Maxsus komissiya ishchi guruhlari tomonidan atmosfera havosini ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida doimiy reyd tadbirlari davom ettirilmoqda. Maxsus komissiya vakili Ikrom Tagayev 24–29-noyabr kunlari o‘tkazilgan reyd natijalari haqida ma’lumot berdi.
Avval xabar berganimizdek, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antisiklon ta’siri kuchayib bormoqda va ushbu jarayon 5 dekabrgacha saqlanib turishi prognoz qilinmoqda.
29-noyabrdan boshlab sovuq antisiklon yanada kuchayib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishiga olib kelmoqda. Natijada kechasi sovuq, kunduzi esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilmoqda. Sovuq antisiklonlarga xos bo‘lgan ertalabki tumanlar kuzatilishi ehtimoli yuqori. Uzoq muddatli inversiya havodagi chang, tutun va mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasi oshishiga, shuningdek, quyuq tuman hodisalari ehtimoli kuchayishiga olib keladi. Mazkur jarayon havoda zarrachalarning yuqoriga ko‘tarilmay, past qatlamlarda to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi kunlarda atmosferaga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni kamaytirish bo‘yicha katta hajmda ishlar amalga oshirildi va hozirda ham davom ettirilmoqda. Maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahri va uning atrofida ifloslanish manbalarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 24–29-noyabr kunlari amalga oshirilgan tadbirlar natijasida:
Issiqxonalar bo‘yicha: — Jami 1 788 ta issiqxona o‘rganildi. — Ularning 73 tasining faoliyati to‘xtatildi. — 621 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. — 19 ta xo‘jalikka gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar berildi.
Qurilish obyektlari bo‘yicha: — Toshkent shahrida 53 ta, Toshkent viloyatida 477 ta noqonuniy qurilish obyektlari aniqlandi va 12 ta noqonuniy obyekt tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi. — 192 ta holatda atmosfera havosi ifloslantirilayotganligi va 266 ta qurilish obyektining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilmaganligi aniqlandi. — 40 ta obyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. — Atmosfera ifloslanishi holatlari bo‘yicha 215 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. — 54 ta qurilish obyektiga suv purkagich o‘rnatildi.
Avtotransport bo‘yicha: — Yukni ochiq holda tashigan 1 959 ta haydovchi, — Atmosferaga me’yoridan ortiq zarar yetkazgan 239 nafar haydovchi jarimaga tortildi. — 8 879 ta yuk tashish qoidalarini buzish, 1 080 ta yo‘l qoplamasini ifloslantirish holatlari bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi.
Qo‘shimcha ekologik tadbirlar: — Shahar bo‘ylab 183 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyi namlantirildi. — 288 km uzunlikdagi 137 km ariqlar tozalandi. — 126 ta favvora ishga tushirildi. — Toshkent viloyatidagi daryolardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlandi.
Ushbu kompleks choralar natijasida so‘nggi kunlarda havoning ifloslanish darajasi ma’lum darajada kamaydi.
Biroq hozirgi vaqtda mamlakatimiz sovuq antisiklon ta’sirida bo‘lganligi sababli, inversiya hodisasi kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda yig‘ilib qolishi qayd etilmoqda. Mazkur holat tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havoning tozalanish tezligini pasaytiradi.
Shu bois tegishli davlat idoralari tomonidan nafaqat qisqa muddatli choralar, balki uzoq muddatli yechimlar ustida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, maxsus komissiya tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlab, bartaraf etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari tun-u kun davom ettirilayotganini ma’lum qilamiz!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!