Samarqandda 6-oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2-oktyabr kuni bir necha shaxs tomonidan zo‘rlangani va ularga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Xabardor.uz’ga ma’lum qilishicha, olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan, Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, yana bir gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlangandan so‘ng 30-oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalari natijalariga ko‘ra, 31-oktyabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Tuzatish: Mazkur xabar kecha 13-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, qiz 23-sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan va 6-oktyabrda topilgan (avval aytilganidek, oktyabr va noyabrda emas).
Yuzaga kelgan xatolik uchun Bosh prokuratura va kuzatuvchilarimizdan uzr so‘raymiz.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!