Bugun, 24-may kuni Janubiy Koreya “Geonggi-do” taekvondo assotsiatsiyasi raisi Kim Kyong Dok boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov kutib oldi. Delegatlar tashrif davomida oʻzbek sportining boy tarixi bilan yaqindan tanishdi. Shundan soʻng tomonlar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
“Sizlarni Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida koʻrib turganimizdan mamnunmiz. Hurmatli Prezidentimizning eʼtiborlari bilan mamlakatimizda har bir sport turi qatori taekvondo ham jadal rivojlanib bormoqda. Bunda koreyalik taekvondo mutaxassislarining xizmatlarini alohida tilga olmoqchimiz. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz uchun ushbu sport turidagi ilk oltin medalni taqdim qilishimizda ularning mehnati katta boʻlgan. Kecha davlatimiz rahbari sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash mavzusida videoselektor yigʻilishini oʻtkazdilar. Taekvondoni yurtimizda yanada rivojlantirish borasidagi rejalarimiz bilan Prezidentimiz bergan topshiriqlar ijrosini taʼminlaymiz”, – dedi Sherzod Toshmatov.
Oʻz navbatida, mehmonlar ham O‘zbekistonda taekvondo rivoji yangi bosqichga chiqayotganini alohida taʼkidlashdi.
“Tashrifim davomida Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va bir qancha hududlarda boʻldim. Bu mamlakat menda juda iliq taassurot qoldirdi va Oʻzbekistondan ketishni istamayapman. Davlatingiz boy sport tarixiga ega. Tokio-2020 Olimpiadasida oʻzbekistonlik taekvondochining ilk bor oltin medalni qoʻlga kiritgani meni xursand qilgan edi. Milliy terma jamoa vakillarining mashgʻulotini kuzatganimda Oʻzbekistondan kelajakda ham koʻplab chempionlar yetishib chiqishiga amin boʻldim. Taekvondo sportida bunday iqtidorli kadrlar koʻp boʻlgan mamlakatingiz bilan har tomonlama hamkorlik qilish biz uchun yoqimli”, – dedi Kim Kyong Dok.
Xorijlik mutaxassis Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasining faoliyati Koreya Respublikasi taekvondo assotsiatsiyasi bilan oʻxshashligi, terma jamoamiz vakillarini Parij-2024 va Los-Anjeles-2028 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlashda oʻzaro hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini alohida urgʻuladi. Suhbatda hamkorlik doirasida oʻzbekistonlik trener va hakamlarning malakasini oshirish uchun ularni Koreya Respublikasiga yuborish, sport tibbiyoti, farmakologiya, diyetalogiya yoʻnalishlarida erishilgan soʻnggi muvaffaqiyatlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish mavzularida fikr bildirildi.
Yigʻilish yakunida MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov mehmonlar bilan uchrashib, ularning Qoʻmitaga tashrifidan mamnun ekani, kelgusida chuqur hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishdan xursand boʻlishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!