa avval uxlab qolishgan edi. Buni Kanada Milliy transport xavfsizligi kengashi tasdiqlagan.
Air France Flight 447
2009 yil 31 may kuni Atlantika okeani tepasida Air France Flight 447 reysining halokatga uchragani sabab, bortdagi 228 nafar yo‘lovchining bari halok bo‘ldi. Qidiruv ishlarining rasmiy hisobotida keltirilishicha, uchuvchi Mark halokatdan bir kun oldin bor yo‘g‘i bir soatgina uxlagan. Samolyot tropik bo‘ronga uchragan mahal, uchuvchi uxlab yotgan bo‘lgan.
Spuyten Duyvil bekatidagi metro poyezdining halokati
Metro poyezdini boshqarib ketayotgan mashinist to‘xtash bekatiga yaqin kelish arafasida uxlab qoladi. Boshqarib bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan poyezd relsdan chiqib ketadi. 4 nafar inson halok bo‘ladi hamda 61 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishadi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha mashinist uyqusizlik kasalligiga chalingan ekan.
Selbi poyezdining halokati
2001 yilning 28 fevralida Buyuk Britaniyada katta temiryo‘l halokati sodir bo‘ldi. Uxlab qolgan mashinist pastlikda tormoz qilmagani uchun yelib borayotgan poyezd Selbi shaharchasida relsdan chiqib ketadi.
Avtomobil boshqaruvida uxlab qolish
Statistik ma'lumotlarga qaraganda avtomobil boshqaruvida uxlab qolish natijasida, dunyo bo‘ylab har yili 100 mingga yaqin avariya sodir bo‘ladi. Shulardan 20 foizi o‘lim bilan yakunlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!