Kompyuter sichqonchasi – yordamchi qurilma bo‘lib, foydalanuvchilarning aksariyati usiz kompyuterda ishlashni xayoliga ham keltira olmaydi. Biroq odamlar gadjetdan faqat fayllarni, oynalarni va dasturlarni tanlash, ochish va ko‘chirish uchun foydalanadilar. Sichqoncha va ba’zi kompyuter tugmachalari kombinatsiyasi kompyuter bilan ishlashni sezilarli darajada tezlashtirishi mumkinligini kam odam biladi.
Masshtabni kattalashtirish va kichraytirish
Oynadagi faylni yoki brauzerdagi veb-sahifani kattalashtirish uchun odatda “minus” va “plyus” tugmalarni qidirishadi yoki sozlamalarga o‘tishadi. Har bir dasturning hajmni o‘zgartirish borasida o‘z algoritmi mavjud, shuning uchun bu amallarni qulay yoki tez deb atash mumkin emas.
Ctrl (Control) tugmachasini bosib ushlab tursangiz va g‘ildirakni yuqoriga yoki pastga aylantirsangiz, masshtab darhol kattalashadi yoki kichrayadi. Ushbu operatsiya barcha dasturlar va fayllarda ishlaydi.
So‘z va abzaslarni tez belgilash
Matn bilan ishlaydigan foydalanuvchilar kerakli joylarni faqat sichqonchani harakatlantirish yordamida tanlashga odatlangan. Ba’zi nozik jihatlarni bilsangiz, buni juda tez bajarish mumkin.
Bitta so‘zni tanlash uchun chap tugmachani uning ustida ikki marta bosing. Agar abzasni belgilashingiz kerak bo‘lsa, abzasdagi har qanday so‘z ustida chap tugmachani uch marta tez bosish bu vazifani a’lo darajada bajaradi.
Matndagi qismni tez ajratish
Matnning har qanday qismini tanlash uchun sichqonchaning chap tugmachasini bosib ushlab turish va uzoq vaqt davomida kerakli yo‘nalishda harakatlantirish shart emas. Kursorni kerakli qismning boshiga qo‘ying, so‘ng Shift tugmachasini bosib ushlab turing va kerakli qism oxirida xuddi shu tarzda sichqoncha tugmasini bosing. Belgilagan joylaringiz orasidagi butun maydon darhol ajraladi.
Matndagi bir necha qismni ajratish
Bir nechta qismlarni ajratish kerak bo‘lgan holatlar mavjud. Odatda, foydalanuvchilar ularni birma-bir tanlaydilar va kerakli harakatlarni ketma-ket bajaradilar. Lekin siz ularni darhol tanlashingiz mumkin, hech qanday qo‘shimcha harakatlarsiz. Buning uchun Ctrl tugmachasini bosing va ushlab turing, shunchaki kerakli so‘zlarni yoki matn qismlarini tanlang.
Ushbu usul fayllar va boshqa obyektlar bilan ham ishlaydi. Masalan, papkadagi hamma fayllarni emas, balki tanlab nusxa ko‘chirsangiz Ctrl tugmachasi kerakli tanlovni osongina bajarishga yordam beradi.
Kompyuter sichqonchasining imkoniyatlari bir qarashda ko‘ringanidan ancha kengroq. Tugmalarni tez bosish va ularni kombinatsiya qilish foydalanuvchi ishini sezilarli darajada osonlashtiradi, shuning uchun kompyuter bilan faol ishlayotganda turli xil noma’lum funksiyalarni o‘rganish va eslab qolish tavsiya etiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!