Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishmoqda.
Ushbu yangi shaharga 2023-yil 18-mart kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda Mirziyoyev u “yashil shahar” bo‘lishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.
Buning uchun ish hozirdan boshlanib, 50 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan. Prezident shu yerda bo‘lib, navnihollarni ko‘zdan kechirgan. Bo‘lajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sug‘orish va parvarishlash tizimi haqida ma’lumot berilgan.
Hozirda keyinchalik ko‘chirib o‘tkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.
Yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev ulardagi sharoitlar bilan ham tanishgan.
Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda to‘liq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar “open space” uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.
Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!