Genetika – garchi yangi fan bo‘lishiga qaramay oxirgi o‘n yillikda juda ko‘p yangiliklar qildi. Xususan, gen orqali aynan qaysi xislatlar bolaga o‘tishi qayta-qayta tadqiq qilindi.
Bugun biz ota-onalarning kasalligi bolaga gen orqali o‘tadimi, aqliy qobiliyat farzandga kimdan meros bo‘lib qoladi, kabi bir qator savollarga javob izlab ko‘ramiz.
Tabiiyki, atrof-muhit bularning barchasida o‘z izini qoldiradi. Shuning uchun biz faqat ayrim irsiy belgilarning namoyon bo‘lishi haqida fikr yuritamiz.
Onasidan burni, otasidan qulog‘i
Yaqinda olimlar interaktiv yuz xaritasini yaratdi. Unda meros bo‘lib o‘tadigan a’zolar katta ehtimollik bilan ko‘rsatildi. Buning uchun mutaxassislar mingdan ortiq egizaklar yuzlarining 3D modellarini yaratishdi. Natijada, bolalar ota-onasidan burun, iyak va yanoqlar shaklini meros qilib olishlari ma’lum bo‘ldi.
Gen jihatdan biz ko‘proq otalarimizga o‘xshaymiz.
Ha, biz 50 foiz genni onamizdan, 50 foizini esa otamizdan olamiz. Biroq genlar ekspressiyasi degan tushuncha ham mavjud. Ya’ni, ayrim DNK o‘zini namoyon etishi, ayrimlari esa yashirin holda bo‘lishi ham mumkin. Aniqlanishicha, onalarning 40 foiz geni faol bo‘ladi, otalarda esa bu ko‘rsatkich 60 foiz.
O‘g‘il yoki qiz tug‘ilishi kimga bog‘liq?
Bolaning qaysi jins ostida tug‘ilishi faqat otaga bog‘liq. Ona o‘zining X-xromosomasini barcha bolalariga o‘tkazadi, ota esa yoki X-xromosomasini, yoki U-xromosomasini berib, farzandining o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini ta’minlaydi.
Agar erkakning opa-singillari ko‘p bo‘lsa, undan qiz farzand tug‘ilish ehtimoli yuqori. Va aksincha, otaning aka-ukalari ko‘p bo‘lsa, undan ko‘proq o‘g‘il farzand tug‘iladi.
Aql-chi? Aql kimdan o‘tadi?
Onaning genlari ma’lum darajada bolaning intellekt darajasini ta’minlab beradi. 12 mingdan ortiq inson ishtirok etgan tadqiqot natijasida otalar ko‘proq birlamchi instinktlar: tajovuz hamda ochlik darajasini farzandlariga o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi.
Onaning DNKsi esa bolaning intellektual rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ammo, bolaning kim bo‘lishi 40-60 foiz genga bog‘liq. Qolgan ko‘nikmalar esa ona tarbiyasi, yaqinlar munosabati va atrof-muhit ta’siri ostida shakllanadi.
Qon guruhi va irsiy kasalliklar
Garvard universiteti olimlari bir qator tajribalardan so‘ng manfiy rezus-faktorli AB (IV) Rh qon guruhiga ega odamlarning jiddiy kasalliklarga chalinish xavfi yuqori, degan xulosaga kelishgan. Ushbu qon guruhi egalarida xotira va fikrlash bilan bog‘liq muammolar ko‘p uchraydi. Ular ko‘pincha insult va demensiyadan aziyat chekishadi. Va bu qon guruhi egalarining aqliy zaiflikka chalinish ehtimoli 82 foizga yuqoriligi ham tasdiqlandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!