Quyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning MDH davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisidagi nutqidan asosiy fikrlari bilan tanishasiz.
📌“Hamdo‘stlikning 35 yillik davrida ko‘p narsalar o‘zgardi, ammo eng asosiy masala o‘zgarmasdan qoldi: mamlakatlarni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlikning ulkan salohiyati bog‘lab kelmoqda”;
📌“Dunyo tubdan o‘zgarmoqda, ziddiyatlar ortib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta qurilmoqda. Bunday vaziyatda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez uyg‘unlashtirib borish va kelishuvlarning real natija berishiga erishish ayniqsa muhimdir”;
📌Davlatlarning umumiy salohiyatidan to‘liq foydalanish va savdo-investitsiya sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi;
📌Tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich o‘tish maqsadga muvofiqligi qayd etildi;
📌Erkin savdo zonasining cheklovlarsiz to‘liq faoliyat yuritishini ta’minlash zarurligiga urg‘u berildi;
📌Texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlari o‘zaro tan olinishini ta’minlash va davlat xaridlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi;
📌Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari sohasida o‘zaro bozor ochishni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturi tez fursatlarda kelishib olinishi va tasdiqlanishiga umid bildirildi;
📌Oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin o‘zaro xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etish taklif qilindi;
📌Integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish hamda MDHda yagona transport axborot tizimini shakllantirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi;
📌Turkmaniston tomonining 2029-yilni Hamdo‘stlikning transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi;
📌Mintaqaning energetik jihatdan bog‘liqligini yaqin o‘n yilliklarda rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli prognoz zarurligi qayd etildi;
📌Kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasida hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif qilindi;
📌Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi formatini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligi bildirildi;
📌“Madaniy siyosat va kreativ industriyalar” forumini tashkil etish taklif qilindi;
📌Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida Ichki ishlar vazirlari kengashiga MDH Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!