
Ramazon oyi eng kutilgan oy bo‘lib, har bir musulmon uchun katta ahamiyatga egadir. Ramazonda tong otgandan to kechgacha ovqat va ichimlikdan bosh tortiladi. Parvardigorning cheksiz marhamati bilan, mo‘min uchun yozilgan hamma narsa, ham ruhiy, ham jismoniy qadr-qimmatga ega hisoblanib, hatto ro‘za tutishdagi talab va odatlarning ham ruhiyat va tanaga foydali jihatlari bisyordir. Quyida shular haqida so‘z boradi.
Ro‘zaning tana uchun foydasi
Avvalambor diyeta va ro‘zani farqlab olish kerak. Diyeta ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va qondagi shakar miqdorini kamaytirishda yordam beradi. Diyetada aks ta’sirlar mavjudligi sababli, shifokor nazorati ostida amalga oshirilishi kerak. Ramazonda ro‘za tutganda esa, to‘yib ovqatlanmaslik yoki ortiqcha kaloriya iste’mol qilib yuborish holatlari uchramaydi, chunki saharlik va iftorlikda tanovul qilinadigan taomlar miqdorida cheklovlar yo‘q.

Bundan tashqari, taroveh (Ramazon oyida xuftonning sunnati va vitr namozi o‘rtasida o‘qiladigan namoz) o‘z vazifasini bajaradi, bu oziq-ovqat metabolizmiga yordam beradi. Bunday ibodatda barcha mushaklar mashq qiladi va kaloriya sarflash nuqtai nazaridan “yumshoq jismoniy mashq” deb tavsiflanadi.
Ro‘za holatida organizm tomonidan uglevodlarni iste’mol qilish jarayoni juda ko‘payib boradi, bu qondagi shakar miqdori va insulinni pasayishiga olib keladi. Ro‘za paytida yog‘ qatlamlaridagi yog‘lar tananing energiya ehtiyojlari uchun sarflanadi. Ro‘za ovqat hazm qilish tizimi va markaziy asab tizimiga jismoniy jihatdan yordam beradi, shuningdek, metabolizmni me’yorga keltiradi.
Ramazon oyida ro‘za tutish yomon odatlardan voz kechishga olib keladi, natijada tana tozalanadi. Ushbu davr biror foydali mashg‘ulotni odat tusiga kiritish uchun eng yaxshi muddat hisoblanadi, chunki uning ta’siri Ramazon oyidan keyin ham davom etadi.

Ruhiyat uchun foydasi
Ro‘za tutishning ruhiyat borasida ham ahamiyati beqiyosdir. Bu davrda tuhmat, g‘iybat, g‘azabni ifodalash va har qanday salbiy hislarni namoyon qilish qat’iyan man etiladi. Shunday qilib, Ramazonda mo‘minlar orasida tinchlik va osoyishtalik hukm suradi. Ramazon oyi o‘z-o‘zini boshqarish va tarbiyalash oyidir.
Islomda farzlar aniq belgilangan bo‘lib, bu insonlarni ortiqcha narsalardan himoya qiladi va biz yashayotgan xaos (betartiblik)ni qandaydir ma’noda xalos bo‘lishga yordam beradi. Insonlar uchun ro‘za bejizga farz amal (majburiy) qilib qo‘yilmagan. Ro‘za orqali 720 soat davomida nafsimizga tanamizda aslida kim hukmron ekanligini isbotlaymiz. Shuningdek, ro‘za tutish bizda quyidagi sifatlarni shakllantiradi.
Intizomni shakllantiradi
O‘z-o‘zini tarbiyalashning bunday turi bizni o‘zimizni qo‘lga olishga va yana-da muhimroq narsalar haqida o‘ylashga hamda qat’iy intizomga o‘rgatadi. Intizom nafaqat Yaratganga yaqinlashtiradi, balki bizni bu dunyoda yana-da muvaffaqiyatli qiladi. Darhaqiqat, intizom muvaffaqiyatning asosiy garovidir. Haqiqiy musulmon o‘zini boshqaradi va nafsi o‘zining ustidan hukmronlik qilishiga yo‘l bermaydi.

Sabr qilishni o‘rgatadi
Zamonaviy dunyoda biz juda katta ma’lumot oqimiga duch kelmoqdamiz – reklamalar, belgilar, turli xil ommaviy axborot vositalaridagi yangiliklar va h.k. Ushbu ma’lumotlarning barchasi bizning ongimizga kirib boradi va bizni kerakli, ammo ko‘p hollarda mutlaqo befoyda ma’lumotlar bilan to‘ldiradi. Natijada, bu kabi to‘ldirilish bizni stressli holatlarga olib keladi va yana-da kuchsiz qiladi. Ro‘za bizni yana-da sabrli bo‘lishga, tajovuzkor munozaralardan qochishga undaydi. Sabr har bir musulmon ega bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim fazilatdir.
Isrofga qarshi kurashiladi
Bugungi kunda ko‘p insonlar ochlikdan emas, ochko‘zlikdan aziyat chekishmoqda. Ikkilanmasdan issiqqina nonni sotib olamiz, chunki uydagi kecha sotib olinganini suvi qochgan-da! Yangi taom tayyorlash uchun qozondagi tayyor sho‘rvani to‘kib yuboramiz, chunki muzlatgichimiz ovqat bilan to‘lgan.

Biz ro‘za tutganimizda esa, ishtaha bilan kechagi suvi qochgan nonni ham yeyishga tayyor bo‘lamiz. Uyimizdagi har bir taomni qadrlashni boshlaymiz. Nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik va kechki ovqatgacha bo‘lgan vaqt davomida biror nimani tamaddi qilib olishga ehtiyojimiz yo‘qligini tushunamiz. Ongimiz ravshanlashadi va kun davomida faol bo‘lishimiz uchun yengil tamaddining o‘zi yetarli ekanligini tushunib yetamiz. Ramazon kelishi bilan ortiqcha ovqatlar tufayli nafaqat oshqozonimizga, balki hamyonimizga ham zarar qilayotganimizni tushunib yetamiz.
Shubhasiz, oy oxirida siz atrof-muhitga bo‘lgan munosabatingizda o‘zgarishlarni sezasiz. Boshqalar haqida o‘ylashni boshlaysiz, kichiklarga qanoat qilasiz, sabrli bo‘lasiz. Tanangiz qattiq tartib-intizom rejimiga o‘rganib qoladi va bu sizning hayotingizdagi tartibni tiklashga yordam beradi.
Guljahon Sanjarbekova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!