Turkiyada yuqori daromadli ishga aldanib, og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga yordam berildi va u ortga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida yashab kelgan va oilaviy nizolardan uzoqlashishni istagan o‘zbekistonlik ayol Turkiyaga borgan. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanitgan Istanbulda yashovchi erkak ayolga malaka va til bilimi talab qilinmaydigan, yuqori maoshli ishni va’da qilib, uni ishchi vizasisiz u yerga olib borgan. Ammo keyinchalik yo‘l xarajatlari uchun qarzdorligini aytib, uning pasportini olib qo‘ygan va og‘ir sharoitlarda ishlashga majburlamoqchi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan konsulxonaga kelib tushgan murojaat asosida diplomatik vakolatxona hamda Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan. Olib borilgan tadbirlar natijasida fuqaro sog‘-omon holda O‘zbekistonga qaytarilgan. Shu bilan birga, yolg‘on va’dalar berib, uni aldashga uringan shaxsning harakatlari yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga tegishli ma’lumot taqdim etilgan.
“Aziz Vatandoshlar! Xorijdagi “oson pul” va yolg‘on va’dalarga aldanib, hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang. Yaqinlaringiz qadriga yeting va har qanday muammoni qonuniy yo‘l bilan hal eting”, – deyiladi konsulxona xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!