Ba’zida onalar bolalarining ovozidan, xarxashalaridan yarim soat bo‘lsa-da dam olishni istashadi. Yo‘lda yurganda esa ularning injiqliklari juda ortiqchalik qiladi. Bunday vaqtlarda ko‘pchilik bolani multfilm bilan chalg‘itishga harakat qiladi. Biroq, bola vaqtini chog‘ qilishning yana bir qancha usullari mavjud.
Bugungi kunda bolalarning telefondan foydalanishi oddiy hol bo‘lib qoldi. Endi bunga chek qo‘yishning hech imkoni yo‘q. Undan ko‘ra, texnologiyadan unumli foydalanish yo‘llarini topish kerak. Birinchi galda, bolani planshetdan qancha vaqt mobaynida foydalanyotganiga ahamiyat bering. Undan ham muhimi esa, farzandingizning telefonda nima qilayotganiga e’tibor qarating. Quyida bu borada yana bir qancha maslahatlar berib o‘tamiz.
Audio ertaklarni tinglash
Buni Telegram ijtimoiy tarmog‘ida amalga oshirish mumkin. U yerda tarixiy va zamonaviy ertaklarning audiosi qo‘yib boriladigan kanallar mavjud. Masalan, “Ertaklar.uz”, “Audio ertaklar” kanallarida yoshligingizda ko‘rgan multfilmlaringizdan tortib, yangi texnologik qahramonlarga ega bo‘lgan multseriallarni topishingiz mumkin.
Rasm bo‘yash
Bolalar rangli qalamlar bilan turli rasmlarni bo‘yashni yaxshi ko‘rishadi. Bu mashg‘ulot avvallari qog‘oz va qalam yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda buni telefondagi maxsus ilovalar yordamida yanada qiziqarli qilishning imkoni bor. Buning uchun internetdan ilovani yuklab (“Raskraska” deb yozib “qidiruv” tugmasini bosasiz) olishning o‘zi kifoya. Farzandingizga bu mashg‘ulot yoqishi aniq. Bundan tashqari, ilovadagi bitta rasmni bo‘yashga ko‘p vaqt ketadi. Bu ancha vaqtgacha “qulog‘ingiz tinchishi”ga imkon beradi. Ammo, bolaga telefondan foydalanish me’yorini aniq belgilab berishni unutmang. Aytgancha, rasmlarni bo‘yash o‘zingizga ham yoqib qoladi. Ayniqsa, stress vaqtida ular sizga ko‘makchi bo‘la oladi.
Multfilmlarni to‘g‘ri tanlash

Bola video qidirganida internet olamidagi bo‘lmag‘ur videolar ham chiqib kelishi mumkin. Bu uning tarbiyasiga jiddiy ta’sir qiladi. Oldini olish uchun esa video qidirishdagi turli kategoriyalarni aniq qilib belgilab qo‘ying. Masalan, videoni farzandingizning yoshi va qiziqishiga qarab tanlanadigan qilib qo‘ysangiz, har xil videolar chiqaverib asabingizni buzmaydi.
Ta’lim o‘yinlarini o‘ynash
Telefon va planshetdagi ba’zi o‘yinlar foydali bo‘lib, ular yordamida, hatto, maktabga tayyorlanish ham mumkin. Buning uchun o‘yin tarkibi, kognitiv vazifalari va mashqlari bilan yaxshilab tanishib chiqish zarur. Masalan, “Skazbuk” o‘yin ilovasi bolani o‘ylashga va tahlil qilishga o‘rgatadi, hissiy aqlni rivojlantiradi, arifmetikani, o‘qish va ingliz tilini dastlabki bosqichda o‘zlashtirishga yordam beradi.
Rassomchilik va tikuvchilikni o‘rganish
Onlayn maktablar (masalan, “SkillBerry” yoki “Lil School”) sizga chizishni va ijodiy fikrlashni o‘rgatadi. Shuningdek, bularni uydan chiqmasdan turib o‘rganish mumkin! Unda siz multfilm qahramonlarini chizishni, qog‘ozdan yasashni, tikishni o‘rganasiz. Bundan tashqari, u yerda bayram kunlarida yoziladigan tabriknomalarni ham o‘rgatishadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!