Biznes-trening – intellekt darajasini oshirish, kerakli “oqim”ga tushib olish va albatta, yangi ish boshlash uchun gʻoyalar oʻylab topishga yordam beruvchi taʼlimdir. Ammo har doim ham shundaymi?
Koʻpchilik biznes-treningga borgan yoki hech boʻlmaganda treninglarning video-tasvirlarini tomosha qilgan. Ammo shundan keyin biznesini boshlab, omadi yurishib ketganlar juda kam. Nima uchun? Quyida biznes-treninglarning nega ish bermasligi sabablarini yoritamiz.
1. Sektaga oʻxshashlik
Koʻpchilik uchun notiq hamma savollarning javobini biluvchi avliyoga aylanib qoladi. Shu tariqa trening sektaga aylanadi: shaxsning oʻz fikri ahamiyatini yoʻqotadi va hamma javobgarlik “har narsadan xabardor” odam zimmasiga yuklanadi.
2. Xohlayman, ammo qilolmayman
Hammamiz bilamizki, treningga istalgan odam kelishi mumkin, kerakli maʼlumot va bilimlaringiz boʻlmasa ham, eshiklar doim ochiq. Zarur bilim va tajriba boʻlmasa, odam qanday qilib unga berilayotgan texnikalarni amalda qoʻllay olishi mumkinligi haqida oʻylanib qolasiz. Bundan xulosa qilish kerakki, trening hammaga ham foyda bermaydi. Natijada vaqt behuda ketishi mumkin.
3. Tinglash maroqli, ammo qoʻllash imkonsiz
“Investorlarni jalb qiling, ofis ijaraga oling va mijozlarni jalb qiling”. Albatta, bularni aytish oson. Koʻpgina gʻoyalar rostdan ham foyda beradi, biroq sarmoyangiz boʻlmasa qoʻllash imkonsiz.
4. Treningdan oʻtgach, unutasiz
Koʻpchilikning treningdan olgan ilhomi umri juda qisqa boʻladi. Trenerlar sharofati bilan paydo boʻlgan reja va gʻoyalarni amalga oshirish vaqti kelganida esa koʻpchilik hafsala qilmaydi yoki shunchaki qiziqishi yoʻqoladi.
5. Oʻtmishning salbiy taʼsiri
Har qanday harakatning bemaʼniligini odamlarga eslatib turuvchi eng keng tarqalgan sabab – oʻtmishdagi salbiy vaziyatlar. Ishonch yoʻqligi va “yiqilish” qoʻrquvi odamni yangi maqsadlarga eʼtiborini jamlashga xalal beradi va oʻz kuchiga nisbatan ishonchni pasaytiradi. Bundan tez qutulish qiyin.
6. Maqsad va unga olib boradigan yoʻllarning yoʻqligi
Maqsad qoʻyish juda oson, ammo unga borish hammaga ham emas. Buni quyidagicha tushuntirsa boʻladi: odamlar nima xohlashini biladi, ammo maqsadni amalga oshirish barcha kuchni olib qoʻyadi va shaxs orzusi tomon yoʻlida adashadi.
7. Investorlarning yoʻqligi
Loyihangizni rivojlantirish uchun zarur sxemani bilish marketolog boʻlishni va barcha jihatlarni oʻrganish uchun bir necha yilni talab qiladi. Shuning uchun yaxshi biznes-reja va loyiha taqdimotiga ega boʻlgan yangi tadbirkorlar ham qoqiladi. Tekshirilmagan biznesga hech kim pul tikkisi kelmaydi va bu uni amalga oshirishga toʻsiq boʻladi.
8. Turlicha diplomlar
Trening tugagach, ishtirokchilarga sertifikat beriladi. Ammo, ishga joylashayotganingizda sertifikat u yoqda tursin, obroʻli universitet diplomi ham yordam berolmay qolishi mumkin. Boʻlajak ish beruvchingizga ishga munosibligingizni sertifikat bilan isbotlolmaysiz. Umuman, biznes-trening sertifikati kerak ham emas. Axir, siz mustaqil tadbirkor boʻlishingiz lozim.
9. Trenerga baho berolmaysiz
Treningga kelganingizda uni kim oʻtkazishini umuman bilmaysiz, roʻyxatda trenerning qilgan ishlari doston qilib yozilgan boʻlsa-da, bunga har doim ham ishonib boʻlmaydi. Mohiyatan, siz tanimagan odamingizga ishonasiz va u beradigan bilimlar siz egallamoqchi boʻlgan bilimlardan butunlay uzoq boʻlishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!