14-yanvar kuni soat 16:00 atrofida Toshkent shahri Olmazor tumani 3-Beruniy dahasidagi besh qavatli uyning beshinchi qavatida 3 yosh 11 oylik bola osilib qolgani va pastga tushib ketgani aks etgan videoxabar yuzasidan avval ma’lumot bergan edik.
Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylangan ushbu jarayonda bola uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib, pastga tushib ketgan. Lekin u aholi tomonidan pastda adyol yordamida tutib qolingan.
SSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Bolalar majmuasida malakali shifokorlar tomonidan 5-qavatdan tushib ketgan bolakay takroriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bola og‘ir jarohat olmagan va ahvoli yaxshi.
"Ushbu kutilmagan holatdan hali ham shokdaman. Farzandim shamollagani uchun bir muddatga uyda qoldirib, boshqa bolamni maktabdan olib kelish uchun chiqqandim. Shu orada, falokat oyoq ostida deganlaridek, bu voqea bo‘lib turibdi. Qo‘shni va shifokorlardan bolamning hayotini asrab qolishdagi beminnat yordami uchun juda ham xursandman", deydi bolaning onasi.
"Voqea yuzasidan 14-yanvar kuni soat 16:18 da chaqiruv bo‘lgan. Tez tibbiy yordam mashinasi 7 daqiqada yetib borgan. Birinchi yordam voqea joyida ko‘rsatilib, zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan hamda malakali shifokorlar tomonidan unga sifatli davo choralari qo‘llanilgan edi", deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!