Shveysariya Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish ayblovi bo‘yicha sud jarayonini to‘xtatdi.
Sud bayonotiga ko‘ra, ish Karimovaning sudda shaxsan qatnashish imkoniyati bo‘lmagani sabab to‘xtatilgan. Xususan, unga o‘z vaqtida mamlakatni tark etish uchun ruxsat berilmagani asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatilgan.
Karimova avvalroq barcha ayblovlarni rad etgan. U 2005–2013-yillar davomida “The Office” deb nomlangan jinoiy tarmoq orqali telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olish hamda yuzlab million dollar mablag‘ni Shveysariya banklariga o‘tkazishda ayblanmoqda.
Uning advokati Greguar Manja sud qarorini “oqlovga teng” deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, sud ishni davom ettirish uchun jiddiy to‘siqlar mavjudligini tan olgan.
Gulnora Karimova hozirda O‘zbekistonda jazo o‘tamoqda va uning qamoq muddati 2028-yil dekabriga qadar belgilangan. Shu bilan birga, Shveysariya prokuraturasi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati ham aynan shu davrda yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Karimovaga nisbatan jinoyat ishi Shveysariyada 2012-yilda qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik O‘zbekistonda ham unga nisbatan sud hukmi chiqarilib, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!