Qo‘qon shahri mezbonlik qilishi kutilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan OAV lari uchun mediatur tashkil etilgan edi. Jurnalistlar Qo‘qon shahrida yangi qad rostlagan Buyuk allomalar muzeyida bo‘lishdi.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflarida Qo‘qon shahriga Buyuk allomalar muzeyini qurish bo‘yicha takliflar berilgan edi. Mana, qisqa vaqt ichida juda ham ko‘rkam muzey qad rostladi.
Qoʻqon musiqali drama teatriga yondosh binoda joylashgan muzey ekspozitsiyasi beshta bo‘limdan iborat. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Fargʻoniy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom Moturidiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yassaviy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi o‘rta asrlarning buyuk allomalari hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlari, ular yaratgan noyob qoʻlyozma nusxalari muzeyning birinchi qismidan oʻrin olgan.

Muzeyning ikkinchi qismida Temuriylar davrida yaratilgan ilm-fan va madaniyatga doir osori-atiqalar, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Saʼdiddin Taftazoniy, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mirxond kabi allomalarga oid tarixiy asarlar namoyishga qoʻyilgan.
Shuningdek, muzey ekspozitsiyalaridan XVIII-XIX asrlarda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan, Mashrab, Huvaydo, Sadoyi, Nizomiy Xoʻqandiy, Azimiy, Uvaysiy, Amiriy, Nodira, Hakimxon Toʻra, Gulxaniy, Fazliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Mahmud Hakim Yayfoniy, Haziniy kabi ulugʻ siymolar hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar ham oʻrin olgan.
Yana bir boʻlimda esa Turkistonda jadidchilik harakati va uning mashhur namoyandalari Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron, Ibrat hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Bundan tashqari, Qoʻqon xattotlik sanʼati, milliy hunarmandchilik hamda ziyoratgohlarga doir maʼlumotlar va eksponatlar ham qoʻyilgan.
Muzeyning beshinchi qismida XX asrda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan ulugʻ olimlar, akademiklar – Qori Niyoziy, Tesha Zohidov, J.Saidov, A.Muhammadiyev, R.Aminova, P.Qayumov, Boqiy, M.Rahmonov, Aziz va Laziz Qayumovlar, M.Xayrullayev, Gʻ.Abdurahmonov va boshqalarning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi materiallar va eksponatlar oʻrin olgan.

-Muzey qoshida “Allomalar vorislari” nomli oʻquv-axborot markazi tashkil etilgan. Kelgusida bu markaz ilmga va ijodiy faoliyatga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtaydi, – deydi muzey filiali direktori Manzuraxon Mansurova.
Ayni kunlarda muzeyda Qoʻqon shahrining 40 dan ortiq tarixiy obidalari suratlari aks etgan fotoko‘rgazma tashkil qilinyapti.
Xalqaro hunarmandchilik festivali dasturi doirasida Qoʻqon shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlarni Buyuk allomalar muzeyida yurtimiz madaniyati va tarixi, adabiy muhiti bilan yaqindan tanishtirish koʻzda tutilgan.
Ahrorbek Hayrullayev
Xabardor.uz muxbiri
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!