Fuqarolarning bankka qo‘yadigan omonatlari sir saqlanadi, biroq ayrim organlarga, agarda mijozning qarzdorligi bo‘lsa, omonat haqidagi ma’lumot ochiqlanadi va omonatga band solinadi.
Bu haqda bugun, 17-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jismoniy shaxslarning hisobraqamlariga qo‘yilayotgan taqiq(cheklov) masalalari” mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
Bank tomonidan sir saqlanishi kerak bo‘lgan omonatlarga MIB tomonidan band solinishi qanchalik huquqiy asosga ega?
–“Banklar to‘g‘risida”gi qonunda ijtimoiy shaxslarning omonatlari kafolatlangan. Biroq ushbu qonunga ko‘ra, ayrim organlarga omonatlar haqidagi ma’lumotlarni berish mumkin. Shu jumladan Majburiy ijro byurosi (MIB)ga ham. Tergov organlari, soliq organlari hamda Hisob palatasi ham shular qatorida. Bunda omonatning summasi ochiqlanmaydi, - deydi Markaziy bank vakili Shavkat Rasulov.
Shuningdek, omonatga pul mablag‘ini qo‘yadigan mijoz va bank o‘rtasida tuziladigan tegishli shartnomada fuqaro (mijoz) qarzdorlikka kirib qolguday bo‘lsa, uning qo‘ygan omonatiga taqiq qo‘yilishi haqidagi band kiritilgan yoki yo‘qligi to‘g‘tisidagi savolga Markaziy bank vakili “bu qonunlar va bank tizimidagi me’yoriy hujjatlarda, hozircha kiritilmagani, lekin endilikda mijozni oldindan ogohlantirishni nazarda tutuvchi normalar ko‘zda tutilayotgani”ni ta’kidlab o‘tdi.
Qanday hollarda bankdagi omonatlar xatlanadi?
Byuro direktori o‘rinbosari Sh.Haydarov “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, qarzdorlarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi barcha hisobraqamlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lari va o‘zga qimmatliklari to‘g‘risida axborot bo‘lganda, ular xatlanishi belgilanganini aytdi.
Davlat ijrochilarining qarzdorga tegishli banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobraqamlarini xatlab, band solish haqidagi qaroriga asosan banklar tomonidan jismoniy shaxslarning hisobraqamlari, shu jumladan, plastik kartochkadagi mablag‘lariga band solinishi mumkin.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro ish yurituvi tamomlanishi (tugatilishi) munosabati bilan hisobraqamlarga qo‘yilgan bandlar ham bekor qilinadi, bu haqda esa manfaatdor tomonlar xabardor qilinadi.
Shuningdek, Byuro organlari iste’molchilarga yetkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzlarni har oyda eng kam ish haqining ikki baravaridan oshmaydigan summada mazkur iste’molchilarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatiladigan bank hisobraqamlaridan hisobdan chiqarish huquqiga ega.
Bank plastik kartochkasidan energiya resurslari uchun pul yechib olinmaydi
Biroq, aholi e’tirozlarining oldini olish maqsadida energiya resurslari uchun qarzdorlikni tegishli sud qarori bo‘lmagan holda hisobraqamlardan yechib olish amaliyoti joriy qilinmaydi.
Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning hisobraqam (bank plastik kartochkasi)dan energiya resurslari uchun byuro tomonidan mablag‘lari yechib olinayotgani haqidagi fikrlar asosga ega emasligi aytib o‘tildi.
Chunki ushbu murojaatlar o‘rganilganida aksariyat holatda Byuroning tegishli davlat ijrochilari ish yurituvida sud buyruqlari yoki boshqa organlardagi qarori mavjud ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimlari tomonidan Byuro, bank muassasalari va boshqa hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi elektron axborot almashish tizimi integratsiyalashuvi, shuningdek banklar tomonidan jismoniy shaxslarning Yagona identifikatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgunga qadar – sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha qarzdor jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatiladigan bank hisobraqamlariga taqiq qo‘yilishi – taqiqlanishi ta’kidlab o‘tildi.
Xabardor.uz
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!