REUTERS
Joriy yil 1 mart kuni AQSh prezidenti Jo Bayden xalqqa murojaatida Vladimir Putin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga Gʻarb qanday javob berishi borasida noto‘g‘ri hisob-kitob qilganini aytdi.
Kelgusida iqtisodiy qasos olishni va’da qilgan AQSh prezidenti Putin haqida “uni nima kutayotganini bilmaydi” deydi.
“Olti kun oldin Putin dunyo poydevorini silkitdi, o‘z tahdidlariga hammani bosh egadi deb o‘yladi. Lekin u adashdi”, – deydi Bayden.
Baydenning ta’kidlashicha, Putin AQShni Ukrainaga kiradi va dunyo ag‘darilib ketadi, deb hisoblagan. Ammo Rossiya kuchlari Ukrainada “o‘zlari tasavvur qila olmaydigan kuchli to‘siq – Ukraina xalqiga ro‘baro‘ keldi”.
Shu bilan birga, Amerika yetakchisi Qo‘shma shtatlar “NATO hududining har bir qarichini” himoya qilishga tayyorligini, biroq ular Ukrainada jang qilmoqchi emasligini ta’kidladi.
“Ochig‘ini aytaman: bizning kuchlarimiz Ukrainadagi Rossiya harbiylari bilan to‘qnashuvda qatnashmaydi. Harbiylarimiz Ukrainada jang qilish uchun Yevropaga bormaydi, biroq ular NATO bo‘yicha ittifoqchilarimizni himoya qiladi”, – dedi Bayden.
Uning aytishicha, AQSh o‘z ittifoqchilarini, jumladan, Polsha, Ruminiya, Latviya, Litva va Estoniyani himoya qilish uchun quruqlik, dengiz va havo kuchlarini safarbar qilmoqda.
Bayden, shuningdek, AQSh va hamkorlari Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bosqiniga puxta hozirlik ko‘rayotganini ta’kidlagan.
“Biz ittifoqchilarimiz bilan birgalikda hozirda og‘ir iqtisodiy sanksiyalar qo‘llamoqdamiz. Ukrainaliklarni ozodlik uchun kurashda qo‘llab-quvvatlayapmiz. Harbiy, iqtisodiy, gumanitar yordam ko‘rsatyapmiz. Ukrainaga 1 milliard dollardan ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatmoqdamiz, – deydi u.
AQSh rahbari javob chorasi sifatida Qo‘shma shtatlar havo hududini ham Rossiya samolyotlari uchun yopishini e’lon qildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!