Jazoir parlamenti Nigerga harbiy xizmatchilar yuborish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Bu mamlakatning 1973-yildan beri ilk bor xorijda qo‘shin joylashtirish rejasi hisoblanadi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozircha harbiylar qachon va Nigerning qaysi hududiga yuborilishi, shuningdek, ularning soni haqida ma’lumot berilmagan.
Jazoir senatori Belkasem Bulgitining ta’kidlashicha, harbiylar mamlakatning Niger hududidagi iqtisodiy va strategik manfaatlarini, xususan, neft infratuzilmasini himoya qilish uchun yuboriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, missiya jangovar harakatlar olib borishga emas, balki iqtisodiy obyektlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Jazoirning davlatga qarashli Sonatrach energetika kompaniyasi Niger orqali Nigeriyadan Jazoirga tabiiy gaz yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi Trans-Sahro gaz quvuri loyihasida ishtirok etmoqda. Loyiha orqali Yevropa bozorlariga gaz eksport qilish rejalashtirilgan.
Ayni paytda G‘arbiy Sahel mintaqasida, jumladan, Niger, Mali va Burkina-Fasoda qurolli guruhlar hujumlari hamda hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlar xavfsizlik vaziyatini murakkablashtirmoqda. Mintaqada “Al-Qoida” va “Islom davlati” terrorchilik tashkilotlari bilan bog‘liq guruhlar ham faoliyat yuritadi.
So‘nggi vaqtlarda Jazoir va Niger o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilana boshlagani qayd etilmoqda. Avvalroq ikki davlat o‘rtasida diplomatik kelishmovchiliklar yuzaga kelgan, o‘tgan yili esa Sahel davlatlari Jazoir bilan bog‘liq mojaro ortidan elchilarini chaqirib olgan edi.
Hozircha Jazoir harbiylarini Nigerga joylashtirishning aniq muddati va ko‘lami ochiqlanmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!