$
12653.48 UZS
-109.05
159.75 UZS
-2.91
14871.64 UZS
-106.47
40° Kechasi 26°

Dunyo filmlari orasidagi eng qo‘rqinchli 15 ta tryuk

06:52 / 02.06.2015

Kino olamida kompyuter grafikalaridan foydalanish keng tarqalgan bugungi paytda, filmlarda amalga oshirilgan haqiqiy tryuklarning qadri yanada oshib bormoqda. Biz tarixga yuzlanib, bir asrdan buyon ishlangan filmlar orasidan 15 tasini tanlab oldik. Chunki ulardagi tryuklar haqiqatda mukammal va betakror bajarilgan.

1. Nihoyat, xavfsizlikda! (1923) / Safety Last!

komediya / melodrama / triller

Rejissyorlar: Fred S. Nyumeyyer, Sem Teylor

Rollarda: Garold Lloyd, Mildred Devis, Bill Strother, Noa Yang, Westcott Clarke

Ovozsiz kino davrining yulduzlaridan hisoblanmish komik aktyor Garold Lloyd nafaqat kulgili rollari bilan, hatto qo‘rqinchli tryuklari bilan ham dovrug‘ qozongan edi. 1919 yilda bir sahnada qo‘lidagi dinamit portlab ketadi hamda u ikki barmog‘i va kaftining yarmidan ajralib qoladi.

Mashhur “Nihoyat, xavfsizlikda!” filmining kulminatsiyasida, uning qahramoni — oddiy kotibga — baland binolarning devorida chirmashib yurishga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u shahardagi eng katta soatning millariga osilib qoladi. 20-yillar kinosi uchun oddiy tryuklarni bajarish ham mashaqqatli ish sanalgan. Shu bois Lloydga bu tryukni o‘zi mustaqil bajarishga to‘g‘ri kelgan. Filmda ko‘rsatilganidek, u osilib qolgan soat uncha balandlikda joylashmagan bo‘lib, ijodkorlar tomonidan dekoratsiya qilingan edi. Operatorlar esa kartinani mohirlik bilan suratga olishgan.

Xullas, film ijodkorlari tomonidan ishlatilingan bu yolg‘on ancha payt OAVlarda shov-shuv bo‘lib yurdi. 1980 yilda “Gollivud” deb nomlangan hujjatli filmda bir kaskadyor o‘shanda Lloydning o‘rniga tryukni u amalga oshirganini tan olgan.

 

2. Paroxod Bill (1928) / Steamboat Bill, Jr.

jangari / drama / komediya / melodrama / oilaviy

Rejissyorlar: Baster Kiton, Charlz Raysner

Rollarda: Baster Kiton, Tom MakGuayr, Ernest Torrens, Tom Lyuis, Merion Bayron

Balki Gollivudning eng mashhur kinotryukchisi Jyeki Chan hisoblanar, biroq Baster Kiton filmlarda shunday tryuklar o‘ylab topardiki, uning merosi hozirgi zamonaviy filmlarda ham ishlatiladi. O‘sha paytda ijod qilgan kinoustalarning aytishicha, “Paroxod Bill” komediyasining bir kichik epizodida aktyor baland bino derazasining ochilish qismida paydo bo‘lib qoladi. Kitonning qimirlashiga joy qolmaydi, agar qulasa nobud bo‘lishi tayin edi. Shu bois aynan shu sahnani suratga tushirish paytida ijodiy jamoaning yarimi ketib qoladi. Chunki bu dahshatli holatni suratga tushirishga ularning yuragi dov bermaydi-da. Sahnaning nechog‘li xavfli ekanligini faqatgina “A operatsiyasi, 2-qism”da xuddi ana shunday tryuk bajargan Jyeki Changina aytib bera olishi mumkin.

 

3. Dilijans (1939) / Stagecoach

vestern / sarguzasht

Rejissyor: Jon Ford

Rollarda: Kler Trevor, Jon Ueyn, Endi Divayn, Jon Kerredin, Tomas Mitchell

“Dilijans” – vestern yo‘nalishidagi eng yorqin filmlardan biri bo‘lib, unda apachi qabilasiga mansub hindu jangchilari nazoratida olib ketilayotgan bir guruh odamlar taqdiri haqida hikoya qilinadi. Bu kartina Gollivudda suratga olinayotgan filmlar yo‘nalishini o‘zgartirib yubordi. Hatto mashhur Orson Uells ham o‘zining “Keyn fuqarolari” filmini suratga olish uchun ushbu kartinani 40 martaga yaqin tomosha qilgan. Filmdagi eng qiziqarli sahnalardan biri, hindularning hujumi ko‘rsatilgan sahna hisoblanadi. Masalan, hindu qiyofasida filmda aks etgan mashhur kaskadyor Yakima Kanutt o‘zini chopib ketayotgan otlardan birining ustiga otadi. Biroq egarga moslashib o‘tirolmay qoladi va otdan yiqilib, tuyoqlar ostida qolib ketadi!

 

4. Ben Gur (1959) / Ben-Hur

jangari / drama / tarixiy / melodrama / sarguzasht

Rejissyor: Uilyam Uayler

Rollarda: Charlton Xeston, Jyek Xoukins, Xayya Xararit, Stiven Boyd, Xyu Griffit

Uilyam Uayler tomonidan suratga olingan biz bilgan “Ben Gur” 11 yo‘nalish bo‘yicha “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lishiga qaramay, Timur Bekmambetov boshchiligidagi ijodiy guruh uni yangi talqinda namoyish etishmoqchi.  (2016 yilda remeyki chiqishi kutilmoqda). Biroq tryuklar haqda gap ketsa, o‘sha paytlarda ishlangan “Ben Gur”ni tomosha qilish kerak bo‘ladi. Kartinaning eng mashhur, joiz bo‘lsa aytish kerakki, kino tarixidagi eng zo‘r ekshen-sahnalaridan biri hisoblanmish poyga sahnasi barchaning yodida bo‘lsa kerak. Shunisi qiziqki, sahnadagi tryuklardan biri kutilmaganda amalga oshadi. Yugurib ketayotgan aravali otlardan biri oldidagi qandaydir to‘siqdan sakraydi va arava g‘ildiraklari ko‘tarilib ketadi. Shunda uni boshqarayotgan chavandoz og‘ib ketib, aravalar ostida qolish xavfi tug‘iladi. Biroq aravani boshqarib ketayotgan kaskadyor Yakima Kanuttning o‘g‘li Jo Kanutt o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va aravani to‘g‘ri yo‘nalishda boshqarib ketadi. Suratga olish jamoasi vakillaridan birining aytishicha, keyinchalik bu sahnani ko‘rgan Yakimaning qo‘rquvdan ranglari oqarib ketgan.

 

 

5. Oltin to‘pponcha tutgan kishi (1974) / The Man with the Golden Gun

jangari / detektiv / sarguzasht / triller

Rejissyor: Gay Xemilton

Rollarda: Rojyer Mur, Kristofer Li, Britt Ekland, Mod Adams, Erve Viyeshez

Jyeyms Bond haqidagi har bir film o‘zining boy tryukli sahnalari bilan alohida ajralib turadi. Ularning o‘zidan hattoki alohida mavzu tayyorlasa ham bo‘ladi. Yana shu narsani unutmaslik kerakki, Bond obrazi mana necha yillardan beri o‘lmay “tirik” kelayotgan qahramon hisoblanadi.

“Oltin to‘pponcha tutgan odam” filmi ham o‘zining tryukli sahnalari bilan maqtana oladi. Ayniqsa, 360 darajaga qayrilgan avtomobildan sakrash sahnasi alohida ajralib turadi. Uni britaniyalik mashhur kaskadyor Bamps Villard amalga oshirgan. Mashina qayrilish vaqtini o‘sha paytdagi eng zamonaviy kompyuterlar hisoblab chiqqan. Sahnani esa sakkiz kamera turli nuqtalardan suratga tushirgan. Shu bois bu vaziyatni tomoshabin har xil vaziyatda ko‘rishi mumkin. Qiziqarli tomoni shundaki, ushbu tryuk film suratga olishdan ancha ilgari, Albert Brokkoli va Garri Zalsman uning rejalarini tuzayotgan bir paytda o‘ylab qo‘yilgan.

 

6. Meni sevib qolgan ayg‘oqchi (1977) / The Spy Who Loved Me

jangari / detektiv / sarguzasht / triller / fantastika

Rejissyor: Lyuis Gilbert

Rollarda: Rojyer Mur, Barbara Bax, Kurt Yurgens, Richard Kil, Kerolayn Manro

“Oltin to‘pponcha tutgan kishi” filmi o‘zining ajoyib tryuklari hamda qisqaligiga (oldingi filmga qaraganda ikki baravar qisqa vaqt) qaramay muvaffaqiyat qozona olmadi. Film ijodkorlariga yana bir imkon berildi va “Meni sevib qolgan ayg‘oqchi” filmi suratga tushirildi. Undagi qorli tog‘larda chang‘ilar yordamida qochish-quvish sahnasi Kanada tog‘larida suratga olingan. Film kulminatsiyasida josus 007 chang‘ida yelib kelayotgan bir paytda tik jarlikka qulaydi va bir bir necha soniyalardan so‘ngina yelkasidagi parashyut ochiladi. Bu tryukni Rik Silvestr 30 ming dollar evaziga amalga oshirgan. Shu bois u kino tarixidagi eng qimmat tryuk hisoblanadi.

 

7. Indiana Jons: Yo‘qolgan kema izidan (1981) / Raiders of the Lost Ark

jangari / sarguzasht

Rejissyor: Stiven Spilberg

Rollarda: Xarrison Ford, Karen Allen, Pol Friman, Ronald Leysi, Jon Ris-Devis

Indiana Jons haqida olingan ilk film haqida so‘z ketganda, “Yo‘qolgan kema” va Stiven Spilbergsiz zamonaviy blokbasterlar mutlaqo boshqacha ko‘rinish olardi, deyishadi. Tabiiy manzara ostida kechgan, yumorga boy ekshen-kadrlar xuddi zanjir xalqalaridek bir-biriga ulanib ketganki, tomoshabinni ekran oldiga mixlab qo‘yadi. Eng yorqin epizodlardan biri Indiananing natsistlar konvoyini kuzatib borish sahnasi hisoblanadi. Lahzalardan birida qahramon yuk mashinasining old qismiga, ya'ni radiator joylashgan joyga ilashib qoladi. Tushib ketsa, mashina g‘ildiraklari ostida majag‘lanib ketadi. Shu bois kuch bilan tirmashib chiqishga harakat qiladi. Hatto mashhur qamchisini ham ishga soladi. Ushbu mashhur tryukni professional kaskadyor Terri Leonard bajargan, ammo Xarrison Ford ham bir chetda qarab turmagan. U kaskadyor bilan ayrim sahnalarda baravar harakat qilgan va bir necha marta jarohat olgan.

 

8. A operatsiyasi (1983) / ‘A’ gai wak

jangari / komediya

Rejissyorlar: Jyeki Chan, Sammo Xun

Rollarda: Jyeki Chan, Sammo Xun, Yyen Byao, Dik Vey, Mars

Chetdan qaraganda Jyeki Channing karerasi bir maromda o‘sib borgandek ko‘rinadi, ammo unday emas. 80-yillarning boshi uning uchun ancha og‘ir kechgan. Gollivudni zabt etishga qaratilgan “Katta jangda” va “Zambarak o‘qi poygasi” filmlari muvaffaqiyatsiz chiqqan. Gongkong loyihasi hisoblanmish “Ajdar lord” filmi (1982) mo‘ljallangan mablag‘ni yig‘a olmagan.

A operatsiyasi” filmi Chan uchun ko‘p narsani anglatardi. Film muvaffaqiyatli chiqdi. Undagi tryuklar inqilobi tomoshibinlarni kinoteatrlarga oqib kelishlarini ta'minladi. “Nihoyat, xotirjamlikda!” filmi singari bu yerda ham qahramon baland binolarning biridagi soat millariga osilib qoladi. Qizig‘i shundaki, tryuk birinchi safar omadsiz chiqadi, sal qolsa Jyeki bo‘ynini sindirib olardi. Uning o‘rnida boshqa bir aktyor bo‘lganida, tryuklarni bajarishni kaskadyorlar qo‘liga topshirgan bo‘lardi, biroq Chan undaylardan emasligini namoyish etdi va filmdagi aksariyat tryuklarni o‘zi bajardi.

 

9. Politsiya hangomalari (1985) / Ging chat goo si

jangari / detektiv / komediya / triller

Rejissyor: Jyeki Chan

Rollarda: Jyeki Chan, Meggi Chun, Bridjit Lin, Kvok-Xun Lam, Bill Tun

Jyeki Chandan yana bir olamshumul ekshen-loyiha hisoblangan “Politsiya hangomalari” filmi tomoshabinni anchayin chalg‘itib qo‘yadi. Chunki film janrini aniq bilib bo‘lmaydi. Unda jiddiy qotilliklar sodir bo‘lib turgan bir paytda, Jyeki tomonidan o‘ta kulgili sahnalar namoyish etib ketiladi. Filmni tarixga muhrlagan narsa shuki, qahramon va uning dushmanlari o‘rtasidagi olishuv sahnalari ko‘p qavatli savdo markazida bo‘lib o‘tadi. Qanchadan-qancha shisha rastalar chil-chil bo‘lib sinadi. Shu bois bo‘lsa kerak, Jyekining tryukdosh do‘stlari filmni hazillashib, “Shishalar hangomasi” deb atashgan. Bu mehnatlar zoye ketmadi, albatta. Tashlangan dadil qadam Jyeki uchun omad eshiklarini ochib berdi. San'at uchun nimalarni amalga oshirmaydi kishi.

 

10. Dahshatli qirg‘in (1990) / Chi se da feng bao

jangari / triller

Rejissyor: Yun-Va Kam

Rollarda: Mun Li, Saymon Yam, Rey Lui, Kiu Vey Miu, Robin Shu

Gonkongda tryukli sahnalarni amalga oshirish ustasi faqatgina Jyeki Chan emas edi. Buni “Dahshatli qirg‘in” filmi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu kartinaga Jyekining hech qanday aloqasi yo‘q. Filmdagi sahnalardan birida, yovuzlardan biri qahramonning qizini asirga oladi va uni mashinadan qo‘llarini chiqargancha, sochidan ushlab oladi. Agar Gonkong kinosi o‘zining tryuklari bilan mashhur bo‘lmaganida, film ijodkorlarini ushbu tryuk oqibatida xayrsiz yakun kutib olardi. Biroq sahnadagi qizning sochini ushlab turgan qo‘l odamniki emas, balki yasama bo‘lgan. Chunki shunday qilmasa ham bo‘lmasdi, quvlashmachoq o‘ynayotgan mashinalarning tezligi juda yuqori bo‘lgan.

 

11. Oltin ko‘z (1995) / GoldenEye

jangari / detektiv / triller

Rejissyor: Martin Kempbell

Rollarda: Pirs Brosnan, Shon Bin, Izabella Skorupko, Famke Yanssen, Jo Don Beyker

Bond haqidagi yangi sarguzashtli film chiqarilguniga qadar oradan olti yil o‘tgandi, shu bois yangi josus o‘zining betakror tryuklari bilan tomoshabinlar diqqatiga tushishga majbur edi. Buni film rejyessyori Martin Kempbell yaxshi tushunardi va u bu ishni qoyilmaqom etib uddaladi. 90-yillarda chiqqan Jyeyms Bond obrazi Shveytsariyadagi Kontra dambasi tufayli yodimizda qolgan bo‘lsa ajabmas. O‘shanda josus qiyofasini gavdalantirgan Pirs Brosnan (garchi tryuklarni kaskadyor Ueyn Maykls amalga oshirgan bo‘lsada) tross yordamida pastga sakraydi. 220 metrli pastlikka qulash film ixlosmandlarining yodida qolgan bo‘lsa kerak. 2002 yilda Sky Movies kanali tomoshabinlari ushbu tryukni kino tarixidagi eng zo‘r tryuk, deb baholashgan. Hozir josus sakragan bu joy ommabop, mashhur attraksionga aylantirilgan. Istalgan sayyoh 250 yevro evaziga undan sakrashi mumkin.

 

12. 13-hudud (2004) / Banlieue 13

jangari / fantastika

Rejissyor: Per Morel

Rollarda: Siril Raffaelli, David Bell, Toni D’Amario, Bibi Naseri, Dani Verissimo

Ushbu film orqali parkur anchayin ommalashdi. Garchi undan oldin “Yamakasi” filmi ekranlashtirilgan bo‘lsada, yangi filmdagi tryuklar oldida eskisiniki holva bo‘lib qoldi. Filmda bosh rolni ijro etgan fransuz parkurchisi Devida Bell o‘zining epchilligi, qo‘rqmasligi, qo‘lga tushmasligi bilan ko‘pchilikning sevimli qahramoniga aylandi. U Leyto qahramoni obrazida jinoiy guruh qilmishlarini ochadi va buni o‘zining mohir san'ati evaziga bajaradi. Ana shunday sahnalardan birida u bir binodan ikkinchisiga sakraydi. Rejyessyor bu sahnani shunday mahorat bilan kadrga muhrlaganki, tomoshabinda hech ikkilanmasi buni aynan aktyorning o‘zi amalga oshirgan, degan tassurot uyg‘otadi. Film kutilganidek muvaffaqiyat qozonadi va Bell o‘z san'atini Gollivudning ayrim remeyklarida ham namoyish etadi.

 

13. Qora ritsar (2008) / The Dark Knight

jangari / detektiv / drama / mistika / triller

Rejissyor: Kristofer Nolan

Rollarda: Kristian Beyl, Xit Ledjyer, Aaron Ekxart, Maykl Keyn, Meggi Jillenxol

Marvel  tomonidan suratga olingan komiksli filmlar qatorida Nolanning ushbu filmi alohida tilga olinadi. Rejyessyorning o‘zini esa yuksak qadrlashadi. Xo‘sh, nega? Chunki filmdagi ajabtovur qahramondagi qiyofa va undagi sahna bezaklari hech qanday kompyuter grafikalarisiz, qo‘l mehnati evaziga rassomlar, kaskadyorlar, pirotexnika vositalari yordamida amalga oshirilgan. Ayniqsa, 18 g‘ildirakli ulkan yuk mashinasining shahar ko‘chalaridan birida ag‘anashi sahnasi aynan real hayotda bajarilgan.

Boshida uning muvaffaqiyatli chiqishiga Nolan unchalik ishonmagan, biroq chiqmagan jondan umid qabilida ish tutgan. Shu sabab yuk mashinasini ikki marta ag‘anatishga to‘g‘ri kelgan. Mashina ag‘anab ketib, shahardagi binolardan biriga borib urilishi kerak edi. Ana shu sahnalardan birida mashina rulida haqiqatda tirik odam o‘tirgan va u ulkan yuk mashinasini ag‘dargan. Bu sahnani yettita kamera turli nuqtalardan suratga olgan. Yakunda, montaj ishlarida ulardan ikkitasi qoldirilgan.

 

14. Ibtido (2010) / Inception

jangari / mistika / sarguzasht / triller / fantastika

Rejissyor: Kristofer Nolan

Rollarda: Leonardo DiKaprio, Jozef Gordon-Levitt, Ellen Peyj, Tom Xardi, Ken Vatanabe

Kristofer Nolan tomonidan suratga olingan va tryuklar jamlanmasini o‘zida mujassamlashtirgan “Ibtido” filmini ro‘yxatga qo‘shmay bo‘lmasdi. Garchi unda tryuklarni amalga oshirgan kaskadyorlardan hech biri jiddiy lat yemagan bo‘lsada, undagi g‘ayrita'biy sahnalardagi voqealar kishini o‘ziga jalb etmasdan qolmaydi. Eslatib o‘tamiz, Jozef Gordona-Levitt talqin etgan qahramon gravitatsiyasi o‘zgarib turuvchi binoda goh yo‘lakda, goh xona ichida paydo bo‘ladi. U nafaqat o‘z tanasini boshqarib turishi, balki yovuz raqiblarni to‘xtatib turishi ham lozim edi. Ijodkorlar bu sahnani suratga olish uchun turli dekoratsiyalar qurishadi. Aktyor Gordon-Levitt esa sahnadagi rolini ijro etish uchun ikki hafta mobaynida maxsus trosslarda mashqlar olib borgan.

 

 

15. Bajarib bo‘lmaydigan ish: Fantom bayonnomasi (2011) / Mission: Impossible – Ghost Protocol

jangari / triller

Rejissyor: Bred Berd

Rollarda: Tom Kruz, Pola Patton, Saymon Pegg, Jyeremi Renner, Mikael Nyukvist

Tom Kruz o‘z tryuklarini mustaqil bajarishni sevuvchi aktyorlar sirasiga kiradi. U bu ishlarini Jyeki Changa o‘xshab mashhurlik uchun emas, balki tryuklarga bo‘lgan muhabbati evaziga bajaradi. Buni u bilan ishlagan ijodkorlar tasdiqlagan. “Bajarib bo‘lmaydigan ish” turkumi ostida olingan filmlarning to‘rtinchisida Kruz o‘z tryukini Dubayda joylashgan eng baland bino Burj Xalifada amalga oshiradi. Albatta, bu kabi ishlar tavakkalchilik ostida qilinmaydi. Puxta tayyorgarlik ko‘riladi. Paramount kinokompaniyasi 25 metr balandlikka ega dekorativ sahna quradi va u yerda aktyor bir oy davomida mashq bajaradi. Ushbu sahnani suratga olish uchun kameralar qahramonning har bir xatti-harakatini tasmaga muhrlashadi. Suratga olish ishlari yakunlangach, Kruz dunyodagi eng baland minora ustiga chiqadi va qo‘rquvdan boshi aylanib ketadi.

Haqiqatni gapiradigan bo‘lsak, ushbu epizodni suratga olish jarayonida ayrim tryuklarni uning partnyor-kaskadyori amalga oshirgan, biroq shunday bo‘lsada aktyorning tashabbuskorligi barchani hayratlantirgan. Bu esa filmni yanada yorqin bo‘lishiga zamin yaratgan.

 

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.


Bu ham qiziq

O‘zbekiston o‘tgan 6 oy ichida qancha shaftoli eksport qilgan?

O‘zbekiston o‘tgan 6 oy ichida qancha shaftoli eksport qilgan?

Asosiy xaridorlar MDH mamlakatlari bo‘lib qolmoqda
19:55 / 23.07.2025
25-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

25-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

Kechasi 23-25 daraja iliq, kunduzi 38-40 daraja issiq bo‘ladi
21:58 / 24.07.2025
Hindistonda nikoh bilan bog‘liq g‘alati hodisa yuz berdi

Hindistonda nikoh bilan bog‘liq g‘alati hodisa yuz berdi

Aksar hindistonliklarning o‘zi ham bu voqeadan hayratda
22:58 / 23.07.2025
Mo‘g‘uliston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan qutladi

Mo‘g‘uliston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan qutladi

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston rahbarlari telefon orqali muloqot qilishdi.
12:24 / 24.07.2025
Qabul-2025. 9-kun natijalari e’lon qilindi

Qabul-2025. 9-kun natijalari e’lon qilindi

Abituriyentlar natijalarni bir necha usulda bilishlari mumkin
21:07 / 23.07.2025
24-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

24-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

Kechasi 23-25 daraja iliq, kunduzi 38-40 daraja issiq bo‘ladi
22:31 / 23.07.2025
Toshkentdagi ko‘chalardan biri ta’mirlash uchun yopiladi

Toshkentdagi ko‘chalardan biri ta’mirlash uchun yopiladi

Noqulayliklar uchun uzr so‘ralgan
21:08 / 24.07.2025
Qabul-2025. Imtihonlar tugadi, navbat yo‘nalishlar tanlashga

Qabul-2025. Imtihonlar tugadi, navbat yo‘nalishlar tanlashga

Abituriyentlar yo‘nalish tanlayotganda e’tibor berishi lozim bo‘lgan qanday jihatlar bor?
20:50 / 24.07.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!