Prezidentning “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022-yil 1-dekabrdan boshlab har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi. Hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi
Shuningdek, muayyan davr mobaynida qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.
Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi barcha ta’lim muassasalari va imtihon markazlariga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya IIV tomonidan beriladi.
Avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularning o‘qituvchi, haydovchi-yo‘riqchi va murabbiylarini shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari IIV Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
2023-yil yakuniga qadar poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida, 2024-yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-iyuldan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yo‘l” indeksini yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!