Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, san’at muxlislarini qizg‘in tabrikladi.Bu haqida Prezident matbuot kotibi xabar berdi.
– Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, - dedi Prezident.
Shuningdek, Prezident xonandaning benazir iste’dod va insoniy fazilatlarini e’tirof etdi.
Botir Zokirov “Myuzik xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgan, xonanda va kompozitor sifatida ko‘plab iste’dodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikamizda xizmat ko‘rsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir.
“Buyuk san’atkorning so‘nmas xotirasini e’zozlash, ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Prezident qarori qabul qilinib, 2021-yilda Botir Zokirovning 85-yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulug‘ hofiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli san’atkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek,Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan ko‘chaga u kishining tabarruk nomi berilgan. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etilgan. Endi bu yerda haykal o‘rnatilishi majmuaga yanada ko‘rk bag‘ishlagan.
– Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Marosimda Botir Zokirovning izdoshlari, san’at va madaniyat namoyandalari so‘zga chiqqan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!