Qabriston ustidagi tushlik yoki zilziladagi bazm haqida
Haqiqiy xo‘randa bo‘lsangiz ham shakl va ko‘rinishi, tartib-qoidalari bo‘yicha o‘zgacha bo‘lgan restoranlar haqida bilmasligingiz ehtimoldan holi emas. Mijozlarni jalb etish borasidagi kutilmagan marketing yo‘llari beixtiyor yoqangizni ushlashga majbur etadi. G‘ayrioddiy restoranlarning ba'zilari taajjublanarli, ba'zilari yoqimsizdir. Shunday bo‘lsada har bir mahsulot o‘z mijozini topgani kabi bu restoranlar ham o‘z xo‘randalariga ega.
Indamaslar uchun restoran (Qayerda?)
Ko‘pchilik ovqatlanayotgan paytida atrofdagilarni eshitmaslikni va hech kimga gapirmaslikni ma'qul ko‘rishadi. Lekin doim ham bunday sharoitda ovqatlanish imkoni mavjud emas. “Oling” nomli restoran egalari mana shu istakni haqiqatga aylantirishdi. Restoranda gapirish mumkin emas. Bu yerda sokinlik va jimlik hukm suradi.
Bir kishilik joylar, Niderlandiya
Amsterdamdagi bu restoranda hech kim ovqatlanish vaqtingizda e'tiboringizni tortib, oshingizga xira pashsha bo‘lolmaydi. Mazkur o‘rinda har bir kishi uchun alohida stollar o‘rnatilgan.
Zilziladagi bazm, Ispaniya
Agar Ispaniyaga borsangiz, mana shu restoranni topishga harakat qilib ko‘ring. Bu yerda muvozanatni ushlab turish qiyin. “Disaster Café”da 7,8 balli zilzilada ovqatlanganingiz uchun pul to‘lab chiqasiz. G‘ayrioddiy restoranda idish-tovoqlar sinishi — odatiy hol.
Qoyalar orasidagi kechki ovqat, Xitoy
Xitoyning Xubey muzofoti, Sinin darasi, Baxt vodiysidagi “Fangweng” restorani — sho‘r ovqatlar bilan birga, o‘tkir tuyg‘ularni yaxshi ko‘ruvchilar uchun ham yaxshi joydir. Rassom bo‘lsangiz, baland qoyalar orasida osilib turgan restoranda chiroyli manzaralar chizishingiz mumkin.
Robotlar restorani, Singapur
Bu aqlli ofitsiantlar hech qachon sizning buyurtmangizni qo‘shni stolga olib bormaydi. Ularning xotirasi juda yaxshi. Bangkokdagi “Hajime” restoranida samuraylar kiyimidagi robotlar buyurtma qabul qilishadi. Ular xatto xo‘randalarga o‘ynab ham berishlari mumkin.
Muzdan yasalgan restoran, Finlandiya
Shimoliy qutbda joylashgan bu muz restoranga borish uchun sovuqqa chidamli bo‘lishingiz kerak. Chunki bu yerda xo‘randalarga faqat sovuq ovqat va issiq ichimlik taklif qilinadi. Muz bag‘rida bug‘u go‘shtining nozik ta'midan tatib ko‘rish mumkin.
Maymun xizmati taklif etiladigan restoran, Yaponiya
Xo‘randalar bu maymunlarni yoqimli ofitsiantlar, deb atashadi. Ular juda aqlli. “Kayabukiya Tavern” restorani egasi maymunlarni mijozlarga xizmat qilishga o‘rgatgan.
Restoran-kasalxona, Tayvan
Noodatiy restoran-kasalxonada to‘g‘ri ovqatlanish, salomatlikni tiklash mumkin. Stollar bilan birga hamma yerga shifoxona-krovatlari joylashtirilgan. Noodatiy muhitda qaynoq ichimliklar hamshira kiyimidagi ofitsiantlar tomonidan shpritsda ichiriladi.
Haqoratli restoran, AQSh
J. Selindjyerning mashhur qahramoni Xolden Kolfildning bir gapi bor: hayotda uyat so‘zlar mavjud bo‘lmagan xilvat va tinch joyni hech qachon topib bo‘lmaydi. Mana shu restoran haqida gap ketganda, uning haqligiga yana bir bor iqror bo‘lasiz. “Dick´s Last”da so‘kinuvchi eng tarbiyasiz ofitsiantlar ishlashadi. Binoga kirishda har bir xo‘randaga so‘kish so‘zlari, uyatli gaplar yozilgan qalpoq kiydiriladi. Ishonasizmi, yo‘qmi, biroq bu restoranning mijozlari juda ko‘p.
Zulmatdagi tushlik, Angliya
Barchamizga ma'lumki, qorong‘ulikda tuyg‘ularimiz o‘tkirlashadi. Aynan shuning uchun ham Londondagi “Dans Le Noir” restorani doimo qorong‘i. Shu sabab bu yerda taomning mazasi va ta'mini ham yaxshi eslab qolasiz.
Eng zararli ovqatlar restorani, AQSh
Restoranga kirishingiz bilan ular ovqatning sog‘lig‘ingizga jiddiy xavf solishi haqida ma'lumot berishadi. Shunga qaramay buyurtma bersangiz katta kaloriyali va sabzavotlar solinmagan zararli taom keltirishadi. Menyuda ovqatlarning nomlanishi ham ajoyib. “Fri, undan o‘lish mumkin”, “Murdalar burgeri”, “Infarkka olib boruvchi xot-dog” va boshqalar. Restoran parhezdagilar uchun emas.
O‘liklar orasidagi ziyofat, Hindiston
Bu yerda ishtahangiz yoqimli bo‘lishi qiyin. Shunday bo‘lsa-da, eski qabrlar orasidagi tushlik tanovul etuvchi xo‘randalar ham bor.
Restoran-panorama (Samodagi tushlik)
Belgiyadagi “Dinner in the Sky” dam olish uchun juda qulay joy hisoblanadi. Maxsus kran stolingizni shahar ustida aylantirib, sizga yoqimli hislar ulashishga xizmat qiladi.
Restoran-hojatxona, Xitoy
Shansi muzofotidagi Tayyuan shahrida mana shunday ahmoqona restoran bor. Bu yerda stollar unitaz shaklida ishlangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!