Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqida DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam narkokuryerlar tomonidan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinroq Yozyovon tumanidagi dala maydoniga berkitib ketilgan bo‘lgan. Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor hamda uning 1989-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi mazkur xufiya joydan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, qo‘lga olish jarayonida voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonidan 14,5 ming AQSh dollari va 6 mln 250 ming so‘m pul mablag‘lari ham olingan. Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur jinoyatga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1980-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan 110 gr “opiy” moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSh dollari hamda 28 mln so‘m olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida esa mazkur noqonuniy ishga 1990 va 1995-yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning ham aloqadorligi ma’lum bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘dod tuman sudining hukmiga muvofiq, ushbu 5 nafar sudlanuvchi tegishliligi bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 246, 273 va 276-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 12-yildan 15-yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!