Xalqimizda bir udum bor, armiyaga otlangan yigitga butun non tishlatiladi. Kemtik non yigit xizmatdan qaytguncha uy to‘rida turadi. Yigit nasibasi tortib bir kuni albatta kirib kelishiga umid qilingan irim bu. Omon-omon kunlarda kim bir oylik, kimdir bir yarim yillik muddatli xizmatga jo‘naganda shuncha xavotir! Umrini butkul harbiylikka bag‘ishlagan yigitlarning ota-onasiga to‘zim bersin. Ayoliga ham...
Shukrki, bugun yurtimiz tinch, osmonimiz yorug‘. Yana shunisi aniqki, ana shu tinchlikda harbiylarimiz xizmati beqiyos.
Jomadoni doimo tayyor turuvchi harbiyning ayoli bo‘lish osonmi? Ko‘p hollarda yaqinlaridan uzoqda bo‘ladigan va turli sharoitlarga tushib qolishi mumkin bo‘lgan oilalar nimalardan quvvat va taskin oladilar?
Ko‘z yoshlarga to‘la asal oyi
Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidagi 9221-harbiy qismda o‘tgan yilning avgusti oxirlarida bo‘lgandik. O‘nlab insonlar bilan suhbatlashganmiz. Suhbatlardan biri asosidagi maqolaning eʼlon qilinishi vaqti soati bugun ekan...
Dala-dashtlarni ortda qoldirib, keng yaydoq cho‘l o‘rtasidagi harbiy qo‘rg‘onga yetib borishning o‘zi bo‘lmaydi. Eng so‘nggi rusumdagi mashina ham sizni olib otaveradi, olib otaveradi. Mana yetib keldingiz ham. O‘z-o‘zingizcha ichkariga kirolmaysiz. Qo‘rg‘on atrofi ikki odam bo‘yi simto‘r bilan chir aylantirib o‘ralgan. Unga odam-ku odam, bexos shoqol tegib ketsa ham signal chunonam chiyillashini aytishdi...
Obod, dov-daraxtlar, gullar ekilgan hovliga kirganda yo‘l azobi ham arigandek bo‘ldi.
Harbiy tayyorgarlik va faoliyat majmuasi orqa tomoni – istiqomat hududi. Moʻjazgina qo‘rg‘on ikki qavatli yangi uylardan iborat. Jami 40 ta oilaga mo‘ljallangan xonadon bor.
Qo‘rg‘ondagi eng yosh oila bekasi sifatida Mushtariy Muzaffarovani tavsiya qilishgan.
Kelinchakli xonadonning tarovati boshqacha-da. Nozikkina Mushtariybegim qo‘li doim ko‘ksida. Ko‘zlari kulib turadi. Gapirgandagi sokin ohang, suhbatdoshni tinglay olishi, maʼnili bir oilada tarbiya ko‘rganidan darak. Kuyov bola 25 yoshli katta leytenant Husniddin Hakimov chegarani qo‘riqlash vzvodi komandirining mafkuraviy-tarbiyaviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari. Ularning ikkovi ham buxorolik. To‘ylari saratonda Buxoroda o‘tgan. Yangi kelin qaynona-qaynotasiga yigirma kungina xizmat qilgan. So‘ng yoshlar Husniddin xizmat qilayotgan Bo‘stonliqdagi harbiy qismga kelishgan. Hali chillalari chiqmasdanoq Surxondaryoga yo‘l olishgan. Harbiyning shu zayldagi “ko‘ch-ko‘ch” hayotiga Mushtariy tayyormidi?
“Sovchilik orqali birinchi uchrashuvga chiqqanmiz. Arkka bordik, o‘tirdik. 1-2 soatcha suhbatlashdik. Gap kelib-kelib ishga to‘xtaganda, ishlarini, men nimaga borayotganimni tushuntirdilar. Birinchi marta qo‘rqqanman. Bizning avlodda harbiylar yo‘q. To‘g‘ri, dadam armiyada xizmat qilganlar, lekin harbiy deganda xatarni tushunishga o‘rganib qolganmiz” – deydi Mushtariy.
O‘shanda qizgina Buxoro davlat universiteti to‘rtinchi bosqichi talabasi edi. Uning o‘ylab ko‘rishi uchun bir yil vaqti bor edi. Husniddinning kitobga bo‘lgan ishtiyoqi, qizning kasal bo‘lganini eshitib gul va shokolad bilan kirib kelgani kabi eʼtiborlar Mushtariy ko‘ngliga mehr soldi.
Husniddin Toshkentdan Surxondaryoga yo‘llanar ekan, internetdan Afg‘oniston voqealarini sinchiklab o‘rganganini aytadi.
“Birinchi vazifam rafiqamni tinchlantirishim, undagi qo‘rquv hisini yo‘qotishim kerak edi. Lekin o‘zimning ichimda ham vaziyat qanday ekan, degan hadik ham bor edi. Chunki Afg‘onistondagi holatlarni internetdan ko‘rib borayotgandik. Portlashlar, o‘t-olov ichida qolib ketgan odamlar...
Har qanday insonning qalbini titratadi. Hadikni yengib keldik. Ishonar edim, O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga jangovar shayligimiz yuqori holatga ko‘tarilgan edi”, – deydi Husniddinov Hakimov.
Mushtariy esa Muzrabotga kelganlaridan ko‘p o‘tmay harbiy qismda kuchaytirilgan tartib joriy etilgan kunlarni eslaydi.
“O‘q ovozlari, gumbur-gumbur ovozlar eshitilardi. Barcha erkaklar 3-4 kunlab uyga kelmas edilar. Bir kuni sirena ovozi yoyildi. Birinchi marta eshitdim, qo‘rqib ketdim. Xo‘jayinim chiqib ketdilar. Men urush boshlandi, deb o‘yladim. Keyin qo‘shnilar chiqib bu oddiy holat ekanligini tushuntirishdi. Necha kun ko‘rinmay bir kelganlarida ham eshikdan qandaysan, deb ketardilar. Yelkalarida qurol. Boshqa paytlar qurol bilan yurmaganlari uchun vahima bosardi. Faqat yig‘lardim. Yangi kelinchakman, bu yerlarda hech kimni tanimayman, bunaqa holatlarni ko‘rmaganman”, – deydi Mushtariybonu.
Shunda Mushtariyga qo‘shni ayollar madadkor bo‘lishgan, bunday voqealar ularning boshidan ko‘p marta o‘tganini, bizning yurtda urushga yo‘l yo‘qligini tushuntirishgan. Ana shunday sinovli kunlarda Mushtariy irodasi chiniqdi. Yaqinlari videosuhbatga chiqqanda ko‘z yoshlarini artgan va kulib gaplashgan: “Bizlar O‘zbekistonda yashaymiz. Harbiylarimiz bizni shunday qo‘riqlaydilarki, bizda urush bo‘lmaydi” deb aytgan. Mushtariy endi u kunlarni kulib eslaydi, gohida o‘zini g‘o‘rlikda ayblab ham qo‘yadi.
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi bitirgandan buyon DXX Chegara qo‘shinlar harbiy xizmatchisi sifatida “pishgan” Husniddin Vatan himoyachisi bo‘lishning sharaf ekanligini taʼkidlaydi.
“Ortingda butun Vatan turganda, insonlar taqdiri, ularning tinch-osoyishta uxlashini o‘ylaganda, yaqinlaringiz sizga ishonib osoyishta hayotlarini davom ettirayotganini o‘ylaganda g‘urur hissi paydo bo‘ladi-da, qiladigan ishingiz bilan faxrlanasiz. Aynan mana shu hissiyot sizni charchamaslikka, yana-da oldinga intilishga yo‘naltiradi.
Mushtariy ham, Husniddin ham ko‘p o‘qiydilar, izlanadilar. Ingliz tili mutaxassisi bo‘lgan kelin Afg‘onistondagi voqealar lavhalarini asliyatida ko‘rdi. U, ayniqsa, afg‘on bolalarini harbiylarga berib yuborilayotgan videodan taʼsirlanganini aytadi. Keyin u “Tolibon”ning xotin-qizlarga cheklovlari – ko‘chaga yolg‘iz chiqmaslik, burqada yurish, ularning ishlashi taqiqlanishidan qattiq tashvishda.
“Men esa yangi o‘quv yilidan hududimizga eng yaqin maktabda dars bermoqchiman. Istagimni xo‘jayinimga aytganimda, u kishi yo‘lda qiynalmasligim uchun buyurtma taksi yollashlarini aytdilar. Keyin harbiylar farzandlari uchun bepul kurslar ham tashkil qilmoqchiman”, – deydi xonadon bekasi.
Husniddin esa toliblarni yaxshiroq o‘rganish uchun “Men Malalaman” kitobini o‘qigan. Unda “Tolibon”ning Pokistondagi faoliyati muallif tilidan so‘zlanadi. Husniddin xizmat qilayotgan bo‘linma Afg‘onistonning Dali aholi punktiga to‘g‘ri keladi. Mana shu hududni ham u o‘rgangan.
“Urush bo‘lgan joyda rivojlanish bo‘lmaydi. Iqtisodiyotda ham, ijtimoiy hayotda ham. Maʼnaviyat va maʼrifatda ham”, – deydi u.
Mushtariyning sal keyingi rejalaridan biri magistraturada o‘qishini davom ettirish, keyin doktorantura.
Husniddin esa bu vaqtda pensiyaga chiqqan bo‘larkan – 33 yoshida (maʼlum bo‘lishicha, tabiiy sharoit, xizmatning o‘ziga xos murakkabligi, chegara hududi kabi holatlar qayd etilganda bir yillik ish staji ikki yilga o‘tar ekan). Shunda u o‘zi taʼlim olgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarm akademiyasida amaliyotda ko‘rganlaridan bo‘lajak ofitserlarga saboq bermoqchi. Husniddin taʼlim olishga sharoit yaratib bergan ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi.
“Vatan himoyachilari kuni” oldidan Husniddin va Mushtariybegim bilan bog‘landik. Mushtariybegim Muzaffarova Muzrabot tumani 22-umumtaʼlim maktabida ingliz tilidan dars berayotgan ekan. Husniddin esa o‘z faoliyatini odatdagicha davom ettiryapti..
“Qizlarim dadam keladimi, deb qorong‘uni kutishadi...”
Harbiy qismda bizni kutib olgan Asror xonadoni sari boshladi.
Yana bir fayzli oila. Bir-biridan shirin vijir-vijir ikki qizaloq Asror va Muqaddasning eng katta quvonchi. Ularning ismlari Asida va Asila. Bilmagan odam qizlarni egizak deydi. Qizaloqlarning savollari-yu talablari, injiqligi orasida suhbatimiz qizidi.
Serjant Asror Xolmatov Shirin shahridagi harbiy qism tarkibida xizmat qiladi. U 2012 yilda “Qurolli kuchlar akademiyasi”ga hujjat topshirib bali yetishmaganda ham harbiy bo‘lish niyatidan qaytmagan.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida askarlik burchini bajarayotganda u Vatanni qo‘riqlash, harbiylik yukini yelkada ko‘tarish uchun ofitser bo‘lish shart emas, degan qarorga kelgan.
“2015-yilning fevralida bir yillik xizmatni tugatib, shartnoma asosida ishlash ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Testlar, imtihon topshirdim. Saralash bosqichidan o‘tganimdan so‘ng besh yillik shartnoma tuzib, Shirin shahriga yo‘llandim. Mana, yetti yildan buyon bitta obyektdaman”, – deydi Asror.
Asror bir yilcha ko‘nikish davridan o‘tgach, onasi ko‘z ostiga olib qo‘ygan qiz haqida gap ochgan. Asror ham Muqaddas ham Farg‘onaning Oltiarig‘idan. Mahalladosh qizni Asror azaldan bilgan. Faqat ular avvaldan gaplashib yurishmagan.
“Onam tanlagan qiz, menga ham yoqdi”, – ochiq chehra bilan gapiradi Asror.
Muqaddas esa birinchi uchrashuvini shunday eslaydi:
“Bular (turmush o‘rtog‘ini nazarda tutib, -tahr.) dadamga yoqardi, menga ham albatta yoqqan. Birinchi uchrashuvda Farg‘onada bog‘larda aylanganmiz. Tushuntirgan. “Men ko‘p vaʼdalar bermayman. Lekin baxtli qilish uchun harakat qilaman” degan. Ana shu bilan ketgan, 7 oydan keyin kelgan”.
Muqaddas, ehtimol, harbiy hayotning o‘ziga xos murakkabligiyu oldinda uni qanday masʼuliyat kutayotganini yetti oylik hijronda his qilgandir. “Lekin telefonda gaplashib turganmiz” – qo‘shib qo‘yadi u.
Muqaddasning aytishicha, keyingi uchrashuvda ular "ZAGS"ga ariza yozishgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tishgan. Shu bilan kelin Asrorni to‘yda ko‘rgan. Keyin barcha harbiylar kelinchagi kabi Muqaddasxon ham chillasi chiqmasdanoq qaynona-qaynota xonadonini tark etdi.
“Ertalab chiqib ketib, kechqurun keladi. Zerikar edim, uydagilarni sog‘inardim”, – Muqaddas “yig‘lar edim” degan iborani yonida o‘ynab turgan qizaloqlarini o‘ylabmi, aytmaydi.
Muqaddas keyinchalik ko‘plab dugonalar topgan. Ular ham harbiy oilalarning ayollari. Dugonalari ular kabi 5-6 yillik ro‘zg‘or bo‘lishsa-da, allaqachon bir necha viloyatda yashab kelishga ulgurishgan. Yetti yil davomida erining bitta qismda xizmat qilishi bu ayolning hayoti silliq kechdi deganimi?
“Mana bu harbiy qismdagi uy berilguncha, qismdan tashqarida ijara uyni to‘rt-besh marta almashtirib yashaganmiz. Har bir uy egasining o‘ziga xos talablari bo‘lardi. Keyin bularning uzoq muddatli safarlariyam kam emas, musobaqalari ko‘p”, – deydi Muqaddas.
Asror oilada uch o‘g‘il ulg‘aygani uchunmi, qizlariga, ayoliga ko‘proq mehr bergisi, ular uchun ko‘proq vaqt ajratgisi keladi. Lekin harbiy xizmat hamma vaqt ham bunga imkon bermaydi. Asror xalqaro harbiy o‘yinlari musobaqalari ishtirokchisi sifatida mashg‘ulotlarda, safarlarda bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.
Asror oila boshlig‘ining vaqtinchalik uzoqda bo‘lishi oilani yana-da jipslashtiradi deb hisoblaydi.
Muqaddasxon o‘zi maktabgacha taʼlim borasida maʼlumotga ega, qizlari bilan shug‘ullanishni o‘rniga qo‘yadi. Kitob o‘qib beradi, multfilm qo‘yib beradi, harakatli o‘yinlarga ham ahamiyat qaratadi, vaqtida ovqatlantiradi, vaqtida uxlatadi. Lekin qizlari dadasi safarda bo‘lganida, onasining aytishicha, “qorong‘u tushsa keladimi” deb qorong‘uni kutishadi. Kattasi dadasini so‘raydi, kichigi injiq bo‘lib qoladi...
Asror uzoq muddatli safarlari chog‘ida oilasini Farg‘onaga olib borib qo‘yadi. Qizlari dunyoga kelishi oldidan ham ayolini onasiga topshirib kelgan. Keyin chaqaloq 2-3 oylik bo‘lguncha ikki orada qatnaydi. Buning hammasi ayoli yolg‘izlanmasin, qiynalmasin degan maqsadda.
Muqaddas harbiy ayolining qiyinchiligi “ko‘ch-ko‘ch”larda emas, ko‘pincha jufti uzoqda bo‘lishida deb biladi. “Keyin harbiy erkaklar uyda ham harbiy intizom talab qilishida”, – deydi u.
“Yog‘ni yondirganing, hammayoqni qoraytirganing-u, uyni suvga bostirganingni aytmaysanmi?” – Asror hazil aralash suhbatni eng qiziq nuqtaga buradi.
Shunda Muqaddas boshlaydi: “Tushlikka keladigan vaqti oldidan yog‘ni qozonga qo‘yib, gazni yoqqanman. Tez-tez unnayapman. Chunki kelganida ovqat tayyor bo‘lmasa, indamasdan chiqib ketadi. Ichkarida beshikdagi bola big‘illab yig‘ladi. O‘zi tuni bilan bevoztalanib chiqqandi. Ichkarida bolani ancha vaqt ovutib, yog‘ni unutibman. Yog‘ yonib ketgan. Qo‘shnilarim ko‘rgan. Taqillatishdi vahima bilan. Qo‘rqib ketganman.”
Er-xotin o‘sha kuni Asror tushliksiz qolganiyu, ko‘chib kirganlariga hafta bo‘lmagan ijara uyni remont qilib berganlarini kulib-kulib biri olib, biri qo‘yib gapiradi. Lekin, tasavvur qiling, o‘shanda ayol kulganmi, yig‘laganmi? Uning o‘shandagi holati – ham beshikda bolasi, ham ikkiqatlik nimaligini boshidan o‘tkazgan ayolgina tushunadi.
Uyni suv bostirganida, (boshqa uyda) Muqaddas ikki farzandi bilan uyda bo‘lgan. O‘sha tunda Asror navbatchilikka qo‘yilgan.
“Kechqurun suv o‘chib qolgan. Idishni yuvolmaganman. Suv ham olib qo‘ymagan ekanmiz. Rakovina o‘rtasida idishim qolib, suv ochig‘icha qolib ketgan. Tunda suv chiqqan, idish to‘sgani uchun suvni tortib ketolmagan. Soat birlarmidi, pastdagi qo‘shnim vahima bilan taqillatayapti. Hali nima bo‘lganini ham tushunmaganman. Eshikni ochmaganman...”
Xolmatovning uyini suv bosdi” degan mazmunda harbiy qismga qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
“O‘rnimga naryad chaqirib ming xayol bilan kelganman”, – deydi Asror.
Nafaqat Asror va Muqaddasning hayotida, balki boshqa harbiylar hayotida ham ishdagi tartibning oilaga taʼsiri bo‘ladi. Shunaqa paytda tushunmovchilik, araz-gina ham bo‘ladi. “Kengroq qarash kerak, masala o‘tdi-ketdi, keyin kulguga yo‘yadigan jihatlar bo‘ladi yoki umuman “unutish” lozim bo‘ladi” deyishdi suhbatdoshlarim.
Asror har qanday holatda ham haftalik bozorni o‘zi qilib berishga harakat qiladi. “Harbiyning ayoli bo‘lganimdan hech qachon afsuslanmayman, aksincha, faxrlanaman. To‘g‘ri, xavotirlanaman. Har safar “Ollohga omonat” deyman, Olloh saqlaydi”, – Muqaddas taʼsirlanib aytadi bu so‘zlarini.
Muqaddas kelin bo‘lib tushganidan buyon moddiy qiyinchilikni sezmaganini taʼkidlaydi. Erlari Rossiya va boshqa davlatlarda yillab qolib ketib, bolalari tarbiyasi va sharoitlarida muammo bo‘layotgan maktabdosh dugonalari unga havas qilishini ham aytadi. Er-xotin ikkovi bir ovozdan “Shirin shahriga o‘rganib qoldik. Lekin boshqa hududga o‘tish talabi paydo bo‘lsa, biz tayyormiz, yangi sarguzashtlarni yaxshi ko‘ramiz”, deyishadi.
Asida va Asila esa yangi joyga ko‘chish nimaligini hali tushunishmaydi. Bir qarasangiz, birgalikda kuylashadi, baʼzan janjallashadi. Tortishuvlari ham chetdan qaraganda zavqli. “Dadam meniki! Yo‘q meniki!”. Dadasining furajkasini birovi egallab olganda ikkinchisi arazlaydi...
“Sinovlarning rohati ham bor”
Samarqandda kelinlik davrining o‘ziga xosligi bor. Qirq kun kelinchak boshidan tillaqosh tushmaydi. Zardo‘zi liboslar har kuni necha marta almashtiriladi...
Gulandon faqat o‘n besh kungina do‘ppi, tillaqoshli yurdi. Keyin kelin-kuyov “qaydasan, Qoraqalpog‘iston” deb yo‘lga chiqdilar. Samarqandcha milliy lash-lushlar qoldi sandiqda.
“Biz sovchi qo‘yilguncha bir-birimizni tanimaganmiz. Faqat ota-onalar quda bo‘lmishlarni uzoqroqdan bilishgan. Novchaman. Sovchi qo‘yayotganlarning ko‘pi bo‘yi pastroq yoki teng bo‘yli bo‘lgan. Ishqilib, taqdirimga mendan balandi uchrasin deya niyat qilardim. Gap faqat tashqi ko‘rinishda ham emas, albatta. Ular mendan ancha baland ekan. Keyin og‘ir-bosiq, gaplarini o‘ylab gapiradigan yigit sifatida taassurot qoldirgan”, – eslaydi Gulandon.
Jamshid esa “Hammasini Gulidan so‘rayvering” deydi. Kenjalari Farzona ham dadasi bilan o‘yinidan chalg‘ishni istamaydi.
Nukusda Gulandonni kutilmagan, tasavvuriga sig‘maydigan hayot kutardi. Avvalo ob-havo juda farqli edi. Keyin u qoraqalpoq tilini boshida tushunmagan.
“Tilni bilmayman, hech qayerni bilmayman. Borgan paytlarimiz na radio, na televizorimiz bor edi. Xo‘jayinim ishlari oqshom 11gacha davom etar, to‘rt devor ichida qolganman. Lekin ularning mehrlari, sabr-toqatga undashlari bilan qiyinchiliklarni yengib yashadim.
Jamshid Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yillarni shunday xotirlaydi:
“Xizmatni boshlaganimdan ko‘p o‘tmay oylik shartnomadagi askarlar vzvod komandiri etib tayinlandim. Ishimiz qiyin edi. Oilaga ko‘proq eʼtibor berishga harakat qilganim bilan istak va imkon o‘rtasida tafovut bor edi.”
Gulandon harbiylar hayotini ichkaridan kuzatar ekan, o‘zi ham harbiy bo‘lmoqchi ekanini kunlardan birida Jamshidga aytgan. Jamshid esa oilada ham ayol, ham erkak harbiy bo‘lishi avvalo bolalar hayotiga taʼsir qilishini unga tushuntirgan. Gulandom farzandli bo‘lganidan keyingina erining haqligini tushungan.
“Boshqa kelinlar qaynona va onasidan uzoqda bola parvarishida qiynalganini bilaman. Lekin men Samarqanddagi shifoxonaning chaqaloqlar bo‘limida hamshira bo‘lib ishlaganim qo‘l keldi. Lekin bozor-o‘charga chiqishda aravachada chaqaloqni birga olib chiqishga majbur bo‘lardim, qoldirib ketadigan odam yo‘q edi. Xo‘jayinimning bozorga borishga vaqtlari yo‘q edi”, – deb eslaydi Gulandon.
Bora-bora Gulandon boshqa harbiylarning ayollari, qoraqalpoq qo‘shni xotin-qizlar bilan ham yaqin dugona bo‘lib ketdi. Uning o‘zi ham qoraqalpoq tilida gapiradigan bo‘ldi.
Katta farzandi Jahongir va qizalog‘i Marjonaning tillari bog‘chada, qoraqalpoqchada chiqqan: “Bog‘cha yoshida edi. Samarqandga mehmonga borganimizda ikkisi bir uy qarindoshlar oldida urushib qolsa deng. Ular qoraqalpoqchasiga bir-birini ayblar, mehmonlar ular nima deyayotganini tushunmas edilar...”
Mamlakatning eng chekka hududidan keyin Jamshid va Gulandonning moʻjazgina oilasi Toshkentga o‘tkazildi. Jamshid harbiy akademiyada taʼlim bera boshladi. Shu yili Jahongir Mudofaa vazirligi qoshidagi maktabga 1-sinfga qabul qilindi. Keyin Marjonani ham shu maktabga berishdi.
Oila harbiylarga berilgan imtiyozli to‘lovli uyga ko‘chib o‘tguncha bir necha marta istiqomat joylarini almashtirdi. Lekin ular bolalar maktabidan uzoq bo‘lmagan hududdan uy topishga harakat qilishdi.
Sabrning tagi sariq oltin deydilar. Harbiylar uchun maxsus imtiyozli ipoteka uy ham olishdi. Yangi uyda yangi quvonchlar olib kelgan Farzona tug‘ildi. Bu vaqtda Marjona dastyor bo‘lib qolgandi, uy-ro‘zg‘or ishlarida, singlisi parvarishida qarashdi.
Jamshid nafaqaga chiqishidan keyingi faoliyati haqida to‘xtaladi:
“2018-yildan muddatidan avval pensiyaga chiqishim mumkin edi. Qoraqalqog‘istonda ishlagan bir yilim bir yarim yil deb belgilangan. Harbiyning maoshi yaxshi bo‘lgani uchun pensiyasi ham risoladagidek bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham o‘zimni bir necha boshqa sohalarda sinab ko‘rishdan erinmadim. Mana, bir firmada o‘z o‘rnimni topganimga amin bo‘ldim. Ishimiz qiziq, dehqonchilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.”
Gulandon esa Toshkentga kelgan yillarida 3-sonli Toshkent Tibbiyot Akademiyasi jamoasiga kelib qo‘shilgandi. Bugun ham u ahil jamoasi bilan birga. Tibbiy reabilitatsiya bo‘limiga kelib davolanadigan mijozlari orasida qoraqalpoq mijozlari kam emas. Ular “Guli qizimiz” deb ataylab izlab kelishadi. Darddan forig‘ bo‘lib qaytayotganda esa duolar qilishadi.
Qahramonimiz harbiy yorining ko‘ngliga qarab mazali-mazali ovqatlar tayyorlashni ham uddasidan chiqadi, bolalarining har biri bilan ularning xarakteri, qiziqishlariga qarab suhbatlashadi, yo‘naltiradi. O‘z ustida ishlashni ham yaxshi ko‘radi. Tibbiyot bo‘yicha qo‘shimcha kurslarni bitirdi. Haydovchilikni o‘rganib bo‘lgani bilan turmush o‘rtog‘i u uchun alohida avtomobil olib berdi.
“Harbiylikdagi faoliyatlari tugadi. Lekin oiladi harbiy intizom, faollik qoldi. O‘zim ham har kuni tongda bir xil vaqtda uyg‘onishga odatlanib qolganman. Nonushta tayyorlayman. Bolalar tushligini ham pishirib qo‘yaman. Keyin hammamiz birgalikda nonushta qilib, yo‘lga chiqamiz. Bolalarning birini bog‘chasiga, boshqasini maktabiga, yana birini qo‘shimcha kursiga tashlab ishga kelaman. Dadamiz ishxonalari yo‘li teskari yo‘nalishda. Shu sababli ular ishlariga o‘z mashinalarida yetib oladilar”, – deydi xonadon bekasi.
Gulandon harbiy xizmatchilarning xorijiy davlatga chiqishi taqiqlangani asosli talab ekanligini yaxshi tushunadi. Ammo oilasi bilan chet ellarga sayohat qilolmaymanmi deb xunob bo‘lganini kulib eslaydi. Turmush o‘rtog‘i nafaqaga chiqqanidan so‘ng, o‘tgan yozda juftlik Misrda bir hafta davomida sayohatda bo‘lishgan.
Bu yil Gulandon va Jamshid oilada yana bir quvonchdan umidvor. Maktabni bitirayotgan Jahongir moliya sohasida oliy taʼlim dargohiga kirish uchun qizg‘in tayyorlanayapti.
“Harbiy bilan yonma-yon yashagan ayolga berilgan tashvish-sinovlar intihosi rohat, desam balandparvoz tuyulmasin. Men turmush o‘rtog‘imning Vatan tinchligi uchun hissasi qo‘shilganidan, men oiladan turib ularni qo‘llaganimdan faxrlanaman”, – deydi Gulandon Ixsonova.
Xulosa o‘rnida
Qahramonlarimizning birortasi turmush qiyinchiliklaridan nolimadi, harbiyning ayoli bo‘lish qiyin demadi. Lekin samimiy suhbatlardan ularga oson bo‘lmagani, bo‘lmayotganini o‘zingiz ham ilg‘agandirsiz. Ammo hayotning o‘zi o‘ng‘ir-cho‘nqirlari, ulardan o‘tib olganingiz bilan qiziq emasmi?
Eng muhim gap: Biz osuda mamlakatda yashayapmiz. Qahramon ayollarimiz, ularning minglab dugonalari tinchlik posbonlarining tinchini qo‘riqlayapti.
Mustahkam Tangriyorova, jurnalist
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!