Tarmoqlarda Rossiyada o‘zbekistonlik migrant “OMON” kuchlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga rasmiy nota yuborilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida O‘zbekiston fuqarosining vafoti bilan bog‘liq holat O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, fuqaroning jasadini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining hududiy vakolatxonasiga notalar yuborilib, voqeani har tomonlama, xolis va qonuniy tartibda o‘rganish so‘ralgan.
Hozircha fuqaroning vafot etish sabablari bo‘yicha rasman tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq ma’lumotlar kelib tushishi bilan jamoatchilikka qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!