Nukus shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari muloqot avvalida uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi ko‘payib borayotganini aytgan.
“Tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa, soliqchilar tushunib yetdi.
Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga o‘rgatilib, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha tub burilish yasaldi.
Olti oyda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi.
Bu – investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat, deyiladi xabarda.
Shuningdek, davlat rahbari ushbu raqamlarning birortasi 33 yillik tariximizda bo‘lmaganini qayd etgan.
“Hali imkoniyatlarimiz bundan karra-karra ko‘p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo‘lgan sizdek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor. Aholimiz 38 millionga yaqinlashib borayapti, ularning daromadi ham kundan-kunga ko‘paymoqda.
Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Mamlakatimiz mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat markaziga aylanib ulgurdi”, – dedi Prezident.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!